Agar dunyoda bitta ayol qolganda ham zargarlar uchun, albatta, ish topiladi

    Oltinni ingichka sim sifatida cho'zish va xamirdek yupqa plastinka shaklida yoyish mumkin.

    Ushbu azaliy iboraning ahamiyati bugungi kunda oshsa oshib boryaptiki, aslo kamaygani yo'q. Ma'lumotlarga qaraganda, jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga o'syapti, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshib ketdi. Ushbu raqamlar sohaning salohiyatini ko'rsatgan holda, tabiiyki, ularning asosiy xaridori bo'lgan ayollarning istak-ishtiyoqining qamrovidan ham dalolat beradi. Xullas, zargarlik tarmog'i nafosat malikalarining orzu-maqsadlarini ro'yobga chiqarish uchun har qachongidan ko'ra ko'proq biri-biridan noyob, nafis, qimmatbaho zebu ziynat, duru gavharlarni taklif etmoqda.

    Ayni paytda dunyo bozorida oltinning 50 foizdan, ya'ni 2200 tonnadan ziyodi, kumushning 20 foizdan, ya'ni 6500 tonnadan ortig'i zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga ishlatiladi. YUrtimizda esa yiliga ikki tonna atrofida zargarlik mahsulotlari sotiladi. “O'zbekzargarsanoati” uyushmasining ma'lumotida aytilishicha, joriy yilning yanvar-may oylarida ichki bozorda 300 kilogramm oltin va 255 kilogramm kumush xarid qilingan.

    Bu ko'pmi yoki ozmi? Albatta, jahonda qimmatbaho metallar ishlab chiqarishda etakchilar qatorida turgan, o'tgan yili oltin eksporti bo'yicha har qanday mamlakatni ortda qoldirgan O'zbekiston uchun bu miqdor juda oz. Tabiiyki, buning sabablari ham ko'p edi.

    Zar qadrini zargar biladi

    Bu naql tilga olinganda, qalb ilhomi, katta sabr bilan yaratilgan nafis va go'zal zargarlik mahsulotlari ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi. Ular zargarning nainki boy iste'dodi farazi, balki nodir metallar ilmini, kimyoviy xossalarini va ularning milligrammlaridan qanday miqdorda foydalana bilish san'atini yaxshi o'zlashtirganligi tufayli dunyoga keladi. Masalan, kumush yaxshi silliqlanadi, ishlov berish uchun yumshoq, cho'ziluvchan bo'lib, undan yasalgan zargarlik va san'at buyumlari yuqori darajada nur qaytarish xususiyatiga ega. Mis va kumush buyumlari ustiga yupqa oltin qoplama berilsa, ular yanada chiroy ochishi barobarida uzoq yillar davomida o'z husnini yo'qotmaydi.

    Oltin ham kumush kabi xossalarga ega bo'lgani uchun uni ingichka sim sifatida cho'zish va xamirdek yupqa plastinka shaklida yoyish mumkin. Mutaxassislarning yozishicha, zamonaviy texnologiyalar asosida 1 gramm sof oltindan uzunligi 3 kilometrgacha bo'lgan soch tolasiday nozik sim yoki 50 kvadrat metrga etadigan o'ta yupqa qoplama tayyorlasa bo'ladi. Bunda oltinning rangi bilinar-bilinmas moviy-yashil tusga kiradi...

    Umidjon Hikmatov bu kabi fikrlarni ustozi Rustam Po'latovdan jon qulog'i bilan tinglagan, amaliy mashg'ulotlarda metallar xossalarini, ulardan oddiy taqinchoqlar yasash sirlarini qunt bilan o'rgangan. 2011 yilgacha Sag'bondagi kasb-hunar kollejida tahsil olishi barobarida zargarlik to'garagiga ham qatnadi. Olingan bilim va orttirilgan muayyan ko'nikma o'z uyida usta sifatida dastlabki taqinchoqlarni yasashda qo'l keldi. Aniqrog'i, ular risoladagidek chiqmagan bo'lsa-da, kelgusi ishlariga ishonch uyg'ondi. Uqigan amallarini sabr-toqat bilan sayqallashtira borib, ko'p o'tmay yaqin qarindosh va qo'shnilaridan buyurtma oladigan ustaga aylandi.

    —Yaqin paytgacha xomashyoni buyurtmachining o'zi keltirardi yoki “qora bozor”dan olishga to'g'ri kelardi, — deb eslaydi zargar. — Shu bois hadik bilan ishlardik. Buning ustiga yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar o'z mahsulotlarini to'g'ridan-to'g'ri sotish huquqiga ega emas edi. Ayrim paytlar vositachi do'konlarga topshirishga majbur bo'lardik.

    Haqiqatan, zargarlar ana shunday cheklovlar “zanjiri” ostida ishlashgan. To'g'ri, davlat korxonalari tomonidan zargarlik buyumlari va har xil taqinchoqlar ishlab chiqarilgan. Lekin bir “qolipdagi” zeb-ziynatlar ko'pincha ko'ngli nozik, didi yuksak xaridorlarning istagiga to'g'ri kelmagan. Buning ustiga zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish to'xtagan edi. SHuningdek, asillik darajasini belgilash, tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi ham aholi va tadbirkorlarga noqulaylik tug'dirardi.

    Ayniqsa, qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishdagi mavjud cheklovlar soha rivojiga katta to'siq edi. Shu bois uni bartaraf etish maqsadida 2019-yil yil 1-martdan boshlab qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilarga birja orqali to'g'ridan-to'g'ri sotishga ruxsat berildi. Lekin tilla, platina va kumush narxining yuqoriligi bois ularni xarid qilishga tizim korxonalari aylanma mablag'i etishmasdi...

    Chetda qolgan sohaga e'tibor o'zgargach...

    2019-yil 8-may sanasi soha tarixida tubdan burilish yasagan kun sifatida muhrlandi. Xuddi shu kuni Prezidentimiz zargarlik tarmog'ini rivojlantirish, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga sharoitni kengaytirish masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda sohani chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qo'ydi.

    Ko'p o'tmay, o'sha yili 18-mayda davlat rahbarining “O'zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog'ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

    — Men o'sha paytda zargarlik buyumlari tayyorlash uchun litsenziyaga ega bo'lgan yakka tartibdagi tadbirkor edim, —deydi Umidjon Hikmatov. — Farmon bilan bizga o'zimiz ishlab chiqargan mahsulotni mustaqil ravishda chakana tartibda sotish, aholidan qimmatbaho metall parchalari, toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni sotib olish huquqiga berildi. Istagan paytda bu borada broker orqali birjaga ham murojaat qilishimiz mumkin.

    Yana bir qulaylik shundaki, zargarlik buyumlarimizga asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga bu belgini o'zimiz qo'yish huquqiga ham ega bo'ldik.

    Bu kabi rag'batlardan ruhlangan usta Chilonzor tumanining Maqsud Shayxzoda mahallasida o'zining zargarlik ustaxonasini ochdi. Unga dunyodagi eng jibilajibon, sayroqi, go'zal qushcha bo'lgan “Kodibri gold” nomini qo'ydi va shu nom ostita o'nlab zargarlik mahsulotlari tayyorlayapti. Besh shogirdni ishga olgan. Avvalgi hadik va cheklovlar erkin ishlash va yangidan-yangi g'oyalarni ishga solish ishtiyoqiga almashgan. Lekin har bir zargarlik buyumi, xoh u sirg'a, bilaguzuk yoki hadya etiladigan buyumlar bo'lsin, sifatiga o'zlari kafil. Shu bois mas'uliyat ham shunga yarasha katta.

    — Yaqinda Termiz shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Afg'oniston ishbilarmonlarining biznes forumida, Tojikistondagi ana shunday ko'rgazmalarda ishtirok etdim, — deydi zargar. — Ularda yurtimizda tayyorlangan boshqa mahsulotlar kabi zargarlik buyumlariga ham qiziqish katta bo'ldi. endigi maqsadim hamkorlik aloqalarini o'rnatib, zargarlik buyumlarimiz eksportini yo'lga qo'yish, Bu borada ham tadbirkorlarga etarli shart-sharoitlar yaratilgan.. Hozir bir qator kelishuvlar ustida ish olib boryapmiz.

    — Ko'rgazma va festivallar milliy an'nalarimizni keng targ'ib qilish, tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda mahalliy zargarlarning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi, — deydi “O'zbekzargarsanoati” uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Nodir Mirahmedov. — Jumladan, Prezidentimizning shu yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo'zlikva zargarlik festivalini o'tkazish to'g'risida” qaroiga binoan, 2022-yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo'zlik va zargarlik festivali, uning doirasida ilmiy-amaliy konferentsiya, ko'rik-tanlov, taqdimot va ko'rgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma'rifiy va targ'ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etiladi. Festivalga uyg'un ravishda Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog'i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda, “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko'rgazma-savdosi o'tkaziladi.

    Shu bilan birga, Dubay (BAA) shahrida bo'lishi rejalashtirilgan “World Expo – 2021”, keyinchalik xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan barcha nufuzli ko'rgazmalar doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etilishi ko'zda tutilgan.

    CHinakam sanoat darajasiga chiqish yo'lida

    Prezidentimiz shu yil 15-yanvar kuni poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan tanishdi. Qiymati 20,8 million AQSH dollarilik mablag' jalb etilgan loyihaning salohiyati katta. Italiya, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalar orqali yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

    — Bizning maqsadimiz yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o'rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta'minlash, — degan edi davlatimiz rahbari korxona bilan tanishish chog'ida. — O'zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo'li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an'analarni tiklash, o'zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor

    Korxona ayni kunda o'zbek an'anaviy zargarlik buyumlarini Evropa va Italiya dizayni bilan yanada boyityapti. Buning uchun italiyalik dizaynerlar bilan hamkorlikda ish olib borilyapti. Asillik darajasi va sifatini kafolatlash, oltinga ishlov berish usullarini yangilash asosida noodatiy zeb-ziynatlar ishlab chiqaryapti, har xil o'lchamdagi yombilar savdosini yo'lga qo'yishni, Hindiston, Afrika va Shri-Lankada ishlov berilgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan foydalanib, taqinchoqlar yaratishni yo'lga qo'ygan

    Zavodga xomashyo mamlakatimizdagi yirik tog'-kon sanoati korxonalaridan birja savdolari orqali sotib olinadi. Zargarlik buyumlari “Fonon” brendi ostida ulgurji va chakana savdo orqali bozorga chiqarilyapti. Shu yerning o'zida joylashgan savdo do'konidan qimmatbaho metall va toshlardan yasalgan jozibador zargarlik buyumlarini xarid qilish mumkin.

    Faxriddin Ro'ziyev bundan 33 yil muqaddam o'sha kezda Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Toshkent zargarlik zavodida muhandis sifatida ish boshlagan. Keyinchalik uning nomi “Fonon”ga aylanganda ham rahbarlardan biri sifatida faoliyatini davom ettirdi. Tadbirkorlik salohiyatini sinovdan o'tkazish maqsadida 2011-yilda “Berill gold” xususiy ishlab chiqarish korxonasiga asos soldi. Unga o'rnatilgan asbob-uskunalar har qanday uslubdagi zargarlik buyumlarini tayyorlash imkoniyatiga ega.

    Koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlari sohani ham, uning korxonasini ham chetlab o'tmadi. Eng avvalo, mahsulotga buyurtmalar kamaydi. Mana endi astta-sekin ishlar yurishib boryapti. Avvallari aholining oltin taqinchoqlarga ehtiyoji katta bo'lsa, keyingi paytda kumushdan yasalgan buyumlarga buyurtmalar ortgan. Bundan tashqari, o'ttizdan ortiq xususiy tadbirkorlarning zargarlik do'koniga shartnoma bo'yicha o'nlab turdagi zeb-ziynatlar yetkazib beriladi.

    Davlatimiz rahbarining zargarlik sohasini rivojlantirishga ko'rsatayotgan e'tibori, ayniqsa, shu yilning 22-fevralida imzolagan “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida belgilangan imtiyozlardan juda mamnun.

    — Men uzoq yillar ishlagan va keyingi paytda to'xtab qolgan “Fanon”ning bugungi zamonaviy salohiyati, tayyorlayotgan mahsulotlari sanoatimizning rivojlanish darajasidan dalolat beradi, — deydi Faxriddin Ro'ziyev. — Buni sohamizdagi har bir ishlab chiqaruvchi amalda his qilyapti. Bir paytlari birgina ruxsatnoma olish azoblarini tortgan, siqib suvingni ichadigan tekshirishlarni boshidan o'tkazgan hunarmandlar hozirgi yaratilgan imkoniyatlar qadr-qimmatini yaxshi biladi. Bunday imkoniyat intilish, izlanish, yangi loyihalarni ishga tushirishga ruhlantiradi. Biz hozir turkiyalik hamkorlarimiz bilan mavjud ishlab chiqarishimizni kengaytirish, xorijning o'ta zamonaviy dastgohlari bilan jihozlash rejasini nihoyaga etkazish arafasida turibmiz.

    Prezidentimizning shu yil 22-fevraldagi qarorida belgilangan bir jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Unda hozirgi kunda qimmatbaho metallar to'g'ridan-to'g'ri shartnoma asosida yoki tovar-xom ashyo birjasi orqali narxning 15 foizlik avans to'lovini amalga oshirgan holda, 180 kunga kechiktirib to'lash sharti bilan sotilishi ko'zda tutilgan. Bu jarayonda mutasaddi bank kafolat bo'ladi. Ushbu qulaylik tadbirkorlarga, ayniqsa, o'z ishini endi boshlagan hunarmandlarga o'z aylanma mablag'larini to'ldirish, xomashyoni olish va o'z ishini yuritishda katta moliyaviy ko'mak bo'lyapti. Qolaversa, bizga 2022-yilning 1-iyuliga qadar qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish aylanmasi qo'shilgan qiymat va aktsiz solig'idan ozod etilgan.

    Palataning yangi loyihasi

    Moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi realizatsiya qilishga mo'jallangan qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini asillik darajasini aniqlash va O'zbekiston Respublikasi davlat tamg'alari bilan tamg'alashni ta'minlab beruvchi vakolatli organ hisoblanadi. Ular sotuvga qo'yilganda, amaldagi qonunga binoan, o'rganish va tamg'alash tartibidan o'tishi kerak.

    Mazkur idora zargarlik mahsulotlarni sotadigan biznes vakillarini amalda ham qo'llab-quvvatlab keladi. Bugungi kunda mamlakatimizda 522 ta tadbirkorlik subektida ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma mavjud.

    “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur o'rin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo'lib yashashiga va ishlashiga zamin yaratmoqda.

    — Ishga tushirilgan yangi namunaviy loyihaning mohiyati ham ana shu maqsadga qaratilgan, — deydi Davlat asillik darajasini belgilash palatasi raisi Baxtiyor Xudoyberdiyev. — Bunda sifatsiz va qalbaki mahsulotlarni sotuvdan chiqarish, zargarlik buyumlarining qonuniy savdosi uchun sharoit yaratish, sohada yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilib, ularning sotib olingan mahsulotlarning sifati va qonuniyligiga ishonch hosil qilishini ta'minlash asosiy o'rin tutadi.

    Birinchi bosqichda, palataning mobil` guruhi Toshkent shahrida joylashgan Oloy bozoridagi ixtisoslashgan do'konlarda ishlovchi tadbirkorlik subyektlariga ko'maklashdi. Ular bilan ochiq muloqot yo'lga qo'yilib, yuzaga kelayotgan masala va muammolarni hal etishga ko'maklashildi. Ularning ixtiyoriga ko'ra, sotuvdagi zargarlik buyumlarini sinash va tamg'alash ishlari olib borildi.

    Shuningdek, loyiha doirasida tadbirkorlik subektlariga hujjatlar bilan ishlashda amaliy yordam ko'rsatildi. Buning uchun mobil guruhga litsenziyalash bo'limi mutaxassislari kiritilgan. Masalan, bozorda ro'yxatdan o'tgan 28 ta tadbirkorlik subyektidan 8 tasi shu papytga qadar mazkur faoliyatni amalga oshirmagan, 4 tasi esa vakolatli organni xabardor qilmagan holda ish yuritgan. Palata xodimlarining yordami bilan ular tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirdi va endilikda o'z faoliyatini qonuniy asosda amalga oshiradigan bo'ldi. Bu O'z navbatida, ularga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari hisobida jarima to'lashdan saqlanish imkonini berdi.

    Loyihaning ikkinchi bosqichida mobil guruh Chilonzor tumanidagi “Gold sentr” savdo markazida, uchinchi bosqichda esa poytaxtimizning Shayhontohur tumanidagi “Chorsu” savdo majmuasida tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko'rsatadi. Keyingi oylar davomida viloyatlar hamda sayyohlik markazlaridagi yirik savdo majmualarida ana shunday ishlar davom ettiriladi.

    Xullas, tizimning sanoat darajasiga ko'tarilishi va qulay ishbilarmonlik muhitida faoliyat ko'rsatishi uchun huquqiy asoslar moliyaviy imkoniyat va rag'batlar etarli. Ko'hna naqllarga amal qilgan holda, dunyoning mashhur brendlari bilan raqobtlashish, milliylikka uyg'un zamonaviy zargarlik buyumlari bilan dunyo bozorlarini egallash asosiy vazifa. Zar qadrini yaxshi biladigan kasb egalari yaxshi biladi, uch yarim milliarddan ortiq ayollar yashayotgan bu dunyoda zargarlar uchun ish miqyosi juda katta, lekin ular qalbiga yo'l topish, nozik did va xilqatlariga munosib durdonalar yasash oson ish emas. Shu bois o'ta yuksak mas'uliyat, katta qunt-sabr va izlanishlar evaziga noyob hamda betakror zargarlik buyumlari yaratilgan va bundan keyin ham olam ahlini hayratda qolaveradi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi