Advokatlik faoliyatini litsenziyalash soddalashtirildi

    So'nggi yillarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga o'tish, barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish ishlari jadal rivojlanmoqda.

    Buning natijasida aholiga xizmat koʻrsatish sifati yanada kuchaymoqda va bir qator sohalar vakillari faoliyatining samaradorligi oshmoqda.

    Taʼkidlash joizki, raqamlashtirish jarayoni advokatura sohasini ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Jumladan, 2022-yil 5-avgustda Vazirlar Mahkamasining “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qaror bilan advokatlik faoliyatini litsenziyalash uchun talabgorning xohishiga koʻra, “Litsenziya” axborot tizimi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibi, advokatlik faoliyatini litsenziyalashni fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy va jinoiy sud ishlarini yuritish ixtisosliklari boʻyicha amalga oshirish, talabgorning advokatlik litsenziyasini olishi uchun talablar va shartlarni belgilash nazarda tutilgan.

    Shuningdek, litsenziyalovchi organ (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari) tomonidan oʻn ish kuni ichida “Litsenziya” AT orqali talabgorning arizasini koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish tartibi, talabgor yoki litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organ yoki uning mansabdor shaxsi qarorlari yoxud harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish hamda uni koʻrib chiqish muddatlari, tartibi va shartlari, advokatga advokatlik guvohnomasini bergan tegishli adliya organi tomonidan advokatning litsenziya talablari va shartlariga rioya etishini nazorat qilish, Advokatlik faoliyati uchun berilgan litsenziyalarning davlat reyestrini “Litsenziya” axborot tizimida elektron shaklda yuritish tartiblari belgilab qoʻyildi.

    Talabgor litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

    Tanlangan har bir ixtisoslik boʻyicha malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun 3 oy ichida tegishli litsenziyalovchi organga murojaat qilishi kerak.

    Litsenziya talabgorning doimiy yashash joyi boʻyicha cheklanmagan muddatga beriladi va Oʻzbekistonning butun hududida amal qiladi.

    Arizani koʻrib chiqish uchun BHMning 50 foizi (150 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim toʻlangach, ariza avtomatik tarzda talabgorning doimiy yashash joyidagi litsenziyalovchi organga yuboriladi. Shunga koʻra, ariza 10 ish kunida koʻrib chiqiladi.

    Litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, talabgorga xabarnoma yuboriladi. Talabgor xabarnoma yuborilgan kundan boshlab 3 oydan ortiq boʻlmagan muddatga davlat boji (BHMning 1 baravari – 300 ming soʻm) toʻlaydi. Davlat boji toʻlangach, talabgorga elektron shaklda QR-kod qoʻyilgan litsenziya yuboriladi.

    Mazkur tartib 2023-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.

    Axror Esonboyev,

    Toshkent viloyat adliya boshqarmasi

    yetakchi maslahatchisi