Bir misol – dangʻaralik Muxtasarxon Hojimatovaga 2019-yili imtiyozli kredit asosida namunaviy loyihalar asosida qurilgan uy-joy ajratish belgilangan. Boshlangʻich toʻlov uchun kreditning 10 foizi davlatimiz tomonidan toʻlab ham berilgan. Ammo qurilish ishlari choʻzilib, uylarni foydalanishga topshirish ishlari kechikkan. Yaqinda unga bank kredit ajratar ekan, yangi tartibga koʻra boshlangʻich toʻlov uchun yana qoʻshimcha 5 foiz mablagʻ toʻlashi kerakligi aytiladi. Oʻrtada bank xodimlari bilan tushunmovchilik kelib chiqadi. Muxtasarxon Hojimatovaning ommaviy qabuldagi murojaatidan soʻng bu masala hal qilindi, ularga ipoteka krediti boshlangʻich toʻlov toʻlangan davr – 2019-yilgi tartib boʻyicha rasmiylashtiriladigan boʻldi. Bu murojaat asosida dangʻaralik yana 9 kishi – jami 10 nafar fuqaroning xuddi shu masaladagi muammosi hal qilib berildi.
Shu kabi muloqotlar natijasida yaqinda Quvasoy shahridagi kar-soqovlar maxsus maktab internatidan noqonuniy ishdan boʻshatilgan Gulnoza Tugalboyeva va Muyassar Yormamatovaning huquqlari himoya qilinib, ular oʻzlari ishlagan muassasadagi oʻz vazifasiga ishga tiklandi.
Toʻrt kunlik qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari 933 ta masalani koʻrib chiqdi. Muloqotlar natijasida 7 nafar shaxs sud zalidan, 193 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi.
Shuningdek, sayyor sud majlislarida 166 nafar shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar ham atroflicha koʻrilib, ularning arizalari qanoatlantirildi. Bitta shikoyat boʻyicha sud qarori ijrosi toʻxtatildi. Qoʻqonlik Matluba Isoqova 3 farzandning onasi. Boquvchisi yoʻq. “Temir daftar”ga kiritilgan. Oʻgʻli Neʼmatjon yaqinda togʻasining avtomashinasini haydab koʻchaga chiqadi va yoʻl harakati qoidalarini buzadi. Avtomobil jarima maydoniga olib kiriladi. Bu ayol ommaviy qabulda oʻgʻli xatosi uchun toʻgʻri jazolanganini, biroq jarimani toʻlashga imkoni yoʻqligini aytib, masʼullardan yengillik soʻradi. Viloyat sudi va Qoʻqon shahar ichki ishlar boshqarmasi masʼullari bu murojaat asosida maʼmuriy ishni tezkor, ammo batafsil koʻrib chiqdi. Onaning ijtimoiy ahvoli, oʻgʻlining pushaymonligi hisobga olinib, aybdorga yengillik berildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar koʻrib chiqqan murojaatlar asosida aliment boʻyicha 74 ta, ish haqi undirish yuzasidan 2 ta sud buyruqlari chiqarilib, ijroga qaratildi. Yuridik ahamiyatga ega faktlarni belgilashga oid 13 ta ariza qanoatlantirildi. Taraflar yarashganligi va daʼvogar daʼvosidan voz kechgani sababli umumiy mulkni boʻlish, taʼminot undirish haqidagi ikkita ish yuritishdan tugatildi. Bitta iqtisodiy ish boʻyicha taraflar yarashtirilib, kelishuv bitimi tasdiqlandi. Kelishmovchiliklar bois anchadan beri Hasanovlar oilasining ham tinchi buzilgan, oila ajrashish yoqasiga kelib qolgan edi. Ommaviy qabulga ajrashish niyatida kelgan bu oila bilan suhbatlashilgach, ular yarashtirildi. Bir oila saqlab qolindi.
Toʻrt kun ichida 183 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi. Yaʼni 183 nafar murojaatchi oʻz arizasini Oliy sudga taqdim qilish uchun poytaxtga kelib-ketish oʻrniga shu yerning oʻzida Oliy sud masʼullariga bevosita taqdim qilish, bu boradagi barcha savoliga javob olish imkoniga ega boʻldi.
Bosh prokuratura mutasaddilari 528 ta masalaning 82 tasiga joyida yechim topdi. Misol uchun Muqaddasxon Umarova 2013-yilda bankka mablagʻ qoʻyadi. Oradan 6 yil oʻtib – 2019-yilda omonatga qoʻygan mablagʻini foizlari bilan qaytarib oladi. Ammo 2020-yilda, bankdagilar, negadir oʻzlari toʻlagan foizni ortiqcha toʻlangan deb topib, onaxonning pensiyasidan har oy mablagʻ ushlab qola boshlaydi. Ayni shu masaladagi savollariga javob izlab kelgan Muqaddasxon ayaning masalasi ham oʻrganib chiqilib, qonuniy-adolatli hal qilib beriladigan boʻldi.
Ichki ishlar vazirligi masʼullari jazodan ozod qilish, surishtiruv va tergov, ichki ishlar organlariga ishga tiklanish, ishga kirish, fuqarolik, pasport-viza, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va boshqa masalalarga oid 264 ta murojaatni koʻrib chiqdi. Ularning 112 tasi joyida hal qilindi. Xususan, 95 nafar shaxslarni muddatidan oldin shartli ravishda jazodan ozod qilish boʻyicha sudlarga taqdimnomalar kiritilib, ular jazodan ozod etildi. Xususan, rishtonlik Gʻolibjon Yoʻldoshev oʻtgan yili avtomobilni notoʻgʻri boshqarib, yoʻl-transport hodisasi sodir qiladi. Oʻzining ham, oʻzganing ham avtomobili jiddiy zarar koʻradi. Oilasi barcha zararni qoplab bergach, Gʻolibjonga 2 yildan ortiq muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilanadi. Jazoning yarmini oʻtagan Gʻolibjon Yoʻldoshevning murojaatidan soʻng uning qilmishidan toʻgʻri xulosa chiqargani, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtib, jazoni oʻtash uchun oʻrnatilgan tartib-qoidalarga rioya etgani, halol mehnat qilayotgani uchun ichki ishlar organlari taqdimnomasi asosida oʻtalmay qolgan 1 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosidan shartli ravishda ozod etildi.
Oʻzbekistonlik Iltimosxon Uchqunova esa 2020-yili 5 ta tikuv mashinasi olib kelinlari bilan oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Ishlari yurishib, ular tikkan mahsulotlarning bozori chaqqon boʻla boshlaydi. Biroq oʻtgan yili uning bir mahalladoshi 21,4 million soʻmlik tovarini sotib berishini aytib olib ketadiyu, unga 3 million soʻm toʻlaydi, xolos. Ayol ichki ishlar organiga murojaat qilgach, yana 8 million soʻmi olib beriladi, biroq qolgan summa hali ham qaytarilmagan. Iltimosxon opaning vazirlik masʼullariga murojaatidan soʻng qoʻshimcha tergov-surishtiruv jarayonida barcha masalaga oydinlik kiritilib, bu masala hal qilib beriladigan boʻldi.
Qoʻqonlik Baxtiyor Burhonov 2020-yil 29-noyabr kuni uch nomaʼlum shaxs mast holatda uning uyiga kirib, uni haqorat qilgani va salomatligiga ziyon yetkazganiga qaramay, zoʻravonlarga hech qanday chora koʻrilmayotganidan arz qildi. Vazirlik masʼullari mazkur holat boʻyicha adolatli-xolis tergov oʻtkazilishini oʻz nazoratiga oldi.
Ommaviy qabullar davomida barcha soha mutasaddilarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida 57 nafar murojaatchi ishga joylashtirildi, 25 kishiga imtiyozli kredit, 45 nafar yoshlarga yer maydoni ajratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 nafar xotin-qizga tikuv mashinkasi, uy-roʻzgʻor buyumlari, 4 ta oilaga uy-joyini taʼmirlashi uchun qurilish materiallari olib berildi Sogʻligʻini tiklash masalasida murojaat qilganlarning 12 nafariga bepul davolanish uchun yoʻllanma, 24 nafariga nogironlik aravachasi, ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari berildi.
Umumlashtirib aytganda, Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan ommaviy qabullarda 2 ming 188 nafar murojaatchining 2 ming 217 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 708 tasi joyida hal etildi, 538 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan 971 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.