Tarixda oʻtgan buyuk allomalarimiz qatorida, Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham oʻz davrida kitobni juda qadrlagan. Sohibqironning kitobga boʻlgan mehr va munosabatini, uning yozib qoldirgan quyidagi soʻzlaridan ham anglab olish mumkin: “Kitob barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir” yoki “ Yozilgan kitob avlodlar xotirasi uchun qilingan barcha narsalardan koʻproq va uzoq yashaydi”.
Tarixiy manbalar guvohlik berishicha, moziyda oʻtgan koʻplab hukmdorlar zabt etilgan yurtning maʼnaviy boyligi boʻlgan kitob va qoʻlyozmalarni yoqib yuborib, faqat moddiy boyliklarini toʻplab, oʻz yurtlariga olib ketgan. Amir Temur bobomiz esa aksincha, qaysi yurtda boʻlmasin, kitob va qoʻlyozmalarni toʻplab, asrab-avaylagan holda Samarqandga joʻnatgan. Bundan maqsad, Samarqandni dunyoning eng yirik madaniy markaziga aylantirish boʻlgan. Chunki u fan va madaniyat arboblari, hunarmandlar bir joyga jamlansa, kitob va qoʻlyozmalarga boy kutubxonalar qancha koʻp boʻlsa, mamlakatda ilm-fan va madaniyat shuncha tez rivojlanadi, deb hisoblagan. Bu xaqda tarixchi ibn Arabshoh shunday yozib qoldirgan: “Temur qaysi davlatni zabt etsa, har bir foydali jonni yigʻib, nimaiki sara boʻlsa, Samarqandga keltirdi. Albatta, tarixchi “foydali jon” deganda, avvalo, ilm va ijod ahlini, “sara narsalar” deganda noyob kitob va qoʻlyozmalarni nazarda tutgan.
Tarixiy maʼlumotlar guvohlik berishicha, Amir Temur oʻz askarlariga fath etilgan mamlakatning olimu fuzalolari, diniy ulamolar va diniy maskanlarga, (qaysi din boʻlishidan qatiy nazar-K.S.) yuksak isteʼdod va hunar egalariga zarracha ziyon-zahmat yetkazmaslik toʻgʻrisida buyruq bergan. Shu bilan bir qatorda, oʻsha xalqning bebaho boyliklari hisoblangan nodir kitob va noyob qoʻlyozmalariga zarar yetkazmaslikni shart qilib qoʻygan. Aytib oʻtish joizki, Amir Temur saltanatida oʻz davrining eng katta va boy kutubxonalari – “Dor ul-kutub” (Kitoblar uylari) mavjud boʻlib, ushbu kutubxonalar nodir kitoblar va noyob qoʻlyozmalar bilan toʻldirilgan. Ularni saqlashga, asrab-avaylashga katta eʼtibor berilgan. Ushbu bilim xazinalarini muttasil yangi qoʻlyozmalar bilan boyitib borish toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, bu maqsad uchun gʻaznadan kerakli mablagʻ ajratib turilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Amir Temurning Samarqanddagi saroy kutubxonasida yunon, lotin, fors, suriya, arman va boshqa tillardagi eng noyob qoʻlyozmalar saqlangan. Jahon madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan koʻplab olimu fuzalolar bu kutubxonadagi kitoblardan bahramand boʻlgan. Ulardan biri Ulugʻbek va Alovuddin Ali Ibn Muhammad (Ali Qushchi) ning ustozi, Samarqandga Bursadan kelgan alloma Qozizoda Rumiy boʻlgan. Eʼtiborli tomoni shundaki, millati, diniy eʼtiqodi va qaysi yurtdan boʻlishidan qatiy nazar, ilmga mushtoq har bir inson Sohibqiron kutubxonasida saqlanayotgan kitob va qoʻlyozmalardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan. Bu esa oʻz oʻrnida, Amir Temur bobomizning naqadar bagʻrikengligi va saxiy qalb egasi ekanligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham, qariyib yetti asr boʻlibdiki, dunyo ahli Sohibqiron Amir Temur faoliyati va u qoldirgan boy maʼnaviy merosga murojaat qilib, oʻzini qiziqtirgan savol va muammolarga javob topishga intiladi. “Temur tuzuklari”ni oʻqib oʻrganishga boʻlgan qiziqish haligacha soʻnmagani, aksincha yanada kuchaygani ushbu fikrlarimizni toʻla tasdiqlaydi. Demak, barchamiz, ayniqsa, yoshlar kitob va maʼnaviyat ahliga qilinishi lozim boʻlgan munosabatni ulugʻ ajdodlardan oʻrganishi, ular qoldirgan maʼnaviy merosni asrab-avaylashi hamda yanada boyitishi maqsadga muvofiqdir.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda kitobxonlik va kitob mutolaasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Qator qaror va farmonlar eʼlon qilinib, ijroga yoʻnaltirildi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan hayotga tadbiq etilayotgan barcha qaror va farmonlar, tavsiya va koʻrsatmalar yoshlarni kitob mutolaasiga jalb etishda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda yurtimizda kitobxonlikni kuchaytirish yuzasidan “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga eʼtibor” shiori ostida “Men sevib oʻqigan kitob” va “Eng yaxshi kitobxon” respublika tanlovlari, “Kitob bayrami” va “Bolalar kitoblari” anʼanaviy respublika festivallari oʻtkazib kelinmoqda. Aytish joiz, bugun yurtimiz barqaror rivojlanib, odamlar turmush darajasi tobora yuksalib bormoqda. Oʻzbekistonni jahon tanimoqda. Xalqaro jamoatchilik olib borilayotgan siyosat timsolida Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlini, uning bugungi hayoti, turli sohalarda erishayotgan yutuqlari va yorugʻ kelajagini koʻrmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda ilmiy, madaniy va iqtisodiy uygʻonish sodir boʻlmoqda. Shu bois, barchamiz bugungi kunda mamlakatimizda Uchinchi Renessansga tamal toshi qoʻyildi deb baralla ayta olamiz.
Zero, mamlakatimizda shiddat bilan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning zamirida inson manfaati, xalqimiz, ayniqsa yoshlar manfaati yotganini, bu oʻzgarishlarning dastlabki natijalari esa xalqimiz hayoti va kundalik turmushida oʻzining yorqin ifodasini topayotganini har bir qalb koʻzi uygʻoq inson koʻrib turibdi. Hozirda barcha dolzarb muammolar, qaysi soha yoki yoʻnalishda boʻlmasin, xalqimiz bilan ochiq muhokama qilinib, ularning yechimi topilmoqda. Eʼtiborli tomoni shundaki, qabul qilinayotgan qaror va farmonlar xalqimizning fikr-mulohazalari, takliflari va murojaatlari asosida hayotga tatbiq qilinmoqda.
Eng asosiysi, odamlarda isteʼmol madaniyati shakllandi, murojaat madaniyati mustahkamlandi. Ular “xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”ligini anglab yetdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur oʻrin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratmoqda. Ushbu gʻoya davlat va nodavlat idoralarining faoliyati mezoniga aylandi. Asosiy eʼtibor xalqning ogʻirini yengil, bir soʻz bilan aytganda, uni rozi qilishga qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, xalqimiz, ayniqsa yoshlar bir narsani hech unutmasligi lozim. Bugungi kunda barchamiz Yangi Oʻzbekistonda yashayapmiz. Demoqchimizki, yangicha fikrlash, yangicha tafakkur qilish vaqti keldi. Azaldan xalqimiz yaxshilikka intiluvchi, yaxshilikni qadriga yetuvchi, yaxshilikni sevguvchi xalq sifatida eʼtirof etib kelingan.
Endi dunyo xalqlari tomonidan aytilgan va aytilayotgan ana shu yuksak eʼtiroflardan bebahra qolmaslik uchun, ulugʻlarimiz taʼkidlaganidek: Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlarni ilmli, maʼrifatli va maʼnaviyatli qilib tarbiyalash hamda ularni Sohibqiron Amir Temur singari ulugʻ ajdodlar maʼnaviy merosidan bahramand qilish zarur. Ana shunda milliy yuksalish bobida yanada yuqori marralarni egallab, buyuk ajdodlarga munosib voris boʻla olamiz. Buning uchun mustaqil yurtimizda, Yangi Oʻzbekistonimizda barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud.
Komiljon SULTONOV,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi