Ahmadali ASQAROV: Har bir arxeologik obyekt ostida katta xazina — tarix bor

    O'zbeklar 4 ming yil oldin paxta ekkan, ipak matolar Xitoydan oldin bizda ishlab chiqarilgan ekan.

    Tarix fanlari doktori, professor, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi Ahmadali Asqarov haqida ko'pchilik yaxshi biladi. Bir kam to'qson yoshni qoralagan bu insonning umri arxeologik ekspeditsiyalarda o'tdi. Hozirgacha yangi obyektlarni ochishda qatnashadi. Asosiy faoliyati O'rta Osiyoda saqlanib qolgan moddiy-madaniyat yodgorliklarini ochish va ularda arxeologik tadqiqotlar o'tkazish yo'li bilan O'zbekiston xalqlari tarixini o'rganishga bag'ishlangan. Ilmiy izlanishlari natijalari 20 dan ortiq monografiya, 600 dan ziyod ilmiy maqolalar, 1 ta darslik va 8 ta o'quv-metodik qo'llanmadan joy olgan. Ilmiy ishlarining ko'pi dunyoning turli davlatlarida chop etilgan.

    Qahramonimiz bilan suhbatlashish uchun kirib borganimizda, kitob o'qib o'tirganlariga guvoh bo'ldik. Ko'rinishidan ancha tetik, basavlat bu odam kitobni ko'zoynaksiz o'qiyotgan edi. Atrofida esa ayoli narsalarni tartibga solish bilan ovora. Onaxonning ham harakatlari yosh kelinlarnikidek chaqqongina. Kirishdan ularga havas qildik: bizni ham shu yoshlarga etkazsin, ularga ko'z tegmasin.

    Meni va yonimdagi fotomuxbirni samimiy qarshi olishdi. Qahramonimiz qo'llaridagi kitobga ishora qilib, tarixiy roman ekani, yaqinda chop etilgani, muallif ularga ilk o'quvchilardan biri sifatida sovg'a qilib, fikrlarini bildirishlarini so'raganini aytdi. Asar bu insonga juda ma'qul kelibdi, tarbiyaviy ahamiyati katta ekanini ta'kidladi. Asar mazmuni haqida ham bir qancha mulohazalarini bildirdi. SHundan so'ng salkam to'rt soat davom etgan suhbatimizga kirishdik. Ahmadali akaning o'zi aytganidek, eslab qolish qobiliyati o'ta yaxshi ekan. Nutqi ham ravon bo'lgani uchun tinglash juda maroqli bo'ldi. Aslida, arxeologlarning faoliyati doim ham shunday qiziq bo'lsa kerak. Arxivning o'zginasi bo'lgan bu odam bilan suhbatlashib, o'tgan asrning mustaqillikkacha bo'lgan davrlari haqida ham qiziqarli ma'lumotlar oldik. Har bir hikoyasini jon qulog'imiz bilan tingladik. Men hikoya deb atayotganim, aslida, bir insonning butun boshli umri, boshdan kechirganlari, salkam 90 yillik tarix.

    Taqdir hazili yoki...

    Bolaligim qishloqda — Namangan viloyati Norin tumanida o'tgan. Oilamizda 14 farzand dunyoga kelgan, nobud bo'lganlaridan qolganimiz 8 nafar edik. Onam rahmatli ko'p bolali ayol sifatida qahramon bo'lganlar. Otam oddiy mirishkor dehqon edi. Umr bo'yi halol mehnat ortidan 5 o'g'il, 3 qizni tarbiyalab voyaga etkazishdi. Men boshqalardan farq qilardim. Qo'limdan kitob tushmas, xotiram nihoyatda yaxshi edi. Doim otamning yonlarida yurib, ularga ko'makdosh bo'lardim. Shundanmi, ularning menga mehrlari bo'lakcha edi. Otamning yo'lidan ketsam, dehqon bo'lishim kerak edi. Ammo maktabni tamomlagach, ularga o'qish niyatim borligi, dehqonchilik yomon ish emasligi, ammo mening ilm olishga mehrim baland ekani, oilamizda ham o'qimishli inson chiqishi mumkinligini aytdim. Shunda otam “aka-ukalaringga nisbatan menga bo'lgan mehring, qo'limdan ishni olishga urinishing menga yoqadi bolam, sen ketsang qanotimdan ayrilib qolaman. O'qiganlarning hammasi ham olim bo'lavermaydi, dehqon bo'lsang ham elga xizmat qilasan”, dedi. Butun vujudim bilan o'qishga intilishim borligini aytib, otamni ko'ndirdim. Endi Toshkentga borib o'qish uchun pul topish kerak edi. Kolxozdan yordam so'raganimizda imkonlari yo'qligini aytishdi.

    O'shanda 50-yillarning boshlari edi. Qishlog'imizda bir quruvchi bo'lardi. Shu odam o'qishga ketishim uchun pul kerakligini bilardi. Bir kuni menga yarim gektar maydoni borligi, shu yerdagi sholizorni o't-o'landan tozalashim evaziga pul taklif qilib, kuniga 10 rubldan to'lashini aytdi. O'sha davrda bu katta pul edi. Men rozi bo'ldim va ishni 10 kunda bitirish evaziga 100 rubl to'lashiga kelishdik. Mehnatdan qochmaydigan, har qanday ishni tez va a'lo darajada bajarishga odatlangan yigitman. Sholipoyada tong sahardan yarim kechgacha tinmay ishladim, otam rahmatli menga ovqat tashirdilar. Shu zayl belgilangan maydonni 3 kunda o'tab qo'yibman. Kelishuvga ko'ra, 100 rublni oldimda, 50 rublini ota-onamga qoldirib, qolgani bilan Toshkentga yo'l oldim.

    Sharqshunos bo'lish maqsadida hozirgi Milliy universitetga hujjat topshirdim. Yettita fandan imtixon olinardi. Shundan oltitasidan a'lo bahoga o'tdim, ammo rus tilini bilmasligim pand berdi. Xotiram kuchli bo'lgani uchun rus tilidan bayon yozish imtixonini yaxshi topshirdim, lekin og'zakiga kelganda o'ta olmadim. Qishlog'imizda o'rislar bo'lmagani, amaliyot yo'qligi sabab bu tilda so'zlasha olmasdim. O'qishga qabul qilinmaganimdan hafa bo'lib ketayotganimda, o'sha kuni davlatimtixonlari bo'yicha mas'ul sarkotibni uchratdim. U Shayhontohur tumanida yangi YUridik institut ochilgani, unga meni qabul qilishlari mumkinligini aytdi. Qishloqqa qaytishga orim yo'l bermadi va o'sha o'qishga borib, qabul qilindim. Bir oy o'qiganimizdan keyin talabalarni paxtaga jo'natadigan bo'ldi. Men qishlog'imga bordim. Ota-onamga Yuridik institutga kirib, tahsil olayotganimni aytdim. Shunda onam bu nima degani ekanini so'radi. Men sodda esa u erda sudya, prokuror bo'lib chiqishimni, odamlarni sud qilishimni aytdim. Buni eshitgan onam vahima va yig'iga tushdi: “Sen endi odamlarni sud qilib, jinoyatchiga chiqaradigan bo'lasanmi”, dedi. Gap shundaki, o'sha paytda onamning kenja ukasi moliyachi bo'lgani uchun yaqinlarining gapiga kirib 1947-yilda pul almashtirishda noqonuniy ishga qo'l urgani ortidan 12 yilga qamalib ketgan edi. U bizning uyda tarbiyalangani bois, bu holat onamga qattiq ta'sir qilgan. Shu bois, mening yurist bo'lishimga qarshilik qildi va o'qimaysan, deb turib oldi. Onamning gapini ikki qila olmadim — o'qishga qaytib bormadim. Bir yil qishloqda qolib ketdim.

    Salkam 70 yildan buyon birga, yonma-yon

    Har narsa yaxshilikka, deb bejiz aytishmaydi. Onaning so'zini erda qoldirmagan Ahmadali kelasi yili yana Toshkentga kelib, Nizomiy nomidagi Pedagogika institutiga hujjatlarini topshirdi va tarix fakultetiga o'qishga kirdi. 1957-yilda o'qishni a'lo baholar bilan tamomladi. Talabalik yillarida bilimga chanqoq, aqlli bu yigit ustozlarining e'tiboriga tushgandi. Fanlar Akademiyasining o'sha vaqtdagi Prezidenti Habib Abdullaev har yili oliy o'quv yurtini a'lo baho bilan bitirgan yigit-qizlar uchun Moskvaga borib, 150—200 tagacha SSSRning markaziy shaharlarida aspiranturada o'qishi uchun o'rin olib kelardi. Yo'llanmani qo'lga kiritganlar orasida Ahmadali Asqarov ham bor edi. Uni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida arxeologiya fanidan o'qitgan ustozi YAxyo G'ulomov tavsiya qildi. Ahmadali yo'llanmani oladi, ammo aspiranturaga kirmasdan, qishloqqa — ota-onasining oldiga qaytadi.

    — Qishloqqa borib, maktabda bolalarga tarix fanidan dars bera boshladim, — deydi A.Asqarov. — Orada to'yim bo'ladigan bo'ldi. O'zim 21 yosh, tanlagan qizim 17 yosh edi. Qonunchilikka ko'ra, voyaga etmagan qizga uylanish taqiqlangan ekan, biz bundan bexabar to'yni boshlab yubordik. To'y kuni tegishli tashkilotlar kelib, marosimni to'xtatdi, o'zimni qamoqqa olmoqchi bo'lishdi. Lekin hamma meni o'ta mehnatkashligim, kuniga 300—350 kilogacha paxta terishimni bilardi. Talabalik davrimda ham, maktabda ishlab yurganimda ham eng ko'p paxta teruvchilar qatorida bo'lganman. Qamalmaslik uchun meni o'qituvchi va bolalarni paxtaga jalb etilgan vaqtida 4-sinf bolalariga paxta terdirish vazifasidan ozod etib, o'zimni terimga chiqarishlarini so'radim. Shunda eng orqada qolgan brigadadan 7 gektar er berishdi. Alamimdan tinimsiz paxta terardim, kuniga o'rtacha 350 kilogacha topshirardim. Dalada bir xona ajratilgan, o'sha yerda yotardim. Bir oyda qo'llarim qavarib, panjalari shishib ketdi. Mening paxta terishim butun respublikaga yoyildi, har tomondan jurnalistlar keldi. Men haqimdagi maqolalarni o'qigan Namangan viloyati ijrokomi oliy ma'lumotli ekanimni ko'rib, paxta maydoniga keldi. Men bilan suhbatlashgach, muammoyimni eshitdi va to'yni o'tkazishga ruxsat qog'ozi tayyorlab berdi. SHunday qilib, 14 noyabr` kuni to'yimiz bo'ldi. Salkam 70 yildan buyon ko'z ochib ko'rgan ayolim bilan ahil, inoq yashab kelyapmiz. Oilamizda ortiqcha janjal, to'polonlar bo'lmagan. Birgalikda 4 o'g'il, 1 qizni tarbiyalab, voyaga etkazdik. Hammasi o'zi tanlagan kasbdan ketdi va bunga aslo qarshilik qilmadik. Bir etak nabira, avaralarimiz bor, Allohga shukr.

    Ahmadali akaning turmush o'rtog'i Muborak aya ham namanganlik. Ikkalalari bir qishloqdan, bir maktabda oldinma-ketin o'qishgan. Aya hozir 84 yoshda, kasbi tarixchi. To'rtinchi farzandni dunyoga keltirgandan keyin tarix yo'nalishida tahsil olgan ekan. Bir muddat Samarqanddagi arxeologiya institutida, keyin 10 yil maktabda tarix fanidan dars bergan. Toshkentga ko'chib kelganlaridan keyin ham ikki yil ishlab, so'ng nafaqaga chiqqan.

    Ahmadali aka har gap orasida ayolini qo'shib gapirishiga e'tibor berdim. Albatta, avaylab, erkalab gapiryapti. Muborak aya bilan chetroqda qilgan alohida suhbatimizda Ahmadali aka bilan yashash qanday bo'lgani, fe'llari haqida so'rab oldim. Piru-badavlat bo'lib yashashning siriga qiziqdim. “Bu odam oylab, yillab ekspeditsiyada yuradi, ishlari shunday. Xarakteri injik insonlardan emas. Uyga kelganida darrov issiq ovqatini berib, ishga chiroyli kiyintirib jo'natsam bo'ldi. U qilmabsan, bu qilmabsan, degan gaplab, zarda, urushishlar shu paytgacha bo'lmagan Allohga shukur. Bordiyu, sal ovozlari balandlasa, darrov tashqariga chiqib ketaman, shu bilan o'ziga kelib qoladi. Birgalikda turli davlatlarga bo'ldik. O'g'illarimning orqasidan ham dunyoning ko'plab mamlakatlariga sayohatlar qildim”, deydi aya ko'zlari chaqnab.

    O'z farzandlaridek qabul qildi

    Xo'sh, Ahmadali akaning arxeolog sifatidagi faoliyati qachon boshlandi? U aspiranturada o'qidimi yoki yo'q? Bu savollar o'quvchilarimiz kabi meni ham qiziqtirardi. Qahramonim esa shoshmasdan gapirib berishda davom etdi.

    — Maktabda o'qituvchi bo'lib yurganimda, meni Norin tumani partiya tashkilotining birinchi kotibi chaqirib, raykomning targ'ibot bo'limida ishlashimni aytishdi. Buning uchun Toshkentga bir oylik kursga yuborishdi, — deydi A.Asqarov. — Borsam, bari o'zimning institutda dars bergan domlalarim. Bir oy o'sha erda o'qidim. Bir kuni zerikib, darsdan keyin shahar aylanish uchun 10-tramvayga chiqdim. Qarasam, tramvayda menga dars bergan akademik Yaxyo G'ulomov o'tiribdi. O'sha vaqtda Fanlar Akademiyasida tarix va arxeologiya instituti direktori ekan. Meni ko'rishi bilan bu erda nima qilib yurganim, meni toza izlashgani, aspiranturaga o'qishga borishim kerakligini aytdi. Men targ'ibotchi bo'lmoqchiligimni aytganimni bilaman, jahl bilan qo'limdan sudrab tushib, to'g'ri institutga olib bordi. Hujjatlarimni topshirib, imtixonlardan o'tdim va aspiranturaga qabul qilindim. Bu orada Norin tumani harbiy bo'limi meni harbiy xizmatga olib ketmoqchi bo'ldi, ammo viloyat harbiy komissariati yo'llanmani ko'rib, meni xizmatdan ozod etishdi.

    Shunday qilib, aspiranturada o'qish uchun Leningradga yo'l oldik. U yerda biz aspirantlarni ilmiy rahbarlarga biriktirishdi. Menga Mixail Gryaznov degan arxeolog olim ilmiy rahbar bo'ldi. Domla o'sha kuniyoq uyiga olib ketdi. Yolg'iz ayoli bilan yasharkan, ikkisi ham mashhur arxeolog, ilmga berilgan odamlar ekan. Qo'lida 20 dan ortiq shogirdi bo'lsada, o'ta tirishqoqligim va ilmga chanqoqligimni sezib, faqat meni yonida olib yurardi. O'zlari jamoat uyida yashaydi, 40 tacha oila bir darvozadan kiradigan jamoat uyida yasharkan. er-xotin arxeologlarga bittagina xona berilgan, uning ham ichi to'la kitob. Bitta farzandlari bor bo'lib, joy bo'lmaganidan Qozog'istonda yasharkan. Shu kichkinagina uyning kitob javonlari orasidan bir burchagini menga ajratishdi, o'z farzandlaridek qabul qildi. Rus tilini bilmasdim, ular menga ham rus tili, ham arxeologiyani o'rgatdi. Olti oyda meni nafaqat rus tilida gapiradigan, balki shu tilda arxeologiya bo'yicha maqola yozadigan qilib yubordi. Barcha ekspeditsiyalariga olib borardi. er-xotin o'ziga alohida, menga alohida palatka tikardi. Ilmiy ishim mavzusi Buxoro vohasi bilan bog'liq bo'lgani uchun, bu yerdagi ekspeditsiyalarimga ham kelishardi. Ana shu insonlardan arxeologiya sirlarini o'rgandim.

    1962-yilda Krasnoyar GeSI qurilishi munosabati bilan arxeologik ekspeditsiya tashkil etildi. Unga domlam Mixail Petrovich bosh bo'ldi va O'rta Osiyo bo'yicha bitta meni o'zi bilan olib ketdi. Vazifamiz GeS qurilishidan oldin hududni o'rganib, maydonni bo'shatib berish edi. U vaqtda har qanday qurilish arxeolog ruxsati bilangina boshlanishi shart bo'lgan. Domlam o'rganishim uchun bitta obyektni berdi. Qo'limda 40 dan ortiq ruslar ishlaydi. Obyektda turkiyzabon ajdodlarimizning Andranova madaniyatiga tegishli qabrlari bor ekan. Qabrlarning biri balandroq ekani, qabr ustiga yopilgan plita toshlari butun ekanini ko'rib, darhol qabila sardorining qabri ekanini bildim. Qizig'i, bu qabr o'g'irlanmagan edi. Gap shundaki, o'sha vaqtlarda qabr o'g'irlari bo'lgan va kamdan-kam qabr ulardan saqlanib qolgan. Qabila sardorining qabri esa bus-butun edi. SHov-shuv bo'lmasligi, o'g'rilar ko'paymasligi uchun qabrni himoyalab, tegishli tashkilotga xabar berdim. Ular 4 kun deganda etib keldi va obyektni ochdik. Salkam 5 kvadrat metr maydon o'rtasida erkak kishi qabri, uning atrofi to'la qimmatbaho boyliklar edi. Qabr bundan 3,5 ming yil oldin qazilgan va qabila sardori unga butun boyliklari bilan ko'milgan. Qabrdan chiqqan barcha narsalarni 2 kun deganda yig'ib oldik va ular 4 yashik bo'ldi. Xomashyo sifatida rasmiylashtirilib, qoidaga ko'ra, belgilangan summaning 20 foizi menga berildi. Bu o'sha vaqtda 5 ming rubl` edi. Pullarni olib qishloqqa qaytdim va otam bergan uyni buzib, butkul qaytadan qurdim. Eng zamonaviy qurilish materiallaridan foydalandik. Uy 40 kunda bitdi.

    Dunyo tan olgan topilma

    O'qishdan qaytgach, Ahmadali Asqarov turli lavozimlarda ishladi, ko'pchilikning e'tiboriga tushdi. 1970-yilda Samarqandda Arxeologiya instituti tashkil etiladigan bo'ldi. Institut ochilishiga ruxsat olish uchun Ahmadali 6 oy Moskvada yurib, 40 ta ekspertning roziligini oladi. O'sha paytda SSSR bo'yicha ikkita Arxeologiya instituti bo'lgan, biri Moskvada, biri Kievda. Uchinchisi esa Samarqandda tashkil etildi. Bunga arxeolog Ahmadali Asqarovning Sopoltepadagi ochgan katta kashfiyoti ham sabab bo'lgandi.

    — O'sha kezlari ilmiy ishim doirasida Sopoltepa yodgorligini o'rganganman va bundan 4 ming yil burungi shahar madaniyati namunalari, san'at asarlarini topishga muvaffaq bo'ldim, — deydi arxeolog olim. — Biz topgan turli xil sopol idishlar chinnidek sifatli edi. Ular shunday engilki, chertsa jaranglaydi. Unga qadar shaharsozlik madaniyatini O'zbekistonga Axamoniylar va Iskandar Zulqarnayn olib kirgan, o'zbek xalqi chorvador, cho'pon edi, madaniyat degan narsa yo'q edi, deb kelingan. Mening kashfiyotim esa barcha farazlarni o'zgartirib yubordi. To'rt yil davomida tadqiqot olib borib, ob'ektni to'liq ochdim. U erda paxtachilik, ipakchilikni ajdodlarimiz bundan 4 ming yil avval kashf etgani aniqlandi. O'zbeklar 4 ming yil oldin g'o'za navli paxta ekkan. Ipak matolar Xitoydan oldin bizda ishlab chiqarilgan ekan. Buni ipak kiyimga o'ralgan odamlarning qabrlari isbotladi. Ipak qurti boqqan ayollar qabrlarini ochdim, ularning boshida tut daraxtidan qilingan taroqlari bor edi. Sopoltepada jami 138 ta qabr ochdim va ularning bari uylarning ostiga ko'milgan edi. U vaqtlari hali Islom dini kirib kelmagan va mahalliy aholi odatiga ko'ra, o'lgan kishi hayotligida nima bilan shug'ullangan bo'lsa, barcha asbob-uskunasi bilan qo'shib ko'milgan. Odamlar narigi dunyoda ham shu ishi bilan shug'ullanadi, degan tasavvur bo'lgan. Qabrlardan chiqqan mato, uskunalarga qarab o'sha odamning dehqon, duradgor, to'quvchi, zargar, temirchi, doya yoki boshqa kasb egasi ekanini bilish mumkin. Boylar esa butun bisoti, eng kenja ayoli, uning kanizagi va boyliklari bilan qo'shib ko'milgan. Bularning bari haqiqiy etnografiya. Umrim davomida 10 mingdan ortiq shunday qabrlarni ochishga muvaffaq bo'ldim.

    Ana shu kashfiyot Samarqandda arxeologiya instituti ochilishiga sabab bo'ldi. Ahmadali Asqarov esa unga 1987-yilga qadar direktorlik qildi. Keyin esa Respublika rahbariyati meni Toshkentga ko'chirib kelinib, Fanlar Akademiyasi Prezidenti a'zoligi va gumanitar fanlar bo'limini boshqarishni topshirdi. Ustoz esa arxeologik faoliyatini yanada faol davom ettirdi.

    Qahramonimizning topilmalar mavjud ob'ektni aniqlash qobiliyatini Xudo yuqtirgan. Manzilni borib ko'rgandayoq u erda biror nima bor yoki yo'qligini sezadi. Olimning eng katta ishlaridan biri Surxondaryodagi Jarqo'ton yodgorligidan topilgan 100 gektarlik qadimiy shahar va bronza davriga oid ibodatxona xarobalaridir. Bu O'zbekiston zaminida topilgan zardushtiylik diniga oid birinchi ibodatxona edi.

    — Qadimiy shaharchaning bir gektardan ortiq maydonida monumental ibodatxonani ochdik, — deydi olim. — U erda Zardushtiylikka oid olovga, tuproqqa, suvga sig'inishning hammasi moddiy materiallarda o'z aksini topgandi. Unga qadar jahonda zardushtiylik bundan 2,5 ming yil oldin ilk temir davrida paydo bo'lgan, deb hisoblanardi. Mening topilmalarim bilan zardushtiylikning ancha avvalroq — bronza davrida yurtimiz hududlarida paydo bo'lganini isbotlab berdim. Buni dunyo olimlari tan oldi va YUNESKO Avesto yubileyini yurtimizda o'tkazish huquqini berdi. Bunga qarshi chiqqan mamlakatlar ham bo'ldi. Men o'sha davlatlarga ham borib, dunyo olimlariga ilmiy asoslab berdim.

    Arxeologik ob'ektlarni muzeylarga aylantirish nega kechikyapti?

    O'zini ilm-fan, biror sohaga fido qilgan inson o'sha sohaning rivoji uchun ham qayg'urishi tabiiy. Ayni paytda taniqli arxeologni ham o'ylantirayotgan, tashvishga solayotgan masalalar bor. Bu yurtimizdagi arxeologik obyektlarni saqlab qolib, ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirish va kelajak avlodlarga yetkazish bilan bog'liq. Bu borada davlatimiz rahbarining topshiriqlari, tegishli qarorlar ham bor. Ammo ish cho'zilayotgani olimni o'ylantirmoqda.

    — Avvalgi davrlarda ko'plab arxeologik tadqiqotlar olib borilgan, mablag'lar ajratilgan, lekin topilmalar faqat muzeylargagina qo'yilgan, alohida holda turistik ob'ekt sifatida saqlanmagan, — deydi A.Asqarov. — Dastlab mustaqillik yillarining boshlarida ham bu narsaga deyarli e'tibor berilmadi. Masalan, men Arxeologiya institutiga direktor etib saylangan davrimda O'zbekistonda 15 mingta arxeologik obyekt bor edi, hozir 4,5 mingta qolibdi. Ko'pi buzilib ketgan, yer maydonlari o'zlashtirib yuborilgan, imoratlar qurilgan. Ob'ektlar atrofidagi himoya zonalarida ham odamlar o'zboshimchalik bilan qurilishlar qilib tashlagan. Toshkent shahri hududida 50 ta Oqtepa bo'lgan, hozir shundan 4-5 tasi qolgan xolos. Shoshtepa ob'ekti ham abgor ahvolda. Ulardan topilgan me'moriy qurilmalar yo'q bo'lib ketyapti. Ana shularni saqlab qolish, Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig'i bilan aytilgan muzeylar tashkil etish vazifasini amalga oshirishimiz kerak. Davlatimiz rahbari bu masalaga juda katta e'tibor qaratdi, olimlarni to'plab, ob'ektlarni muzeyga aylantirish vazifasini qo'ydi, topilmalar yo'q bo'lib ketmasin, saqlaylik deyapti. Lekin amalda ayrim mas'ullar sustkashlik qilayotgani kishini qiynaydi.

    Madaniy meros agentligi tomonidan 18 ta arxeologik ob'ektni muzeyga aylantirish belgilanganiga 3 yildan oshyapti. Lekin birortasi ham haligacha muzeyga aylantirilmadi. Ana shu obyektlardan birinchisi qadimiy Axsikent shahri va men ochgan Namangan viloyati Norin tumanidagi Uchtepa qishlog'idan topilgan qadimgi Haylam shahri zardushtiylik ibodatxonasidir. Ibodatxona Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. Uchtepa 2 obyekti ilmiy jihatdan o'rganildi, ammo uni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish loyihasi hozirgacha yakuniga yetkazilmadi. Uchtepa qishlog'ining o'rni qadimda Xaylam shahri deb nomlangan. Xaylam esa ikki daryo — Qoradaryo va Norindaryo o'rtasidagi hozirgi Norin, Uchqo'rg'on, Uychi, Namangan tumanlari va Andijonning Izboskan tumani hududida joylashgan muzofotning poytaxti hisoblangan. Shu yerdagi zardushtiylik ibodatxonasidan naq 70 ta otashkada topildi. Bunaqa ko'lamdagisi dunyo miqyosida hali ham topilmagan. Qo'lga kiritgan manbalarimizning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos.

    Ana shu obyektni muzeyga aylantirish ishlari boshlangan, lekin ayrim sabablarga ko'ra haligacha oxiriga etmayapti. Ibodatxona qoldiqlari Namangan viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan mablag' hisobidan yengil konstruktsiyalar bilan o'ralib, usti yopildi. Norin tuman hokimligi hududda yer tekislash va devor olish ishlarini amalga oshirdi. endi bu erda bir maromdagi haroratni ta'minlab beradigan muhit yaratish zarur. Buning uchun majmuani qishin-yozin 22 darajadagi harorat bilan ta'minlaydigan maxsus qoplamalar talab etiladi.

    Bu ishlarga pul ajratilyapti, lekin joyiga etib bormayapti. Bir arxeolog sifatida shularni o'ylab qayg'uraman. Har bir tepalik tagi xazina, ularda juda katta tarix yotibdi. O'zbekistonda hozirning o'zida 100 dan ortiq shunday obyektlar bor, ularning ro'yxatini berganman. Agar shularni muzeyga aylantirsak, sayyohlar oqimi ham keskin ortadi. Asosiysi, arxeologik ob'ektlarni saqlab qolishimiz, kelajak avlodga yetkazishimiz kerak.

    Ahmadali aka hozir ham arxeologik ekspeditsiyalar olib bormoqda. Obyektlarning biri Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Suyurlitepa bo'lsa, ikkinchisi Ohangaron tumani, Olmaliq shahridan 12 km shimoli-sharqda joylashgan Tunkat yodgorligidir. Ularda ham so'nggi antik davridan to somoniylar va qoraxoniylar davriga oid qadimiy yodgorliklar topilgan. Tadqiqot ishlari esa davom etmoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    “Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 10.02.24-y, 30-sonida e'lon qilingan”