Farmon bilan adliya tizimini takomillashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirish borasida qator vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, hujjatda yuridik ta’limni yanada rivojlantirish va bu borada Toshkent davlat yuridik universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham aniq chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tildi.
Xo‘sh, Farmonda belgilangan vazifalar adliya tizimi va yuridik ta’lim rivojiga qay darajada ta’sir ko‘rsatadi? Umuman olganda, hujjatda yana qanday vazifalar belgilab berilgan? Shu va boshqa savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Xayitjon Turdiyevga murojaat qildik.
— Xayitjon aka, avvalo, mazkur Farmonning qabul qilinish maqsadi va mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.
— Avvalambor, shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida xalqchil va samarali davlat boshqaruvini qurish maqsad qilingan. Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilayotgan davrda ma’muriy islohotlar ham amalga oshirildi. Davlat rahbarining tegishli farmon va qarorlari bilan davlat boshqaruv organlari faoliyati yanada takomillashtirildi va optimallashtirildi, bir-birini takrorlovchi vazifa-funksiyalar esa qisqartirildi.
Shular doirasida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi, ma’muriy islohotlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar davomi sifatida Adliya vazirligi, jumladan, adliya organlarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida, ularning boshqaruvini yanada ixchamlashtirish, xalqchilligini ta’minlash, hududlarga chiqqan holda fuqarolar oldidagi mas’ulligini kuchaytirish maqsadida bu farmon qabul qilindi.
Farmonning umumiy mazmuniga to‘xtalsak. Birinchi navbatda adliya organlari tizimida ularga yangi qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Misol uchun aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rib borish, shu bilan birga joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish. Endilikda adliya organlari bevosita hududlarda o‘z faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishi, huquqiy xizmatlar qamrovini oshirishi uchun tuman, shahar, chekka hududlardagi adliya bo‘limlarining ham vazifalari yanada kengaytirildi.
Joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan juda ko‘plab dolzarb muammolar bor. Aynan mana shu muammolarni har oyda mahallada adliya kuni tadbirlarini tashkil etish orqali hal etish vazifasi yuklatildi.
Yana bir muhim masala: biz huquqiy davlat qurish maqsadini Konstitutsiyamizning 1-moddasida belgiladik, bu esa jamiyatning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati bilan bog‘liq. Yangi qabul qilingan qonun, qarorlarni aholiga yetkazish, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish uchun mahalla huquqshunosi loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu loyihada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida raislarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, umuman, aholini qiynayotgan muammolarni mahallalarning o‘zida hal etish, tizimli kamchiliklarni bartaraf qilish maqsad qilingan.
Farmonda maktabdan tortib oliy yuridik ta’lim muassasalarida ham yuridik ta’limni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berildi.
— Farmonda yoshlarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda ularning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetini shakllantirishga qaratilgan qanday vazifalar belgilab berilgan?
— Mazkur Farmonda muhim bir g‘oyani guvohi bo‘lamiz: “Mamlakat kelajagi qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan”. G‘oyaning asosiy maqsadi — yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, ular o‘rtasida qonunga nisbatan hurmat ruhiyatini shakllantirish va natijada yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish.
Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti va yuridik texnikumlarga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Birinchidan, yoshlarda huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda mamlakatimiz taqdiriga daxldorlik, vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan kompleks huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish;
Ikkinchidan, adliya muassasalariga yoshlar tashrifini tashkil etish orqali “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlarini o‘tkazib borish;
Uchinchidan, huquqshunoslik kasbining obro‘sini, jamiyatdagi nufuzini oshirish, umuman, yoshlarimizning bu kasbga nisbatan hurmat, faxr tuyg‘ularini shakllantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar tashkil etish.
Misol sifatida, hozirda Toshkent davlat yuridik universitetiga qabul qilish imtihonlari ham huquqshunoslik fanlaridan amalga oshirilmoqda. Maktablarda huquq fanlarini o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Toshkent davlat Yuridik universiteti bu borada yetakchi muassasa sifatida o‘zining hissasini qo‘shib kelyapti.
Shu bilan birga yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan huquqiy savodxonlik maktabini tashkil etish masalasi hamda huquqiy bilimlar oyligi doirasida turli tanlovlar, seminar-treninglar tashkil etib, ta’lim muassasalarida huquqiy mavzularga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalar belgilab berildi.
— Farmonga ko‘ra, ta’lim muassasalarida yuridik ta’lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan qanday vazifalar va yangiliklar belgilangan?
— Butun jamiyatimizdagi huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasi bevosita ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq. Maktab o‘quvchilari 8-11-sinflarda davlat va huquq asoslari fani orqali o‘zlarining fuqarolik ko‘nikmalari, burch, huquqlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishadi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish ham farmonda o‘z aksini topgan. Masalan, maktablarda huquq sinfi va huquq fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘tish belgilandi. Endi maktablarda huquq sinf xonalari yaratiladi. Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universitetining tashabbusi bilan Andijon viloyatida namunaviy huquq sinfi yaratilgan edi. Shu tajriba ijobiy baholanib, respublika bo‘ylab boshqa maktablarda ham huquq sinfi loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bolalar sinfga kirganda huquqqa oid ilk tushuncha, bilimlarni olishlari mumkin bo‘ladi.
Farmonda belgilangan yana bir muhim masala shuki, “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimi joriy etilgani bo‘ldi. Endi Samarqand, Namangan viloyatlari yuridik texnikumlar negizida universitetimizning akademik litseylarini tashkil etiladi, iqtidorli bitiruvchilarni suhbat asosida universitetga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi va bu bo‘yicha tegishli me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatildi.
— Farmonda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetiga bir qancha vazifalar belgilab berildi. Shu vazifalar mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.
— Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda ilmiy yondashuvni joriy qilish, tahlil qilish samaradorlik, sifatni oshirishga imkon beradi.
Universitet oldiga qo‘yilgan muhim vazifalardan biri — adliya organlari va muassasalari faoliyati, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, huquqiy xizmatlar, sud ekspertiza, arxiv ishi, ish yuritish sohalarini kompleks ilmiy tadqiq etish. Ya’ni davlat boshqaruvini muhim qarorlar qabul qilish jarayonida ilmiy jihatdan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ishlari samaradorligini huquqiy tadqiq etish vazifasi ham berildi. Bir necha me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan aholi huquqiy ongini, shu boradagi ishlarni baholash indikatorlari qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan platforma asosida Adliya vazirligi joylardagi tashkilotlarning shu boradagi faoliyatini baholab boradi. Lekin bu ishlarning samaradorligini yana oshirishimiz kerak.
Huquqiy ong va huquqiy madaniyatga qo‘yiladigan minimal standartlar mavjudmi o‘zi? Masalan, 14-18 yoshli bolalar huquqiy ongida qanday minimal talablar bo‘lishi kerak, 18 yoshdan oshganlarda-chi? Bu narsa, albatta, ilmiy, tahliliy yondashuvni talab qiladi. Bu ishlar mazkur farmon orqali yanada kuchayadi deb o‘ylaymiz.
Bundan tashqari, huquqshunoslikning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlar olib borishni kengaytirish, yuridik ta’lim, huquqiy xizmatlar ko‘rsatish sohalarida ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishni kengaytirish masalasi belgilab berildi. Toshkent davlat yuridik universitetiga endi joylarga chiqib, shu muammolarni o‘rganib tadqiq etish, takliflar orqali hal etish bo‘yicha tizimni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.
— Farmonda Toshkent davlat yuridik universitetining faoliyatini takomillashtirish borasida qanday chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan?
— Farmonda universitet faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, chora-tadbirlar rejasida universitet faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan vazifalar belgilab berildi.
Birinchisi, Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini, ta’lim dasturlarini, ta’lim jarayonlarini tashkil etish va boshqarish, ta’lim texnologiyalari, o‘qitish metodikasini xalqaro standartlarga muvofiq transformatsiya qilish vazifasi belgilandi. Universitetda alohida shu masalaga bag‘ishlagan bo‘lim mavjud va faoliyat olib boryapti, ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Farmon asosida bu ishlar yanada takomillashadi.
Transformatsiya jarayoniga Buyuk Britaniya Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi va yuqori akademik salohiyatga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya universitetlari orasidan hamkor universitetni aniqlagan holda, yuridik kadrlar tayyorlash bo‘yicha ingliz standartini joriy qilish vazifasi belgilandi.
Eng muhimi, dars jarayonlariga xorijlik professor-o‘qituvchilarni keng jalb qilish. Har bir kafedra o‘z fanlari bo‘yicha yetuk xorijiy olimlarni jalb qilmoqda. Ular universitetimiz reytingi yanada oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Yana bir muhim bir masala. Universitetda mantiqiy fikrlash, tahlil qilish va tadqiqot o‘tkazishga qaratilgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni va ularni o‘qitishning ilmiy yondashuvlarini joriy etish ham belgilab berildi.
— Farmonda belgilangan vazifalarning to‘liq amalga oshirilishi mamlakatimizda adliya, yuridik ta’lim, huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimining rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bu borada yana qanday yangiliklar kutish mumkin?
— Farmonda nazarda tutilgan vazifalar, ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi nafaqat adliya organlari tizimi, ularning faoliyatini takomillashtirishga, fuqarolarimizni qiynayotgan muammolarni joylarda o‘z vaqtida samarali hal etishga, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuksalishiga, ta’lim tizimida huquq fanlarning o‘rni yanada oshishiga, jamiyatda qonunlarga nisbatan hurmat ruhi yanada kuchayishiga zamin yaratadi.
Eng muhimi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan davlat rahbarining g‘oyasi “O‘zbekiston – huquqiy davlat” tamoyilini amalga oshirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
— Mazmunli suhbat va foydali ma’lumotlar uchun tashakkur!
Toshkent davlat yuridik universiteti bosh mutaxassisi
Javlon Vafoyev suhbatlashdi