Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun shak-shubhasiz din sohasida jamiyatimizda yangi muvozanatni oʻrnatdi.
Bu muvozanat nimalardan iborat?
Avvalo, jamiyatning din sohasidagi ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yangiliklar joriy qilindi:
– diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish bilan bogʻliq tartib soddalashtirildi (endi diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskorlar soni 50 nafar boʻlsa yetarli, diniy tashkilot elektron ravishda 1 oyda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi, davlat roʻyxatidan oʻtkazishni Qonunda koʻrsatilmagan asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi);
– oldin ham aytganimizdek, “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy taʼrifi mavjud emas. Shu bois adolatli ravishda jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi;
– endi qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bu demokratik davlatlardagi tartiblarga mos keladi va yuqori standartlar asosida ishlaydigan Inson huquqlari Yevropa sudi amaliyotida ham tan olingan.
Boshqa tomondan, konfessiyalar oʻrtasida tinchlik va totuvlikni taʼminlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot gʻoyalarning singdirilishiga qarshi ayrim huquqiy mexanizmlar saqlab qolindi:
– diniy taʼlimning professional maqomi rasman eʼtirof etildi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, dinga boʻlgan munosabatidan qatʼiy nazar, dunyoviy taʼlim olish huquqi taʼminlanishi qayd etildi.
– Qonunda, jamiyatda turli yot qarashlarni targʻib qilayotgan guruhlarning faoliyati, ular tomonidan tarqatilayotgan buzgʻunchi gʻoyalarning salbiy taʼsiridan aholini himoya qilish maqsadida diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan keyin tayyorlash, olib kirish va tarqatish belgilab qoʻyildi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, Oʻzbekiston xalqi oʻzining taraqqiyot yoʻlini tanlab olgan – u dunyoviylikka asoslangan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlaydi.
Albatta qarashlar har xil, kimlardir diniy sohadagi yana koʻproq tartiblarni bekor qilish kerak deydi, kimdir aksincha, dinning oʻrnini jamiyatda qisqartirish kerak deydi. Lekin, bari bir muvozanat boʻlishi va asosiy prinsiplar, yaʼni dunyoviylik eng maqbul oʻlchov boʻlib qolishi lozim.
Yaqinda mana shu qonun boʻyicha press-konferensiyada uning barcha jihatlarini tushuntirib beramiz, deyiladi postda.