Uning taʼkidlashicha, telefon raqamiga bir nechta xususiy universitetlardan “oʻqishga kirdingiz” degan SMS xabarlar kelgan. «Xabarda hattoki ismimni ham yozishgan. Bunday xabarlarni siz ham olgan boʻlsangiz kerak. Barcha xabarlar my.uzbmb.uz saytidan abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtgan raqamimga kelyapti.
Demak, mening telefon raqamim va boshqa shaxsiy maʼlumotlarim uchinchi shaxslar qoʻliga borib tushgan. Boʻlib ham bitta universitetda emas, bir nechtasida bunday maʼlumot bor. Vaziyat jiddiy va qoʻrqinchli», deydi bloger.
Xushnudbek Xudoyberdiyev oʻzining ikki taxminini bildiradi:
1) Yoki uddaburon xakerlar UzBMB saytini buzib kirishgan va abituriyentlarning shaxsiy maʼlumotlarini oʻzlashtirishgan hamda uni koʻchada pullamoqda;
2) Yoki sayt buzilmagan, ammo UzBMBdagi qaysidir xodimlarning oʻzi abituriyentlarning shaxsiy maʼlumotlarini koʻchada pullamoqda.
«Shaxsan men 1-variantga uncha ishonmayman, 2-variant haqiqatga yaqinroq. Ikkalasidan qaysi biri boʻlishidan qatʼi nazar, kiberxavfsizlikka masʼul organlar albatta buni oʻrganishi shart. Axir davlat tashkilotining bazasidan shaxsiy maʼlumotlar sizib chiqishi hazil narsa emas.
Mening oʻzim tegishli organlarga nomimdan rasman ariza ham yuborib qoʻyaman, albatta. Buning tagiga yetishimiz kerak», qayd etadi u.