Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisi oʻtkazildi

    Agrosektor 23 Avgust 2021 2272

    Bugun Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda parlament yuqori palatasining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, “Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida”gi Qonun qishloq xoʻjaligi kooperativlari faoliyatini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadlariga xizmat qiladi.

    Qonun bilan qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalari faoliyatining asosiy tamoyillari mustahkamlanmoqda. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi kooperativini tashkil etish mexanizmlari, xususan, kooperativni tashkil etish va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qishloq xoʻjaligi kooperativlariga yer uchastkalarini berish va ulardan foydalanish tartibi hamda qishloq xoʻjaligi kooperativining ustaviga doir talablar belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, kooperatsiyaning boshqaruv organlarini tashkil etish tartibi, ijro etuvchi organlar, kuzatuv kengashi va ularning vakolatlari, yigʻilishlarni chaqirish va qarorlar qabul qilish tartibiga oid normalar nazarda tutilmoqda.

    Qonunda qishloq xoʻjaligi kooperativi mulkini shakllantirish manbalari, pay badallari va pay fondi, foyda va zararni taqsimlash, kooperatsiya va aʼzolarning mulkiy javobgarligining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi kooperativiga aʼzolikka doir masalalar ham ochib berilmoqda. Xususan, oʻn olti yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi kooperativi ustavi talablariga mos boʻlgan yuridik shaxslar qishloq xoʻjaligi kooperativining aʼzosi boʻlishi mumkinligi keltirib oʻtilmoqda.

    Majlisda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

    Qayd etilganidek, Prezidentning 2019-yil 16-avgustdagi “Qorakoʻlchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 17-yanvardagi “Pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturi va rejalar ishlab chiqilgan. Ularning ijrosini taʼminlash choralari koʻrilgan. Jumladan, Respublikada 53,5 ming gektar tutzor barpo etilib, joriy yilning bahorgi mavsumida 62,5 million tup tut koʻchati va 53 million tupdan ortiq yakka qator tut daraxtlari ekilgan.

    Qolaversa, 11 ta ipak qurti urugʻchilik korxonasi tashkil etilgan boʻlib, ular tomonidan 2019-yilda 157,8 ming quti, 2020-yilda 185,9 ming quti, 2021-yilda 240 ming quti sanoatbop ipak qurti urugʻlari ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, 2019-2020-yillarda ipakchilik yoʻnalishida investitsiya dasturiga asosan 123 ta loyiha doirasida 163,4 million dollarlik mablagʻlar, shu jumladan, 10,4 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilingan.

    Soʻnggi toʻrt yilda pillachilik klasterlari soni 19 tadan 76 taga yetkazilgan. Respublikamiz yaylovlarida 93 ming gektardan ortiq kavrak oʻsuvchi maydonlar mavjud boʻlib, mazkur yoʻnalishda 7 ta kavrakchilik klasterlari tashkil qilingan. 2019-2020-yillarda qorakoʻl qoʻylarining naslini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyati Konimex tumanida, Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida va Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir tumanida Qorakoʻlchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    Majlisda amalga oshirilgan ishlarga qaramay ipakchilik, tutchilik, qorakoʻlchilik va madaniy yaylovlar barpo etishni rivojlantirish bilan bogʻliq tizimli muammolar saqlanib qolinayotgani taʼkidlandi.

    Xususan, “Pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, yangi intensiv tutzorlar barpo etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-fevraldan boshlab, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan pillachilik va tutchilik tashkilotlariga maydoni 35 gektardan ziyod tutzorda suv chiqarish uchun burgʻulangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million soʻmgacha subsidiya berilishi belgilab qoʻyilgan.

    Biroq Jizzax viloyati Yangiobod tumanida tadbirkorlik subyektlari tomonidan burgʻulangan quduq va suv tortish uchun qurilish nasos stansiyasi qurilib, subsidiya olish boʻyicha barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtirilgan boʻlsada, bugungi kunga qadar subsidiya mablagʻlari ajratilmagan. Bu holat tizimdagi boshqa intensiv tutzor barpo qilish istagida boʻlgan tadbirkorlarning oʻz loyihalari toʻxtatib qoʻyilishiga sabab boʻlmoqda.

    Shuningdek, respublika boʻyicha tutzorlar barpo etish uchun ajratilishi lozim boʻlgan 20 ming gektar yer maydonidan atigi 9 ming gektari (45 foiz) ajratilgan xolos.

    Yana bir jihat respublikadagi mavjud tutzorlar va yakka qator tut daraxtlari xatlovdan oʻtkazilganda rejada belgilangan 3,3 ming gektar tutzor va 26,5 million tup yakka qator tut daraxtlari mavjud emasligi aniqlangan.

    Qolaversa, klasterlarga ajratilishi belgilangan qishloq xoʻjaligi maydonlaridan Buxoro viloyatida 339 gektar, Qashqadaryo viloyatida 441 gektar kam yer ajratilgan. Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida umuman yer ajratilmagan.

    Majlisda senatorlar tomonidan bu borada amalga oshirilishi zarur boʻlgan jihatlarga eʼtibor qaratilib, taklif va tavsiyalar bildirildi.

    Shuningdek, koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.