Prezidentimiz tomonidan 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilinishi – 2026 yilda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi va barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘lishidan dalolat bo‘ladi. Hozirda mamlakatimizda barcha soxalarda shiddat bilan rivojlanayotgan axborot kommunikatsiya texnologiyalardan unumli foydalanilmoqda. Hozirda biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. 2020–2030-yillarda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida davlat organlarining elektron infratuzilmadan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtishini taʼminlash koʻzda tutilgan boʻlib, dastavval, 2012-yil 2-avgustdagi “Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4459-son Prezident farmonida sudlar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish belgilanib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-dekabrdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 346-son qaroriga muvofiq “E-SUD” milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratildi va uning yordamida sudga murojaatlarni elektron shaklda yuborish, sud ishi ishtirokchilarini xabardor qilish va ularga sud hujjatlarini elektron shaklda yuborish, sudga yuborilgan hujjatlarni koʻrib chiqish holatini kuzatib borish, elektron hujjat almashish, davlat boji, sud majlisi jadvali xizmatlarini koʻrsatish joriy qilindi.

Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish zarur. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.

Shuningdek, yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. O‘zbekistonda 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirgan qonun bilan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolati – alohida tashkil qilingan tergov sudyalariga o‘tkazildi. Ayni vaqtda O‘zbekiston bo‘ylab 200 dan ortiq tergov sudyalari ish boshlagan va ular, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Ammo ularda sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilmaganligi sababli 2026 yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi belgilandi.

Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirish maqsadida jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Shu jumladan, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmaydi. Shu bois murojaatnomada majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritish yuzasidan vazifalar belgilangan bo‘lib, kelgusida sohaga sun’iy intellekt joriy etilib, ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi.

Hozirda jinoyat turlari ichida korrupsiya jinoyatlari statistikasi oshib bormoqda. Korrupsiyaga qarshi kurash muammosi zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilikni takomillashtirish, bu sohadagi ta’limni rivojlantirish, fuqarolarning korrupsiyaga qarshi harakatlari uchun samarali tizimni yaratishdan iborat kompleks ta’sirini anglatadi va korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish, korrupsiyani rad etishning barcha ko‘rinishlari yaratilishi – bu hokimiyat hamda jamiyat uchun muhim va dolzarb vazifa hisoblanadi. Korrupsiya – bu davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiya – bu jamiyatga juda katta putur yetkazadigan dahshatli vabodir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslarini yemiradi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, iqtisodiyotning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini salbiylashtiradi va inson xavfsizligini tahdid ostiga soluvchi uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa salbiy hodisalarning ildiz otib, ommalashib ketishiga sharoit yaratib beradi. Ushbu halokatli hodisa, katta va kichik, badavlat yoki nochor bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi, lekin u ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarga o‘zining eng falokatli ta’sirini ko‘rsatadi. Korrupsiya aynan nochor bo‘lganlarga o‘lchab bo‘lmas darajada katta putur yetkazadi, chunki rivojlanish uchun mo‘ljallangan mablag‘larni o‘ziga tortadi, hukumatlarni aholiga asosiy xizmatlarni ko‘rsatish imkonidan mahrum qiladi, tengsizlik va adolatsizlikning ildiz otishiga sabab bo‘ladi hamda xorijiy investitsiyalar va yordamning kirib kelishiga to‘sqinlik qiladi. Korrupsiya sust iqtisodiy ko‘rsatkichlarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, iqtisodiy nochorlik ko‘lamini kamaytirish va rivojlanishni ta’minlash yo‘lida eng katta to‘g‘onoq hisoblanadi. Shu tufayli bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha Komplaens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘lishi nazarda tutildi.

Xulosa qilib aytganda, biz huquqshunoslar belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirishimiz zarur.

                                                           Gulchexra Tulaganova,

                    Toshkent davlat yuridik

  universiteti  professori,

                      yuridik fanlar doktori