90 kunlik oʻzgarish — yangi tizimda xodimlar maoshi ham, inson qadri ham oshadi

    Uyim darvozasidan hovlining narigi tomonidagi ijodxonamgacha boʻlgan masofa ellik qadam. Agar salt yurish qilsangiz, qirq qadamga yetmaydi. Har kuni kechki ovqatdan soʻng shu oraliqda bir soat yuraman.

    Piyoda yurish sogʻliqqa foyda ekanini taʼkidlamasam ham yaxshi bilasiz. Hozir bu haqda aytilgan gaplarni takrorlab vaqtingizni olmoqchi emasman.

    Toʻgʻri, sogʻligʻimni oʻylab piyoda yurishni boshladim. Shu bois, birga yurish uchun katta qizim va oʻgʻlimni qistovga oldim. Uyimizda sogʻlom turmush tarzi targʻib qilay, dedim-da! Qolaversa, yoʻlga chiqsang, yoʻldoshli chiq deb bejiz aytilmagan. Ammo hozir gap bu haqda emas. Muddao shu: yoʻl — hovlimizdagi ellik qadamlik masofani bosib oʻtish jarayonida anglagan haqiqatlarim, his etgan va koʻng­limdan tilimga koʻchayotgan fikrlar haqida gurung­lashsam, deyman.

    Gurung deganda biz odatda oʻtgan-qaytgan gaplardan gaplashib oʻtirishni tushunamiz. Nazarimda, uning mohiyati biz tushungandan koʻra teranroq. Axir donishmandlardan biri: “Gapir, men seni koʻrayin”, deb bejiz aytmagan. Inson soʻz, muloqot orqali yanada yaqindan tanishadi. Keling, maqolamiz avvalida muloqot va uning natijasi haqida fikr almashsak. Yangi Oʻzbekis­tondagi islohotlar avvalida aholi bilan muloqot qilish birinchi oʻringa qoʻyildi. Bu yigʻilib qolgan masalalarni puxta oʻrganish, ularga taqdim etiladigan yechimning hayotiyligini taʼminlashda juda muhim edi. Oʻsha vaqtda koʻplab sohalar qatorida davlatimiz rahbari tibbiy xizmat koʻrsatishni ham tubdan isloh etishga muhtoj ekanini taʼkidlagandi. Shundan soʻng tibbiyotda korrupsiyani yoʻqotish, texnik bazani yangilash, xususan, tez yordamning oʻz vaqtida barcha hududlarga birdek yetib borishini taʼminlashga jiddiy eʼtibor berildi. Birgina misol, 2017-yil 16-mart kuni Prezidentimizning ­“Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”dagi farmoni qabul qilindi. Sohadagi oʻzgarishlarga shu kabi hujjatlar bilan huquqiy asos yaratildi.

    Oʻshangacha boʻlgan davrni eslang. Olis qish­loq va ovullarga tez yordam mashinasi deyarli bormasdi. Mabodo borib qolguday boʻlsa ham qishloqning chang, loy va asfalti oʻydim-chuqur boʻlib qolgan koʻchalarida sogʻ odamni ham kasal qiladigan “Damas” borardi. Yana bir muhim jihati, ushbu mashinaning yoqilgʻisi uchun bemordan haq undirish odatiy hol edi. Dori-darmon, umuman, xizmat sifati haqida gapirmasa ham boʻladi. Dastlabki oʻzgarishlar sabab tez yordam ancha yaxshilandi. Buning bosh omili insonlar bilan muloqot, jaydari qilib aytganda, oddiy odamlar bilan boʻlgan gurunglar samarasi edi.

    Yangi davrga xos dadil qadamlar

    Taraqqiyot bir joyda toʻxtab turmaydi. Har qaysi soha har kuni isloh qilinmas, mutaxassislar zamondan bir qadam oldinda boʻlishga intilmas ekan, erishilgan natijani ushlab turish oson boʻlmaydi. Bugungi global dunyo mamlakatlar, jamiyatlar oldiga yuksalishning ogʻir shartlarini mana shunday talabchanlik bilan qoʻymoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimiz raisligida tibbiyotning birlamchi boʻgʻini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish, dori vositalari isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ana shu talabga munosiblik yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Ushbu yigʻilishda belgilab olingan vazifalar, berilgan topshiriqlar soha masʼullarini davr bilan hamqadam boʻlishga undagani ham rost.

    Soʻnggi 7 yilda tibbiyotga ajratilayotgan mablagʻ 6 karra oshgan. Xususan, joriy yilda 42 trillion soʻmga yetgan. Bunday katta miqdordagi mablagʻ faqat yangi mashina olishgagina sarflanayotgani yoʻq. Masalan, mahalladagi birlamchi boʻgʻin bilan ixtisoslashgan xizmatlarni bogʻlaydigan kompleks tizim yaratildi. Buning uchun shunga mos binolar qurildi, taʼmirlandi, tibbiy texnika olib kelindi. Natijada avval faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyot viloyat va tumanlarda ham oʻtkazilmoqda. Deylik, bir paytlar buyrak koʻchirish uchun Toshkentga kelish va uzoq navbat kutish kabi sunʼiy toʻsiqlar bor edi. Bugun bu amaliyot viloyatlarda ham bajarilmoqda. Bir vaqtlar bemorlar poytaxtga kelgan boʻlsa, bugun malakali mutaxassislar hududlarga borib xizmat koʻrsatyapti. Bu aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish barobarida joylardagi mutaxassislar bilan markazdagi vrachlar oʻrtasida oʻziga xos ustoz-shogird anʼanasiga ham zamin yaratdi.

    Har bir soha kadrlar, aniq­rogʻi, ishining ustasi boʻlgan mutaxassislar sabab yuksaladi. Bu isbot talab etmaydigan haqiqat. Mamlakatimizda tibbiyot xodimlari oʻrnini alohida taʼkidlash kerak. Hatto hamshiralik qilish uchun xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarimiz bor. Ular ­masʼul vazirlik va idoralar tashabbusi bilan ­Yevropa davlatlarida bugun hamshira boʻlib ishlayapti. Endi quyidagi raqamlarga eʼtibor qiling. Mamlakatimizda har oʻn ming aholiga 27 nafar shifokor toʻgʻri keladi. Qiyos­lash joiz boʻlsa, bu AQSH, Buyuk Britaniya, Finlyandiya bilan bir xil koʻrsatkich. Turkiya va Kanadada bu raqamlar 1,5 baravar kam. Koʻrinadiki, kadr­larning miqdori borasida muammo yoʻq. Ammo sifat-chi?

    Sifat haqida gap ketganida, masalaning bir necha jihatiga eʼtibor berish zarur. Masalan, ayrim tibbiyot xodimlari yetarlicha malakaga ega emas. Boshqalari esa zamon bilan hamqadam boʻlishda qiynalmoqda. Yoki oʻzini qiynashni istamaydi. Buni loʻnda qilib fidoyilikning oqsashi, deyish mumkin. Oʻrni kelganda aytib ketay, bu faqat tibbiyot xodimlariga tegishli ogʻriqli masala emas. Jamiyatimizda fidoyi insonlarga sezilarli ehtiyoj bor. Buning oʻzi alohida mavzu va tahlilni talab qiladi.

    Yana bir muhim jihat — aholi orasida tibbiy bilim yetishmasligi, oq xalatli kishi nima desa, ishonib ketaverish. Buning hayotiy tajribasini ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻrib-kuzatib turibmiz. Ayrim kimsalar yaratilgan imkoniyatlarni suiis­teʼmol qilib, mutaxassisligi boʻlmagan yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatib, odamlar sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazadi.

    Qolaversa, sogʻlom turmush tarziga koʻpchiligimiz amal qilmaymiz. Toʻgʻri ovqatlanish nari tursin, ichayotgan dorilarimiz tarkibi, uning foyda va zararini oʻylab ham koʻrmaymiz. Shu orqali tibbiyot xodimining dorixona egasi bilan tuzgan shaxsiy biznesiga beminnat xizmat qilamiz. Bu bevosita jamiyatimizdagi tibbiy madaniyatning ogʻriqli nuqtasi.

