Adabiyoti bor elning ruhi baquvvat bo‘ladi

    Haqiqiy adabiyot san’atkorlik zavqi bilan yaratilgan go‘zal, muhtasham asar demakdir. Kuchli shaxsiyat, betakror uslub, katta iste’dod va ilhom bilan yozilgan asarlargina millatning ruhini ko‘taradi, ko‘nglini o‘stiradi.

    Yarim asrdirki, adabiyot rivojiga alohida ta’sir ko‘rsatib kelayotgan, vujudida rostlik va mardlik muqim joy egallagan, asarlarida inson qalbining juda katta evrilishlari va xalqimizning asrab qolinishi kerak bo‘lgan ohanglari o‘rin olgan betakror qalam sohibi, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim bilan suhbatimiz ijodning xalq hayoti, turmush tarzi, o‘tmishi, buguni va kelajagidagi o‘rni, mavqei xususida bo‘ldi.

    Suhbatlaringizning birida “Adabiyoti bo‘lmaydigan millat yo‘qlikka mahkum”, degan edingiz. Bugun millatning ma’naviy qiyofasini yaratish yo‘lidagi urinishlar, adabiyotning jamiyatga ta’siri xususidagi mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

    — Davlatimiz rahbari 2017 yilning 3 avgustida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda “...adabiyot va san’atga, madaniyatga e’tibor — bu, avvalo, xalqimizga e’tibor, kelajagimizga e’tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, adabiyot, madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz yo‘q”, degan edi. Shu ma’noda, adabiyoti yo‘q millatning tarixiy xotirasi bo‘lmaydi. Bunday millat odamlari qanday yashagani, nima deb o‘ylagani, nimaga intilganini hech kim bilmaydi. Abadiy yo‘qlikka mahkum. Adabiyoti bor xalqning tarixiy xotirasi juda boy, ruhi baquvvat bo‘ladi. Ko‘ngil bo‘ladi bunday xalqda. Biz doim xalqimiz mehmondo‘st, bag‘rikeng, deymiz. Bu xususiyatlar qayerdan paydo bo‘lgan? Bularning barchasini adabiyot tuhfa etgan. Atoyi, Lutfiy, Navoiy asarlarini o‘qisangiz, xuddi bugungi kun haqida yozilganday hayron qolasiz.

    Aytmoqchimanki, adabiyoti bor xalq o‘zining kimligini anglaydi. O‘zbek adabiyoti nainki ko‘ngilni o‘stiradigan, balki bir yog‘i borib qadim moziyga, Yaratgan ilhom bergan ulug‘ insonlarga borib tutashadigan buyuk adabiyot. Oxir-oqibat bu adabiyot ustoz rolini o‘ynaydi. Biz — shoir, ijodkor xalqmiz. Zaminimizda she’riyat chuqur ildiz otgan, rivojlangan. Hatto ilmiy asarlar ham she’riy yo‘sinda yozilgan. Masalan, Abu Ali ibn Sino asarlari. Yoki tasavvuf ilmining yorqin namoyandasi Hazrati Xoja Ahror valiyning prozada yozilgan “Volidiya” asarini Bobur Mirzo nasriy emas, nazmiy usulda tarjima qilgan. Bobur asar she’r orqali taqdim etilsa, odamlarning ko‘ngliga tez va teranroq yetib borishini anglagan. Shu bois, odamlarni yangi, mukammal bosqichga, insoniyatni komillik darajasiga chiqishga undaydigan buyuk vositalardan biri bu — she’riyat, adabiyot.

    Adabiyotsiz odamlar misoli robot. Pul topadi, yeydi, ichadi, umrini o‘tkazadi. Adabiyot kirgan yuraklar esa hayotning mazmun-mohiyatini chuqur anglaydi, go‘zalliklari, mashaqqatiyu zalvarini chuqur his qiladi. Ularning hayoti yorug‘ yulduz misoli nur taratib turadi. Navoiyning o‘tganiga 500 yildan ortiq vaqt bo‘ldi. Hozirgacha buyuk shoirning tavalludini nishonlaymiz. Eng muhimi, xalqimizni Xudo yorlaqagan, katta iste’dodlarni doim Alloh berib turadi. Buning natijasida katta shoirlaru adiblarimiz yetishib kelaveradi.

    Hozir insoniyat qiziq davrni boshdan kechiryapti: yangi texnologiyalar — telefon, internet hayotimizga kirib keldi. Bu — zamon talabi. Lekin biz telefonga termulib, adabiyotni unuta boshladik. Telefonda informasiya bilan eng qulay usulda tanishish mumkindir, lekin bu ko‘ngilni o‘stirmaydi. Axborot ming qilsayam, axborot-da. Inson bu dunyoda nimalar kechayotganini axborot orqali anglab boradi, xolos. Ko‘ngildagi ehtiyojni adabiyot qanoatlantiradi. Ruhiyatni adabiyot yangilaydi. Xalqimiz o‘qiydigan, anglaydigan xalq. Hamma xalqda ham muayyan qatlam tufayli jamiyat ilgari odimlaydi. Eng katta qatlam — ko‘zga ko‘rinmaydigan, bilinmaydigan, puldorlarday muhtasham imorat qurish qo‘lidan kelmaydigan mana shu odamlar, ya’ni ziyolilar adabiyotni yaratadi.

    “Adabiyot zamon bilan hamnafas” degan gapni teranroq tushunmoq lozim. Biz ko‘pincha bu fikrni yonimizda umrguzaronlik qilayotgan zamon odamlari va voqealarini qanday qilib qog‘ozga mukammalroq tushirish deb bilamiz. Ammo bu jarayonda adabiyotning o‘zi qay tarzda o‘zgarishi lozimligi haqida deyarli fikrlamaymiz. Qahramonlar fe’l-atvorini yaratish, hayotni badiiy bir tarzda kitobxonga yetkazish kerakligi va shunga o‘xshash uch-to‘rt muhim adabiy qonuniyatlar qobig‘idangina qaraymiz.

    Albatta, sof realistik adabiyot nuqtai nazaridan bu juda to‘g‘ri. Biroq yangi zamon tasviri endi faqat bu o‘lchamdagi qonuniyatlarga sig‘maydi. Chunki zamon bilan nafas olayotgan adabiyotning o‘lchamlari ham boshqa manzara kashf etmog‘i lozim.

    Abdulla Oripov she’riyatini tasavvur qilsangiz, u adabiyotga o‘zining leksikasi, o‘zining ohangi, yangi so‘zlari bilan kirib keldi. U so‘zlar shoirgacha adabiyotimizda juda kam ishlatilgan. O‘zining so‘zlari, o‘zining ohangi bilan kirib keldiki, buning natijasida adabiyot shu so‘zlarni o‘zlashtirdi. Bu so‘zlarni hozir hamma ishlatyapti. Abdulla Oripov yoki Rauf Parfi o‘zining uslubi bilan adabiyotimizni qanchalik boyitganini tasavvur qiling-a! Kecha o‘tgan odamlar haqida gapiryapman. Shukur Xolmirzayev adabiyotimizga qancha so‘z olib kirdi. Masalan, transport ma’nosidagi “ulov” degan so‘zni Shukur Xolmirzayev adabiyotga kiritgan. “Shaharga ketishimizga ulov yo‘q edi”, deydi yozuvchining bir qahramoni. Yoki Ne’mat Aminovni olaylik. “Yelvizak” degan so‘z bor, ilgari “skvoznyak”, deyilardi. Hozir hamma “yelvizak”, deydi. Bunda Ne’mat Aminovning hissasi katta. Aytmoqchimanki, iste’dodli insonlar xalqqa juda ko‘p bilim beradi.

    O‘zbek juda katta xalq. Har joyda har xil shevada gaplashadigan, turmush tarzi bir-birinikidan farq qiladigan hududlarimiz juda ko‘p. Xorazmga borsangiz, u yerda uylarning qurilishi vodiydagidan farq qiladi. Surxondaryo, Qashqadaryoda odamlar qanaqa yashaydi — deyarli hech kim bilmasdi. Toshkent atrofi, vodiydan chiqqan juda ko‘p adiblarimiz buni o‘ziga xos tasvirlagan. Adabiyotga Shukur Xolmirzayev keldi-da, birdan janubning so‘zi, gapirishi, turishi, mentaliteti, o‘ziga xos mardligi, tantiligini qanday bo‘lsa, shundayligicha yozib ko‘rsatdi. Masalan, bir asarda ikki sinfdosh uchrashuvi bayon qilingan. Bir yigit imtihondan yiqilib, qishlog‘iga qaytib kelarkan, yaxshi ko‘rgan qiziga “salom berdik”, deydi. Qiz “alik oldik”, deya javob qaytaradi. Sal istehzo, sal sho‘xlik, sal sir boy bermasdan gapirishni qarang-da. Bu boshqa viloyatda uchramaydi. Odamlar hayotiga ana shu rang-baranglikni adabiyot olib kirdi. Odamlar o‘zini adabiyotda ko‘ra boshladi. Haqiqiy, realistik adabiyotimiz paydo bo‘ldi. Realistik adabiyotga qadam qo‘yishimiz juda katta bosqich. Hatto she’rda ham realizmning romantika, fantastika aralash paydo bo‘lishi bu nihoyatda muhim voqea. Realizm adabiyotimizda deyarli yo‘q edi. Hayotiy biror voqelikning asarga kiritilib, mustahkamlanishi odamlarning o‘zini adabiyotda ko‘ra boshlaganidan dalolatdir. “Mana bu mening hayotimga o‘xsharkan”, degan tasavvur paydo bo‘ladi. Odamlar adabiyotda o‘zini taniy boshladimi, demak, bu yaxshi asarlar yuzaga keldi degani. Zero, bir haqiqat tobora ayon bo‘lib boryapti: faqat so‘zga ko‘chgan narsagina reallikka aylanadi. Mana shunday katta adabiyotimiz paydo bo‘lganidan xursandman. Hatto she’riyatimiz reallashdi. She’riyatimizda tasvir deyarli yo‘q edi. Odamlarning qiyofasi, tabiati aniq namoyon bo‘la boshladi, kinodagidek ko‘z oldimizda gavdalandi. Muhabbatning, hijronning, ayriliq, uchrashuvning aniq tasviri bor ekan-ku, degan gaplar she’riyatimizda paydo bo‘ldi. Odamlar she’rda ham o‘zini ko‘rdi. Navoiyning g‘azallari, dostonlarida voqelik aniqtiniq ifodalangan, xuddi kinodagiday mukammal tasvirlangan misralar juda ko‘p. Zamonaviy adabiyotda mana shuning paydo bo‘lgani quvonchli. Bu juda ham muhim.

    Ijodingizda boshqalarnikiga o‘xshamaydigan o‘ziga xoslik mavjud. Ana shu shiddat adabiyotda ko‘plab iste’dodlarning maydonga chiqishiga asos bo‘ldi. Ijod ahlini o‘ziga rom etgan omil ham, nazarimda, she’rlaringizdagi teran dard, o‘zlikni anglash iztiroblari. Shu o‘rinda Hazrat Navoiyning “Ko‘ngil ichra g‘am kamligi asru g‘amdur, Alam yo‘qlig‘i dag‘i qattiq alamdur”, degan misralari yodga tushadi. She’rlaringizda aks etgan, shoir o‘zining yuksakligida turib ko‘rgan-kechirgan iztiroblar nimalardan iborat?

