ISO 9001 standarti asosan boshqarish mexanizmidir. Ushbu standartning maqsadi – xatolar va nuqsonlarni kamaytirish, yoʻq qilish va oldini olishdan iboratdir. Standart mahsulot va xizmatlarning sifati bilan emas, balki boshqaruv tizimining sifatiga bevosita bogʻliqdir.
Shunga koʻra, Adliya vazirligi tomonidan oʻz faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, muqaddam Adliya vazirligi Oʻzbekistonda davlat boshqaruv organlari orasida birinchi boʻlib Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi boʻyicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qoʻlga kiritgan edi.
Faoliyat samaradorligining aniq koʻrsatkichlari belgilab olish hamda ish jarayonlarning sifatli bajarilishini baholash tizimini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish maqsadida Adliya vazirligi nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyo davlatlardagi vazirliklar orasida birinchilardan boʻlib “ISO 9001 sifat menejmenti tizimi” xalqaro standarti sertifikatini qoʻlga kiritdi.
2021-yil 11-avgust kuni keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida mazkur sertifikatni Adliya vazirligiga topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Ushbu sertifikatni qoʻlga kiritish uchun adliya vazirligida qanday ishlar amalga oshirildi?
Birinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyati jarayonlari va ularning natijasini baholash mezonlari ishlab chiqildi. Unga koʻra, har yarim yillik yakuni boʻyicha vazirlik ish faoliyati jarayonlari va ularning natijalari oldindan belgilangan mezonlarga koʻra baholab boriladi.
Ikkinchidan, barcha yoʻnalishlar boʻyicha erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlar belgilab olindi. Mazkur koʻrsatkichlarga erishilishi holati har hisobot davrida monitoring qilib boriladi.
Uchinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyatini amalga oshirishda tashqi va ichki imkoniyatlar va xavf-xatarlar, manfaatdor tomonlar va ularni talablari aniqlashtirish boʻyicha tahlil oʻtkazilib, faoliya sifatiga taʼsir qiluvchi xavf-xatarlarni kamaytirish va sifatni yana-da oshirish boʻyicha ish rejalar ishlab chiqildi. Bunda, ish faoliyat har hisobot davrida auditdan oʻtkazilib, sifatga taʼsir qiluvchi omillar bartaraf qilib boriladi.
Toʻrtinchidan, anʼanaviy tarzda hisobotdagi koʻrsatkichlarni miqdoridan kelib chiqib baholashdan voz kechilib, har bir soha boʻyicha alohida maqsadli mezonlar belgilab olindi va ushbu mezonlarni etishilganligiga qarab baholash tizimi joriy qilindi.
Masalan, standart talablari boʻyicha sifat mezoni sifatida:
murojaatlar boʻyicha kelib tushgan murojaatlar soni emas, balki murojaat qiluvchilarning talablari qanoatlantirilib, aniq choralar koʻrilgan murojaatlar soni;
nazorat qilish funksiyalari boʻyicha oʻrganishlar soni emas, balki aniqlangan qonunbuzilishlarini bartarf qilinganlari soni;
qonunchilik hujjatlarin takomillashtirish boʻyicha takliflar soni emas, balki aniq muammolarni yechishga qaratilgan va qabul qilingan qonunchilik hujjatlarin takomillashtirish boʻyicha takliflar soni mezon sifatida olindi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijasida:
adliya organlari va muassasalarida keraksiz hisobot koʻrsatkichlarini ortidan quvish emas, balki yuridik va jismoniy shaxslar, xususan, fuqarolarning aniq qonuniy huquqlarini tiklash boʻyicha koʻrsatkichlarga eʼtibor qaratilishiga;
qonunchilik hujjatlariga tahririy va amaliy jihatdan ahamiyatsiz takliflarni oʻrniga aholi va tadbirkorlarning ogʻirini yengil qiluvchi hamda ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni bekor qiluvchi takliflar taqdim qilinishiga erishildi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, adliya vazirligining faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini toʻliq taʼminlanishiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari asosida insonparvar qonun hujjatlari ishlab chiqilishiga erishish ustuvor maqsad qilib olingan.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi