Davlat xavfsizlik xizmatining tezkor bo‘linmalari va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.

Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy hizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilib, zahri qotilni olib o‘tishni rejalashtirishgan.

Biroq, kasbiga sodiq xodimlar ularning rejasini barbod qilishdi.

Xususan, Afg‘oniston Respublikasidan Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvidagi “Mersedes” rusumli yuk avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada avtomashina tirkamasida olib kelinayotgan “Doosan” rusumli ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning ko‘targich qismi (“strela”) ichida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatildi.

Shundan so‘ng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali ko‘zdan kechirilganda, uning ko‘targich qismiga 593 kg “gashish” va 3 kg “opiy” giyohvandlik vositalari yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu narkotik moddalar egalarini qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.