Ajdodlar merosi - bagʻrikenglik poydevori

    Fikr 13 Noyabr 2025 214

    Bugungi globallashuv jarayonlarida turli madaniyatlar va dinlar vakillari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalasi har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    Diniy qadriyatlarni notoʻgʻri talqin qilish oqibatida yuzaga kelayotgan nizo va qarama-qarshiliklar jamiyatlar barqarorligiga jiddiy tahdid solmoqda. Shu nuqtayi nazardan, islom dinining tinchlik, bagʻrikenglik va insonparvarlikka asoslangan asl taʼlimotlarini chuqur oʻrganish hamda uni keng ommaga yetkazish muhim vazifalardan biriga aylangan. Shiddat bilan oʻzgarib borayotgan dunyoda insoniyat oldida turgan eng ulkan vazifalardan biri – bu turli madaniyatlar, millatlar va dinlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, hamjihatlik va totuvlikni asrab qolishdir. Oʻzbekiston kabi yuzlab millat va elat vakillari, turli diniy konfessiyalar bir oiladek yashab kelayotgan yurt uchun bu masala hayotiy ahamiyatga ega.

    Movarounnahr hududida shakllanib, asrlar davomida mintaqa musulmonlarining eʼtiqodiy asosi boʻlib xizmat qilgan moturidiylik kalom maktabi aynan shunday moʻtadil va bagʻrikeng taʼlimot sifatida alohida ajralib turadi. Ushbu maktab naqliy dalillar bilan bir qatorda aqliy mulohazaga ham keng oʻrin berishi bilan tanilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek: “Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va taʼlimoti esa eʼtiqod borasida asrlar davomida bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat timsoli boʻlib kelayotgani tahsinga sazovordir”.

    Davlatimiz rahbari tomonidan “Uchinchi Renessans” poydevorini qurish vazifasi ilgari surilayotgan bir paytda, biz oʻz tariximizga, ilmiy-maʼnaviy merosimizga yangicha nazar tashlashimiz har qachongidan ham muhimroqdir. Chunki biz izlayotgan koʻplab savollarga javob, bugungi kunning tahdid va muammolariga yechim aslida oʻzimizning buyuk oʻtmishimizda, ajdodlarimizning beqiyos asarlarida mujassam.

    Xalqimiz necha asrlar osha fiqhda hanafiy mazhabiga, aqidada esa Imom Moturidiy asos solgan maktab moturidiylik taʼlimotiga ergashib keladi. “Moturidiylik” deganda faqat diniy qoidalar yigʻindisini emas, balki insonni fikrlashga, aqlni ishlatishga, moʻtadil boʻlishga chorlaydigan butun bir maʼnaviy-maʼrifiy tizimni tushunish lozim.

    Shuningdek, moturidiy taʼlimotida diniy matnlarni tushunishda inson aqlining ham oʻrni bor ekani, kishini dinga koʻr-koʻrona ergashish yoki oyat va hadislarni yuzaki tushunish kabi holatlardan yiroq tutadi. Mazkur taʼlimotning oʻziga xos xususiyati sifatida moʻtadillik tamoyini ham alohida qayd etish joiz. Moʻtadillik bir jihatdan dinni butunlay inkor etish yoki haddan tashqari dunyoga ruju qoʻyishdan, ikkinchi jihatdan esa oʻta mutaassiblik, radikallik va oʻzgalar fikrni butunlay inkor etishdan saqlanishga chaqiradi. Bu oltin oʻrtalik yoʻlidir. Aynan shu ikki xususiyat, aqlga tayanish hamda moʻtadillik Movarounnahr xalqlarining ming yillar davomida turli madaniyatlar va dinlar chorrahasi boʻlgan Buyuk Ipak Yoʻli boʻyida ham ilm-fanni, ham oʻzlikni saqlab qolishiga zamin yaratgan.

    Imom Moturidiydan keyin ham bu taʼlimot toʻxtab qolmadi, balki uning shogirdlari va izdoshlari tomonidan asrlar davomida rivojlantirilib borildi. Ana shunday yetuk olimlardan biri, XIII-XIV asrlarda yashab oʻtgan Rukniddin Ubaydulloh ibn Muhammad Samarqandiydir. Samarqandda tavallud topib, ilm-fanning ilk poydevorini shu muqaddas zaminda olgan bu olim, keyinchalik ilmiy faoliyatini Bagʻdod va Damashq kabi oʻsha davrning yirik ilm markazlarida davom ettiradi. U Damashqdagi mashhur “Zohiriya” va “Nuriya” madrasalarida bosh mudarris sifatida faoliyat yuritib, Movarounnahr kalom maktabining ilgʻor gʻoyalarini butun islom olamiga tarqatgan.

    Rukniddin Samarqandiyning biz uchun ahamiyati shundaki, u oʻz davrining eng yirik mutakallimlaridan biri sifatida moturidiylik taʼlimotining eng nozik va muhim jihatlarini tartibga solib, bir necha asarlar yozib qoldirgan. Uning “al-Aqidatu ar-Rukniya” nomli kitobi moturidiylikning ijtimoiy-falsafiy asoslarini, jumladan, aynan bagʻrikenglikka oid qarashlarni oʻzida mujassam etgan muhim manba hisoblanadi. Bugungi kunda turli buzgʻunchi oqimlar din nomidan murosasizlik, oʻzgalarni “kofir”ga chiqarish va zoʻravonlikni targʻib qilayotgan bir paytda, yetti asr oldin yashab oʻtgan bobokalonimizning asarlariga murojaat qilish, ularning asl mohiyatini anglash biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

    Rukniddin Samarqandiy oʻz asarlarida bagʻrikenglikni shunchaki chiroyli shior yoki ijtimoiy kelishuv sifatida emas, balki buzilmas eʼtiqodiy asoslar sifatida talqin etadi. Bagʻrikenglikning ilk va eng asosiy poydevori insonni hurmat qilishdir. Moturidiylik taʼlimoti bu masalaga kengroq va chuqurroq qaraydi. Unga koʻra, insonning qadri uning eʼtiqodi yoki amalidan oldin, uning “inson” boʻlib yaratilganidadir. Qurʼoni karimdagi “Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik...” (“Isro”surasi, 70-oyat) hamda “Haqiqatan, Biz insonni xushbichim va xushsurat (shaklda) yaratdik” (“Tiyn” surasi, 4-oyat) kabi oyatlar buning asosi boʻlib xizmat qiladi.

    Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida din nomidan sodir etilayotgan xunrezliklar, mutaassiblik va ekstremizm avj olayotgan bir paytda, ajdodlarimizning mazkur muammolarning ildiziga bolta uradigan mukammal aqliy-maʼrifiy tizimni yaratib ketgani tahsinga sazovor. Islomda insoniyat orasidagi din, til, rang va madaniyatlardagi farqlar nizo va adovat uchun emas, balki oʻzaro tanishuv va hamjihatlik uchun ilohiy hikmat asosida yaratilgandir. Movarounnahr kalom maktabi boʻlmish moturidiylik taʼlimoti va uning Rukniddin Ubaydulloh Samarqandiy kabi namoyandalari merosi islom dinining bagʻrikenglik, insonparvarlik va tinchliksevarlikka asoslangan asl mohiyatini oʻzida mujassam etgan. Ushbu taʼlimot inson qadrini ulugʻlash, fikriy xilma-xillikni qadrlash, eʼtiqod erkinligini hurmat qilish va musulmonlar orasidagi hamjihatlikni mustahkamlash uchun mukammal aqidaviy asoslarni taqdim etadi.

    Dinni niqob qilib olgan turli ekstremistik gʻoyalar avj olayotgan bir paytda, Rukniddin Samarqandiy kabi buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish va uning insonparvarlik tamoyillarini keng targʻib qilish jamiyatimizda sogʻlom diniy muhitni shakllantirish, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash uchun har qachongidan ham muhimroqdir. Bu meros asrlar sinovidan oʻtgan, aql va naqlni uygʻunlashtirgan, bagʻrikenglikka chorlovchi bebaho maʼnaviy xazinadir.

    Sunnatulla Abdullayev

    Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tayanch doktoranti,

    Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi