Bundan maqsad — afgʻonistonlik tibbiyot mutaxassislariga koronavirus infeksiyasining profilaktikasi, tarqalishining oldini olish, uning diagnostikasi va davolash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrgatish, COVID-19ni davolashda zamonaviy va samarali usullarni qoʻllash boʻyicha ularning amaliy koʻnikmalarini va malakasini oshirishdan iborat.

20 nafar afgʻonistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya mamlakatimizda oʻn kun davomida boʻlib, maxsus oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etadi. Ushbu mashgʻulotlar koronavirus infeksiyasini davolash jarayonida bevosita qatnashgan professional mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan.

Oʻquv dasturini tayyorlashda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi xodimlarining oʻrni katta boʻldi.

Jumladan, shoshilinch tibbiy yordam, ftiziatriya va pulmonologiya, gematologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, akusherlik va ginekologiya, pediatriya, xirurgiya, koʻz mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, virusologiya kabi qator sohalar boʻyicha tibbiyot markazlari hamda ilmiy-tekshirish institutlarining yetakchi mutaxassislari tomonidan koronavirus infeksiyasini davolash va uning asoratlarini oʻziga xos jihatlari inobatga olingan.

Shuningdek, oʻquv mashgʻulotlari davomida Zangiota tumanidagi 1- va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida mahorat darslari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, mehmonlar koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalardagi hamkasblarining faoliyati bilan ham tanishadi. Afgʻonistonlik mutaxassislar Samarqand viloyatiga borishi ham koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash joizki, yurtimizda koronavirus infeksiyasini davolash boʻyicha bir qator amaliy yutuqlarga erishib kelinyapti. Jumladan, ayni paytda COVID-19 infeksiyasining inson organizmiga taʼsirini kamaytirish va davolashning samaradoriligini oshirishga yoʻnaltirilgan qator ilmiy loyihalar ustida ham ish olib borilyapti, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun, JSST maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistonda 52 909 holatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish qayd etilgan boʻlib, shundan oʻlim koʻrsatkichi 2 230 nafarni tashkil qiladi. Soʻnggi sutka davomida 200 nafar kishida yangi kasallanish holatlari aniqlangan.