    Darvoqe, tibbiy madaniyatimiz qanchalik shakllanganiga yana bir fakt: yurtimizda yuqumli boʻlmagan kasalliklar iqtisodiyotimizga har yili 1 milliard dollar zarar keltirishi hisob-kitob qilingan. Tez yordamdagi jami chaqiruvlarning toʻrtdan biri surunkali kasalliklari bor bemorlarga toʻgʻri kelmoqda. Masalan, Fargʻonadagi 12 ta mahallada oʻtkazilgan oʻrganishda har 10 bemordan 8 nafari oilaviy shifokorni chetlab oʻtib, shifoxonaga yoki xususiy klinikaga borayotganini aytgan. Xorazmda esa bemorlar oilaviy shifokorni emas, tez yordamni afzal koʻryapti. Sodda qilib aytganda, tez yordam xuddi poliklinikadek boʻlib qolgan.

    Maqolamiz avvalida tez yordamning xalqchil boʻlishi taʼminlanganini aytgan edik. Yuqoridagi koʻrsatkichlar jamiyatimizdagi tibbiy madaniyat sabab bu tizim ortiqcha bosim bilan ishlaydigan joyga aylanib qolganini koʻrsatadi. Dastlabki islohotlardan bunday maqsad koʻzlanmagan edi. Yaʼni tez yordam birinchi va tezkor yordamni koʻrsatadi. Ammo surunkali kasallarni davolamaydi. Butun dunyodagi tajribaga koʻra, u yoʻnaltiruvchi dastlabki punktdir. Demak, soha yangi davrga xos yangicha islohotlarni talab qilmoqda.

    Davlatimiz rahbari oʻtkazgan yigʻilish mana shunday masalalarga yechim berishi bilan ahamiyatli boʻldi.

    Qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

    Yigʻilishda soha istiqbolini belgilashdagi muhim omil tilga olindi. Yaʼni unda koʻrib chiqilgan masalalar, demak, bizni kutayotgan yangi islohotlar boʻyicha salkam ikki yil tayyorgarlik koʻrilgan. Jarayonga xorijning ilgʻor tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingan. Bu aytilayotgan har fikr, belgilab berilayotgan topshiriqlar puxta reja asosida qilinayotganidan dalolat. Yuqorida aytganimizday, ikki yil muloqotlar orqali soha odamlari va oddiy xalq vakillarining bugungi holati oʻrganilgan. Kengashli toʻy tarqamas, degan naqlga amal qilingan. Bu bizga soha tubdan oʻzgarishiga ishonch beradi. Yigʻilib qolgan masalalarning yechimini esa davlatimiz rahbari qisqacha bunday bayon etdi: “Agar birlamchi boʻgʻin, raqamlashtirish va sugʻurtani joyiga qoʻysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy koʻnikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning oʻzi orqali koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz”.

    Shu bois, endi birlamchi boʻgʻinda tibbiy xizmat sifatini oshirish boʻyicha yangi tizim boʻladi. Davlatimiz rahbari buni Ishtixon tumanidagi Oʻzbekiston poliklinikasi misolida tushuntirib berdi. Ushbu tibbiyot maskaniga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati boʻsh.

    Kafolatlangan paketga zarurati puxta oʻylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois, poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi.

    Eng koʻp murojaat bolalar kasalliklariga toʻgʻri kelmoqda. Lekin yuqorida aytilganiday, oilaviy shifokorlarda koʻnikma yetishmasligi oqibatida ular pediatr vazifasini toʻliq bajara olmayapti. Tugʻuruq yoshidagi 9 ming ayol uchun bor-yoʻgʻi 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan.

    Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasallik­larni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish boʻ­yicha tibbiyot brigadalarining ishi koʻrinmayapti.

    Shu oʻrinda bir voqea esimga tushdi. Bolaligimda qishlogʻimiz hamshirasi haftaning har juma yoki dushanbasida uyimizga kelardi. Qoʻlida daftar, egnidagi oq xalat bilan kelgan hamshira xola diqqatini bir joyga jamlab yozishni boshlardi: “Qaynatilgan suv — bor...”.

    “Ha, bor-bor”, deydi onam tasdiq maʼnosida bosh chayqab.

    “Hovli toza, xlor... bor, — deydi hamshira xola gapida davom etib. — Idishlar, oshxona toza”.

    U aytganlarini daftarga koʻchirib, onamga imzolatadi. Keyin uyda kasallar bor-yoʻgʻini soʻraydi. Bunday vaqtda qaysi oʻzbek kasalman deb “sogʻ” boshiga gʻavgʻo sotib oladi! Albatta, isitmasi oshkor qilmaguncha mum tishlanadi. Oʻtib ketadi-da, qabilida ish tutiladi, afsuski. Hamshira xola ham bunga chippa-chin ishonadi... yoʻq, oʻzini ishonganday tutadi. Biz oʻz salomatligimizga shu yoʻsin yondashuvdan hamon toʻliq kechib keta olganimiz yoʻq. Bu achchiq haqiqat. Shunday vaziyatlar boʻladiki, jamiyatni oʻzgartish uchun qonunlar ishlab chiqiladi va hayotga keng tatbiq etiladi. Tibbiy madaniyatimizni oshirish, soha xodimlarini zamonga mos kadrlarga aylantirishda ham xuddi shunday yoʻl tutilmoqda.

    Xususan, endi tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi oʻrtasida huquq va majburiyatlarni belgilovchi ikki tomonlama shartnoma tuziladi. Aholi oilaviy shifokorni erkin tanlaydi, bu jarayonlarga xususiy oilaviy shifokorlar ham jalb etiladi. Bu nima degani?

    Xizmat koʻrsatishda qonuniy hujjat bor. Yaʼni har ikki tomonning huquq va ­majburiyati aniq boʻladi. Chunki qoʻlingizda shartnoma bor. Bu nizoli holatlarda yagona va ishonchli yechimga asos boʻladi. Shu jarayonda tibbiyot xodimining mehnat faoliyati aholi tomonidan xolis baholanadi. Bu baho ularni qancha koʻp odam tanlayotganida koʻrinadi. Yaʼni hech kim “Sening oilaviy shifokoring falonchi”, demaydi. Oʻzingiz koʻrib-kuzatib, eng yaxshi shifokorni tanlaysiz. Bu tabiiy raqobat degani. Raqobat bor joyda esa oʻsish, oʻzgarish boʻladi. Mana shu amaliyotning oʻziyoq tez yordamga borib yotib oladigan surunkali kasallar safini qisqartirishga xizmat qiladi.

    Gap surunkali kasalliklar haqida ketganida yana bir yangicha yondashuvni eslab oʻtish kerak. Endi tumandagi mahalla va oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar faoliyati maqbullashtirilib, 12 mingdan koʻp odamga xizmat qiladigan 7 ta yirik poliklinika, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil qilinadi.

    Tumandagi markaziy poliklinika esa tuman shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlimiga aylantiriladi. Barcha tor soha mutaxassislari shu yerda ishlaydi. Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar ekvivalentida boʻladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama toʻlanadi.

    Ochigʻi, sohadagi koʻpgina masalalar moddiy taʼminot, xususan, oylik maosh kamligi bilan ham bogʻliq edi. Biz buni oʻqituvchilarning maoshini oshirish misolida ham koʻrdik. Yaʼni bevosita insonlarning jismoniy va maʼnaviy salomatligi bilan ishlaydigan ushbu sohalar vakillari muam­modan uzoq boʻlishi shart. Uyida moddiyat bilan bogʻliq masalalar yigʻilib qolgan xodim samarali ishlay olmaydi. Qolaversa, kam maosh malakali kadrlarning boshqa joydan ish axtarishiga ham sabab boʻladi. Shu maʼnoda oilaviy shifokor va hamshiraning ­maoshi koʻpayishi xalq salomatligi yoʻlidagi eng yaxshi qarorlardan biri boʻlganini tan olish kerak.

    Yana bir hayotiy masalaga toʻxtalsak. Joriy etilayotgan yangi tizimda oilaviy shifokor va hamshirani ragʻbatlantirishning yana bir yoʻli taʼkidlandi. Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratib, odamlarni xastalik bilan yashash va uni boshqarishga oʻrgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, ogʻir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qoʻshimcha 300 dollar beriladi.