    — Odamning bitta o‘zi hayotini, taqdirini yozishni uddalay olishi — butun jamiyatning dardini yozish bilan barobar.

    Chunki jamiyatda kechayotgan voqealar, talotumlar, hattoki rivojlanish ham uning yuragi, ko‘ngliyu ruhiyati oralab, ba’zan ezib, bosib ham o‘tadiki, aslo beiz ketmaydi. Alaloqibat she’rga, biror-bir asarga asos bo‘ladi. Navoiyni bir o‘qisangiz, muhabbat haqidagi gaplarga ko‘p duch kelasiz. Yoki Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini oling. Ertalab bir satrini o‘qib kelayotuvdim: “Shohmen, vale senga quldirmen”. Mahbubasiga qarata: “Senga quldirman”, deydi. U ham inson. Muhabbatning oldida hukmdorlik taxti nima bo‘libdi, degan gap bor. Keyin Xudo bergan iste’dod bor. Buni anglash juda qiyin. Buni Navoiy juda yaxshi anglagan.

    Hazrat aytadi:

    Demangiz, ahbobkim, qilmasmusen bas yig‘lamoq,

    Kim, manga tengri nasib etmish tuganmas yig‘lamoq.

    “Menga Tangri to‘xtamaydigan, tugamaydigan yig‘i bergan, fig‘on bergan”, deydi. Buning tagida juda katta gap bor. Navoiy “yig‘lamoq” deb aytayotgan hodisaning o‘zi aslida katta ilhom, katta iste’dod. Chunki Xudo bergan odamgina kechinmasini ta’sirliroq, boshqalardan ko‘ra teranroq, yuksakroq ko‘radi. Shuning natijasida o‘lmaydigan asarlar paydo bo‘ladi.

    Meni shaydo qiladurg‘on bu ko‘ngildur, bu ko‘ngil,

    Xoru rasvo qiladurg‘on bu ko‘ngildir, bu ko‘ngil,

    — deydi Mavlono Lutfiy.

    “Xoru rasvo qiladigan” — oddiy so‘zlar, lekin uning ma’nosini bir chaqib ko‘ring. Nega xoru rasvo qiladi bu ko‘ngil? Bu xorlik — boshqacha xorlik. Odamlar yozish yo‘lida ana shunday xorliklarni boshdan kechirgan, ne-ne katta ishlarni, ne-ne mansablarni tashlab ketgan. Savolingiz avvalida ortingizdan ergashganlar ham bor, degan ma’noda gapirdingiz. Nimaga ergashadi? Chunki mening ko‘nglim yalang‘och. Men sidqidildan, yolg‘onsiz tuyg‘ularni yozganman. Yolg‘onsiz, tushunyapsizmi? Yolg‘on qo‘shilgan joy hamma vaqt tez darz ketadi. Boshida juda silliq qilib qurilgan bo‘lsa ham, keyin darz ketib, uvalanib tushadi. Yolg‘on so‘zning ertangi kunga keltiradigan fojiasi shundaki, u o‘tgan odamlar, voqealar va davru davronlar haqida egri “haqiqat”lar qoldiradi. Iste’dodsiz odam yozgan so‘z — yolg‘on so‘zning o‘zginasidir. Lekin haqiqiy tuyg‘ular umrbod qoladi. Odamlar sezadi: shoir muayyan so‘zni samimiyat bilan yozyaptimi yoki “Ha, endi bir she’r yozib tashladim-da”, deydimi? Lekin bu samimiyatgacha ancha yo‘l bosib kelish kerak. Umrni, jonni, hayotni bag‘ishlash kerak. Bu hammaning qo‘lidan kelmaydi.

    Dramaturgiya sohasida siz yozgan pyesalar xalqimiz uchun ma’naviy mayoq vazifasini o‘tab kelayotir. “Kunduzsiz kechalar”, “Alpomishning qaytishi”, “Bir qadam yo‘l”, “O‘tgan zamon hangomalari”, “Adibning umri”, “Baxt qushi”, “Sinfdosh” kabi asarlaringiz sahna yuzini ko‘rgan. Ulug‘ vatandoshlarimiz Amir Temur, Fayzulla Xo‘jayev, Cho‘lpon, Oybek obrazlarining qayta jonlanishida xizmatingiz katta. Dramaturgiyaning o‘ziga xosligi, mashaqqatiyu zalvari nimadan iborat?

    — Men dramaturgiyaga kelishim kerak edi, deb o‘ylayman. Avval yozganlarimni o‘qib, menga dramaturgiyadan ham nasiba berilgan ekan, deyman. Dramaturgiya adabiyotning boshqa turlaridan juda farq qiladi. U she’rga yaqinroq. Tomoshabin teatrga kelarkan, ko‘z oldida yangi bir hayot ko‘rsatiladi. Drama to‘rt-besh daqiqada tomoshabinni o‘ziga jalb etishi kerak. Bo‘lmasa, tomoshabin zaldan chiqib ketadi yoki hafsalasi pir bo‘ladi. Shu bois, syujetni tarang qilib olib kelish kerakki, qahramonlar gapirayotganda tomoshabin o‘zini ko‘rsin. Zaldagilarning ko‘pi sahnada yangrayotgan so‘zlarni aytmagandir, lekin aytishi kerak bo‘lgan, ko‘nglidan o‘tgan gaplardir, ehtimol. O‘shani topib ayta olish va uni tomoshabinning, ijro etayotgan san’atkor va rejissyorning ko‘ngliga sola bilish alohida iste’dodni talab qiladi. Umuman, dramaturgiya adabiyotning alohida turi. Lekin nihoyatda qiyin yo‘nalish. Proza yozadiganlar ba’zan o‘zining mualliflik ishini olib keladi, ammo ular dramaga yaqin kelishi nihoyatda qiyin. Prozada bemalol o‘qiladigan asarning muayyan qismida paydo bo‘ladigan tugunlarni ko‘rsatishga teatrning vaqti yo‘q. U tomoshabin bilan yuzma-yuz turibdi. U ikki soatda hamma narsani hal qilib, tomoshabinni yo yig‘latib, yo kuldirib chiqarib yuborishi kerak. Buning uchun alohida iste’dod kerak, deb o‘ylayman. Endi anglasam, bu iqtidor juda kamyob bo‘lar ekan.

    Chunki o‘zim O‘zbek milliy akademik drama teatrida xizmat qilaman. Yosh adiblarga “Biror narsa yoz”, deb buyurtma bergan paytlarim bo‘ldi. Lekin kamdankam odam buni uddaladi. Dramaturgiyamizda haqiqiy dramaturglar nihoyatda kam. Azaldan shunday bo‘lib kelgan. O‘zbek adabiyoti tarixida Hamza Hakimzoda Niyoziyda shu xususiyat bo‘lgan. Izzat Sultonning pyesalarida ham kuzatilgan. Hozirgi dramaturglar orasida Namanganning Chortog‘ida yashaydigan Nurilla Abbosxon degan ijodkor bor. Shu qobiliyat unda bir oz kuzatilyapti.

    Men faoliyat yuritayotgan otaxon teatrning talablari ham katta. Drama yozib keladiganlar bo‘ladi, ammo teatrning talabiga javob beradiganlar, birdan kelib, katta bir asarni taqdim qiladiganlar kam. Bir yosh ijodkor kirib keldi. Dastlabki ishlari yaxshi edi, ammo keyin bo‘shashdi. O‘ziga talabchanlikni yo‘qotdi. Bu — fojia.

    Adabiyotda ishbilarmonlik ketmaydi. Ayrim do‘stlarimiz ham ishbilarmon qiyofa kasb etdi. Ular uchun teatrda spektakl qo‘yib, bir-ikki so‘m qalam haqi olish yaxshiroq bo‘lib tuyuldi.

    Adabiyot esa mutlaqo boshqa olam. Sidqidildan mehnat qilgan odamlarni yaxshi ko‘radi. Chin ko‘ngildan yozishni yoqtiradi.

    Bunday o‘ylasa, adabiyot Parvardigor in’om qilgan tuhfa-da. Uni boshqa tuyg‘ular bilan qorishtirish nihoyatda bema’nilik.

    Baxshiyona turkumi — ijodingizning gultoji. Ayniqsa, Alpomishning ma’naviy hayotimizga qaytishini noyob adabiy hodisa, deyish mumkin. Alpomish milliy g‘urur timsoli. Bugun ana shu g‘urur yoshlarimiz qalbida qanchalik ildiz otmoqda? Sizningcha, bugun ko‘z oldimizda shunday dostoni bor xalq sifatida ko‘ksi baland avlod shakllanyaptimi?

    — Men 10-15 chog‘li yoshlarga saboq beraman, hamma yoshlarga emas. Shu sabab, ular haqida biror narsa deya olmayman.

    Yaqinda Qodir baxshi haqida esse yozdim. O‘shanda baxshiyona haqida ko‘p gaplarni aytdim. O‘zim bolaligimdan baxshilarni sevib eshitganman. Shuning ta’sirida bo‘lsa kerak, keyinchalik baxshiyona turkumida ko‘p she’rlar yozildi, uning alohida muxlislari shakllandi. Qo‘shiqlar yaratildi. Ayni paytda shu mavzudagi 50 ga yaqin she’rim bor, keyinchalik bu yo‘nalish janr sifatida shakllandi. O‘sha paytda ko‘plab shoirlar shu yo‘lda ijod qila boshladi. Xalq og‘zaki ijodiga juda yaqin bu shakl yayrab, og‘zimizni to‘ldirib aytiladigan odmi she’rlar, lekin yaxshi yo‘lda yozilgan. Bu jaydarilikning ichiga ma’no qo‘shilganidan keyin boshqacha ko‘rinish oladi. Turkumning xorijda ham muxlislari ko‘pligi meni quvontiradi. Bu — hamma o‘qisa bo‘ladigan she’riyat. Ularda Vatan haqida ham zo‘r gaplar bor.

    Biz Usmon Azim deganda katta shoir, yetuk dramaturg, o‘z uslubiga ega ajoyib yozuvchini ko‘ramiz. Ijodkor sifatida sizga quvvat berib turgan asl manba nima? Buni bir so‘z bilan nima deb atagan bo‘lardingiz?

    — Nima kuch beradi, bilmayman. Rostini aytyapman. Parvardigor umring bo‘yi shu ishni qilasan, deb yaratgan bo‘lsa, demak, u ishni tashlab keta olmaysiz. Hech qachon. Shu ish bilan shug‘ullanmagan kunlari o‘zingizni juda g‘arib his qilasiz. Xalq uchun, Vatan uchun yozyapman, degan gaplar aytilavermaydi. O‘z-o‘zidan shunday bo‘lib chiqadi oxir-oqibat. Siz agar bir shaxs bo‘lsangiz va bu shaxs Vatanni sog‘insa, Vatani bilan yuzma-yuz ko‘rishishni istasa, qiyofasini o‘zicha tasavvur qiladigan bo‘lsa yoki boshdan kechirayotgan iztirobini go‘zal shaklda boshqalarga yuqadigan, boshqalarning ko‘ngliga borib yetadigan tarzda aytishning maromiga tushgan bo‘lsa, ehtimol, ana shu ijodkorga kuch berar. Ammo bu maqomga ham yetib kelish kerak. Xudo bergan iste’dodni doim tozalab, ulg‘aytirib turish zarur. U o‘sishi lozim. Buni faqat ko‘ngil bilan, ruh bilan o‘stirish mumkin. To‘xtovsiz mutolaa, o‘qib o‘rganmoq lozim. Yaxshi bir kitobni o‘qisangiz ham ko‘p narsalar boshingizdan kechgandek, bo‘ladi. Holbuki, u boshqa kitob, ammo sizning umringizda kechgan voqealar ko‘z oldingizda gavdalanadi. Hayot suvini icha boshlaydi. Hayot suvi qalbingizdan sizib, g‘ulg‘ula berganidan keyin she’ringizga kiradi. She’r — Xudoning bir inoyati. Uni qanday yozish kerakligini odam bilmaydi. Avval ham ko‘p takrorlaganman va yana qayta aytaman. Kimdir menga ilhom kelar ekan, deb o‘tirsa, hech qachon hech narsa kelmaydi. Havaskor shoir shunday qilishi mumkin. Lekin professional shoirning cho‘ntagida ilhom bo‘ladi. U qog‘oz va qalam bilan ro‘baro‘ bo‘lganida, albatta, ilhom keladi. Eng yaxshi she’rlar, aslida, badiha she’rlar. U yozilaveradi. Oxiriga yetganda voh, mana yaratildi, deysan. Sen, holbuki, qog‘oz va qalamni qo‘lingga olguncha bu she’r haqida hech narsa bilmasding. Menga kuch beradigan narsa ham ehtimol shudir.

    — O‘zlikni anglash iztirobi insonga nima beradi?

    — Biz ozodlik, erk haqida gapiramiz. Buning chegarasi qayerda ekanini kim biladi? Faqat Yaratgan biladi. Allohni anglab borish jarayoni qanday yaxshi! Bu yo‘lda ozodlikni, o‘zingni anglab borasan. Bu dunyoning bir dahshati bor: odamlar o‘zlik nima ekanini anglamay o‘tib ketadi. O‘zini tushunib borish — buni gapirib, tushuntirib bo‘lmaydi. Buni faqat she’r yozib tushuntirib berish mumkin, xolos. Gapirgan bilan nimani anglaydi odam. Mana shunday joyda, oddiy so‘zlar bilan aytib bo‘lmaydigan joyda she’r paydo bo‘ladi. Mana shu joyda shu tuyg‘u ichingda turibdi, buni so‘zga tushira olsang, mahorating yetsa — shundagina sen anglaysan, demak, shoir o‘z vazifasini bajaryapti. Alloh buyurgan, bandasiga iste’dod berib “Sen endi she’r yozish bilan shug‘ullan”, degan o‘rinlar bo‘ladi. Shu ishorani anglab, umrni shunga rostlab, hayotni shu asosda qurib yashagan ijodkor baxtli ijodkor. Cheksiz erk o‘shanda keladi. O‘zlikni topish ham shunda keladi. Ijodkor sifatida o‘ziga qandaydir ishonch ham paydo bo‘ladi. Ijodkor juda nozik xilqat. O‘zidan norozilik tuyg‘usi doim bo‘ladi. Shu tuyg‘u bo‘lmasa, yozgani sifatli chiqmaydi. Shubhasi kuchayib ketsa, “Men o‘zi yoza olamanmi?” desa, yozolmay qoladi. Bunday odamlarni adabiyotda ko‘p ko‘rganman. Ilmli, bilimli, o‘qimishli odamlar adabiyotda kattaroq ish qilolmay ketgan. Chunki g‘ayrati, shijoati yetishmagan. Ko‘ngildagi shubhasi kattaroq bo‘lgan.

    Qo‘rqmay ijod qilgan, yozishni qismat deb bilgan insonni esa o‘zlikni izlash iztirobi tark etmaydi. U nimani axtarib yugurmasin, faqat o‘zini qidiradi. O‘zini kashf etish, kashf etsa-da, fosh etish qiyin ish.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYЕVA suhbatlashdi