Unda senatorlar, Oʻzbekiston Respublikasi gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi aʼzolari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar kengashi aʼzolari, vazirlik va idoralar masʼul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlis davomida Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, mahallardagi holat, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash, oila munosabatlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʻlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga zarurati boʻlgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli koʻmaklashish boʻyicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.
Bu yoʻnalishda manzilli, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar boʻyicha mutlaqo yangi — “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan xotin-qizlar va yoshlar boʻyicha tegishlicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari hayotga tatbiq etildi.
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish oila va jamiyatdagi oʻrni va ishtirokini kengaytirish boʻyicha birgina joriy yilda 7 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Bugungi kunda mamlakatimiz parlamentida ayol deputatlar soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, ayol senatorlar esa Senat aʼzolarining 23 foizini tashkil etdi. Mahalliy kengashlarda ayol deputatlar soni 25 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston parlamenti jahondagi 190 ta parlament orasida 44-oʻrinni egalladi.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, har bir hududda “Xotin-qizlar tadbirkorligi markazlari” tashkil etildi. Ular uchun tegishli jamgʻarmalar va tijorat banklarida imtiyozli kredit liniyalari ochilgan.
Beshta muhim tashabbus doirasida 21 500 nafar xotin-qiz qisqa muddatli professional kurslarda oʻqitildi. Natijada oʻz ishini yoʻlga qoʻygan ayollar soni bir yilda deyarli 45 mingga ortdi, ular tomonidan minglab yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.
Respublika boʻyicha 30 yoshdan yuqori boʻlgan jami 6,5 millionga yaqin xotin-qiz bilan muloqot oʻtkazilib, ularning 6,8 foizi yaʼni 432 ming 781 nafari “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi, Davlat byudjetidan har yili 300 milliard soʻm mablagʻ ajratib borish yoʻlga qoʻyildi;
Hozirgi kunga qadar “Ayollar daftari”ga kiritilgan 131 274 nafar ishsiz xotin-qizlardan 131 109 nafarining bandligini taʼminlandi.
36 394 nafar xotin-qizlardan 36 308 nafari kasb-hunarga va hayotga ruhlantirish (motivatsiya berish) boʻyicha oʻqitildi. 69 877 nafar xotin-qizlardan 68 281 nafari tadbirkorlikka jalb etildi va ularga kredit olishga koʻmaklashildi. 15 665 nafar xotin-qizlarga tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun koʻmaklashildi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda mavjud kredit tizimining ogʻirligini yana-da yengillashtirish maqsadida Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 2021-yilning shu vaqtiga qadar 8 919 nafar ayol-tadbirkorlarga 17,5 milliard soʻmdan ziyod kreditlari uchun 6,8 milliard soʻm miqdorida kafillik taqdim etildi, 26 450 nafar ayol-tadbirkorlarga 36,6 milliard soʻmlik kreditlari uchun 4,5 milliard soʻmlik kompensatsiya taqdim etildi.
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqish toʻlovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga (2 ming) ortdi;
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi.
Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pogʻonaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-oʻrinni (2019-yilda 139-oʻrin) egalladi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga, hududda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha ayrim kamchiliklar kuzatilayotganligi ham qayd etildi. Qoʻmita majlisida ekspertlar tomonidan jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, oila munosabatlarini yana-da yaxshilash boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.