    Shu oʻrinda xastalik bilan yashash va uni boshqarishga oʻrgatishga izoh bersak. Bunda shifokor va hamshira nafaqat ushbu xastalik­lar bilan kurashish sirini bilishi, balki kuchli psixolog boʻlishi ham kerak. Odatda surunkali kasalligi bor ­odamlarda davo yoʻq, degan xavotir boʻladi. Bu inson ruhiyati bilan bogʻliq. Bemor bilan mukammal ishlay olish uchun esa mutaxassis oʻz ustida koʻproq ishlashi, oʻqib-oʻrganishi kerak boʻladi. Bu endi uyda qaynoq suv ichyapsizlarmi, oshxona va hovli tozami deb hisobot daftarini toʻldirib ketish degani emas. Balki insonni ham jismonan, ham ruhan oʻrganish, bilish degani. Belgilangan qoʻshimcha ragʻbat esa ana shunday oʻrganishga, ilm izlashga ruhlantiradi.

    Davlatimiz rahbari yigʻilishda: “Bir soʻz bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar ekvivalentida oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas — inson qadrini oshirgan boʻlamiz. Lekin natija ham shunga yarasha boʻlishi kerak”, dedi.

    Natija nima degani? Yangi vazifalarga koʻra, mahallada bitta boʻlsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta oʻlimi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik kuzatilsa, buni favqulodda holat, deb qabul qilinishi kerak. Sodda qilib aytganda, mutasaddilardan tortib, eng quyi tizimdagi xodimgacha boʻlgan barcha masʼullar oʻzini qiynashi, uning faoliyati insonlar hayotiga daxl qilishini yurakdan his etishi zarur boʻladi. Bu, albatta, bilim va koʻnikma talab etadi. Shu bois, mazkur jihat ham hisobga olingan. Yaʼni Sogʻliqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani “Oila salomatligi” dasturi boʻyicha, rahbarlarni esa menejerlikka oʻqitadi.

    Ishlar oʻz vaqtida va samarali tashkil etilishi uchun bu yil 285 milliard soʻm, bunga qoʻshimcha viloyat hokimlari tomonidan ham kamida 10 milliard soʻmdan ajratiladi. Bu mablagʻ 15 ta tumandagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini yangi tizim asosida tashkil qilish uchun sarflanadi.

    Shu oʻrinda viloyat hokimlari tomonidan ajratiladigan 10 milliard soʻm nima uchun kerak, degan savol tugʻilishi tabiiy. Ochigʻi, hozir tibbiyot maskanlarida kutish, shu jarayonda ayrim xizmatlardan foydalanish borasida ogʻriqli nuqtalar bor. Baʼzi joylarda bemorlar koʻpligi, kutish zallari yoʻqligi yoki yetarli emasligi bois, bemorlar tiqilinch yoʻlaklarda tik turishga majbur. Oddiy hojatxona masalasi ham juda ogʻriqli.

    Yangi islohotlar sabab “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar” dasturi boshlangani eʼlon qilindi. Ushbu dastur doirasida viloyat hokimlari kutish joylarida qulay oʻrindiqlarni koʻpaytirib, navbatni tartibga keltirish, ona-bola xonalarini tashkil qilish, nogironligi borlar erkin harakatlanishi uchun kirish-chiqish joylari, xona va yoʻlaklarda inklyuziv muhit yaratish, qoʻl yuvishga issiq suvi bor pokiza hojatxonalar tashkil etish uchun masʼul etib belgilandi. Ular ajratadigan 10 milliard soʻm ushbu xayrli ishlarga sarf etiladi.

    Mutasaddilar bu ishlarni butun respub­likada tizimli tashkil qilib, toʻqson kun natijasi boʻyicha Prezidentga batafsil hisobot beradi. Bu ham maqolamiz avvalida aytilganiday, xalq va hokimiyat oʻrtasidagi muloqotning yana bir koʻrinishidir. Bundan koʻzlangan maqsad esa tibbiyot muassasasiga madaniyat, tartib-intizom, fayz olib kirib, odamlarga ijobiy kayfiyat ulashishdir.

    Shuningdek, poliklinikada akusher-ginekologlar 2 barobar koʻpayadi. Har 3 ming bola uchun 1 tadan pediatr shtati yangidan qoʻshiladi. Qolaversa, bundan buyon birlamchi boʻgʻinda yarim yoki 0,25 stavka boʻlmaydi. Barcha shifokor va hamshiralar faqat toʻliq stavkada ishlaydi. Yana bir muhim jihat, tibbiy yordamning kafolatlangan paketi tasdiqlanadi. Ushbu paket doirasida tibbiy xizmat va dori-darmon toʻliq byudjetdan qoplanadi. Bularning barchasi tibbiyot xodimlarini keraklicha qoʻllab-quvvatlash va aholiga sifatli xizmat koʻrsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Yuqorida malakali shifokorlar viloyatlarga borib xizmat koʻrsatayotgani, bu joylardagi tibbiyot xodimlari faoliyatiga ham ijobiy taʼsir qilayotganini aytdik. Ammo ayrim masalalar hamon saqlanib qolayotgani rost. Masalan, hududlarda yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazish imkoniyati bor. Lekin bemorlar hali ham Toshkentga kelyapti. Deylik, oʻtgan yili yurak ishemik kasalligi bor bemorlarga koʻrsatilgan koronarografiya va stentlash amaliyotining 80 foizi Toshkentda bajarilgan. Jarrohlik amaliyoti talab qilmaydigan yurak ishemik kasalligi bor bemorlarning ham poytaxtga kelishi kamaymagan. Bu bemorlar va vrachlarning muloqotida kamchiliklar borligini, sohani isloh etishni talab qiladi. Masalan, kasali jiddiy ekanini bilgan bemor darrov: “Toshkentga ketaman, yoʻllanma bering”, deydi. Shifokor ham “och qornim, tinch qulogʻim” qabilida ish tutadi. Yoʻllanmani berib, bemorni poytaxtga kuzatib qutuladi. Vaholanki, eski order tizimidan voz kechilib, imtiyozli toifadagi shaxslarni elektron yoʻllanma orqali davolashga oʻtilganiga ikki yil boʻldi. Shunga qaramay, hamon bemorlarni Toshkentga joʻnatish aynan moddiy masala bilan bogʻliq. Yaʼni mablagʻning asosiy qismi haligacha respublika markazlariga ajratilmoqda. Shu munosabat bilan res­publika markazlarida byudjet hisobidan faqat yuqori texnologiyali murakkab amaliyotlar oʻtkazilishi belgilandi. Tuman va viloyatda bemalol qilish mumkin boʻlgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yoʻllanma berilmaydi. Mutasaddilarga respublika, viloyat, tumanga yoʻllanma beriladigan kasalliklar roʻyxatini tasdiqlash topshirildi.

    Bu odamlarning uzogʻini yaqin qilish, ularga oʻz hududidan uzoqlashmay sogʻligʻini tiklash imkonini yaratish demak. Maqola avvalida hovlimdagi yoʻl, qanday yurishimga qarab necha qadam bilan masofani bosib oʻtishim haqida aniq yozdim. Negaki, u mening uyim va har kuni shu yoʻl boʻylab yurganim sabab bular menga yaxshi tanish. Kechki payt hovlining u boshidan bu boshiga borib kelar ekanman, xayolimdan: “Dunyo hovlimizdagi ellik qadamlik yoʻldan iborat”, degan oʻy oʻtdi. Siz bitta chiziq boʻylab, bir xil harakatda muttasil borib kelaverasiz. Sirtdan qaraganda, hech narsa oʻzgarmaydi. Ammo har bir qadamda yangicha oʻy, yangi reja va fikrlar ogʻushida boʻlasiz. Bilasizki, hech oʻzgarmasday koʻringan mana shu yoʻl har qadamda oʻzini yangilab borayotgan boʻladi. Umumiy uyimiz — yangi Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar ham xuddi shunday kechmoqda.

    Boboravshan GʻOZIDDINOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri