“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻygan mamlakatimizda ulusning ming yillik tajriba, tushuncha va qadriyatlariga tayangan tengi yoʻq merosimizni oʻrganish maʼnaviyat va maʼrifatning ajralmas qismi sifatida ustuvor vazifaga aylandi. Yangi Uygʻonish davri – Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan bugungi tarixiy kunlarda hazrat Alisher Navoiy merosi va gʻoyalarini chuqur oʻrganish va yoshlarga yetkazish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi ham ushbu xayrli ishga munosib hissa qoʻshishni asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilab, u zotning asarlarini ilmiy tadqiq etish, qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan yozma merosimizni oʻrganish anʼanalarini davom ettirib kelmoqda.
Buyuk mutafakkir bobomiz tavallud kuni munosabati bilan universitet jamoasi yana bir yirik anjumanning tashabbuskori boʻldi. “Alisher Navoiy dunyo sharqshunoslari nigohida” mavzuidagi xalqaro onlayn ilmiy-amaliy anjumanda dunyoning 15 mamlakatidan 60 ga yaqin turli tashkilot va oliy oʻquv yurtlaridan 130 dan ortiq navoiyshunos olimlar oʻz ilmiy chiqishlari bilan qatnashdi. Allomaning adabiy merosi koʻplab mamlakat olimlari, tadqiqotchilar, sharqshunoslar, oʻqituvchi va talabalar tomonidan atroflicha tahlil etildi.
Gulchehra RIXSIYEVA, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori:
– Alisher Navoiy oʻzbek xalqining ming yilliklar bilan boʻylashadigan bebaho qadriyatlari va yozma yodgorliklarini yuksak choʻqqiga chiqargan buyuk tafakkur egasidir. Uning avlodlarga qoldirgan merosi bashariyat maʼnaviyatining oʻq tomirlaridan. Globol taraqqiyotning hozirgi bosqichida hazrat asarlarining jamiyat maʼnaviy yuksalishidagi oʻrni va qadri tobora oshib borayotganligi ochiq koʻrinmoqda. Dunyoning yetakchi aql markazlarida Navoiy ijodi yangicha ilmiy qarashlar va yondashuvlar asosida tadqiq va targʻib etilmoqda.
Soʻz mulkining sultoni barcha zamonlar va barcha makonlar mutafakkiri sifatida dunyo xalqlari tafakkuri rivojida favqulotda oʻrin tutadi. Dunyoning yetakchi sharqshunoslik markazlarida asrlar mobaynida shoir merosi chuqur oʻrganilib kelinadi. Uning umumbashariy gʻoyalari, xususan, bagʻrikenglik, mehr-oqibat, ogohlik, elsevarlik, xalqlar doʻstligi singari qadriyatlarga yoʻgʻrilgan fikrlari hech qachon oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi.
Mutafakkir ijodining yuksak namunalarini oʻqib oʻrganish, oʻlmas gʻoyalarini targʻib qilish, ayniqsa, yoshlarmizga oʻzligini anglatish, maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida, umuminsoniy gʻoyalar asosida tarbiyalashda ayricha oʻringa ega.
Mirvohid AZIMOV, Turkiy kengash Bosh kotibi oʻrinbosari:
– Buyuk mutafakkir allomaning hayoti va ijodi turkiy davlatchilik boshqaruvi va rahbar shaxs maʼnaviyati nuqtayi nazaridan ham keyingi avlodlar uchun ibrat namunasi boʻla oldi. U davlat boshqaruvida oʻz qobiliyatini koʻrsatib, “Amiri kabir” unvoniga sazovor boʻldi. Bosh vazir lavozimida, avvalo, butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatishga qaratdi.
Oʻz faoliyatida ijtimoiy-siyosiy masalalarni adolatli hal etish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga bir xil munosabatda boʻlishga eʼtibor qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi va shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat berdi.
Alisher Navoiy ijodida ideal hukmdorni tavsiflash orqali rahbarlarni chin maʼnoda adolatparvar va insonparvar boʻlishga, xalq dardini tinglashga, ilm-maʼrifatni ragʻbatlantirishga daʼvat qildi. Shuningdek, u oʻz davridagi nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning vazifalarini suiisteʼmol qilishlarini va taʼmagirliklarini fosh etdi, ojiz va muhtoj kishilarni oʻz himoyasiga oldi.
Navoiyning “Vaqfiya” asaridan uning oʻzi ham muntazam ilm ahlini qoʻllab-quvvatlab kelgani, talabalarga va mudarrislarga maosh tayin qilgani, “Ihlosiya” madrasasi va soʻfiylar uchun “Xalosiya” kabi xonaqolar qurdirgani maʼlum. Mutafakkir shoir ijodi, xayrli ishlari haqida bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Asarlarini bilish, ulardan ibrat olish kishilarni, yoshlarimizni yaxshilikka undaydi, komillikka yetaklaydi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, ulugʻ mutafakkirimizning soʻnmas xotirasi va ijodini abadiylashtirish, uning timsolida turkiy dunyoning ilm-fan va maʼrifat ruhini jahon hamjamiyatiga tanitish maqsadida, hozirda Turkiy Kengash doirasida “Turkiy sivilizatsiya va maʼnaviyatini rivojlantirish uchun” Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, Turkiy kengash va sherik tashkilotlar oʻrtasida, jumladan TURKSOY, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi, Turkiy akademiya hamda turkiy dunyo oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan birgalikda Alisher Navoiy madaniy haftaligini aʼzo-davlatlarda oʻtkazish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Bilal CHAKICHI, TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari:
– Oʻzbekiston keyingi yillarda keng qamrovli transformatsiya jarayoniga kirdi. Bu jarayonlar bizning TURKSOY (Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti) bilan aloqalarni yangi sifat bosqichiga chiqardi hamda turkiy dunyodagi madaniy, maʼrifiy, gumanitar aloqalarga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Turkiy olamning eng buyuk mutafakkiri, turkiy adabiyotning sultoni Alisher Navoiy merosini oʻrganish TURKSOY tashkilotining muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan. Navoiy dahosi va uning asarlari yolgʻiz oʻzbek adabiyotiga emas, balki butun turkiy adabiyotga turtki bergan hamda taʼsir etgan. Turkiy olamning gʻururi, oʻzbek xalqi tarbiya qilgan buyuk ziyoli va mutafakkir Alisher Navoiyni hurmat va minnatdorlik bilan eslash va uni oʻrganish TURKSOY tashkilotining bu yilgi ish rejasiga kiritilgan.
Oʻzbek adabiyoti asoschisining hayot va ijod yoʻli, qoʻlyozmalari, uning manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqi, asarlari poetikasi, til va uslub xususiyatlari, dunyo badiiy va falsafiy tafakkurida alloma ijodining oʻrni, navoiyshunos mutaxassislarning yangi avlodini tarbiyalash masalalari boʻyicha TURKSOY tashkiloti ham oʻzini masʼul deb biladi.
Mehmet Surayyo ER, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Turkiy dunyo deb ataydiganimiz hududda koʻngillarni birlashtirgan eng muhim unsur umumiy lisonimiz – turkiy til. Bu ulkan hududning uzoq masofalariga qaramay bir-biriga bogʻlagan eng mustahkam rishta ham albatta, mushtarak tilimizdir.
Turkiya Jumhuriyatining Oʻzbekistondagi elchisi sifatida meni eng xursand qilgan narsa, xizmatim davomida oʻz mamlakatimda, Anadoʻlu diyorida boʻlgandek his qilishim boʻldi deb ayta olaman. Oramizda minglab kilometrlik masofa borligiga qaramay, mushtarak tilimiz va tamaddunimiz tufayli ayni maqollarni, matallarni va iboralarni qoʻllashimiz, bir-birimizning milliy sheʼr va ashulalarimizni tinglab, ayni zavqni va tuygʻuni his qilishimiz turkiy olamining butunjahon miqyosidagi eng katta boyligidir. Shunday yaqinlik tufayli hayotga ayni darchadan boqa olamiz, minglab farsah olisda boʻlsak-da qalblarimiz bitta orzu yoʻlida urib turadi. Shu doirada, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida oʻz nutqini oʻzbek tilida soʻzlaganlari butun turk dunyosiga baxt va gʻurur baxsh etganini ham bildirishni istayman.
Oʻzbek tili Movarounnahrning yuragida gullab-yashnagan turkiy dunyoning asosiy boyliklaridan biridir. Bu qadimiy zaminda paydo boʻlib yuksalgan mushtarak tamaddunimiz xazinalarini avloddan avlodga yetkazilishini taʼminlagan oʻzbek tili madaniyat, adabiyot, ilmu irfon tili sifatida turk va islom olamida alohida oʻringa ega. Shubhasizki, bu tilni eng goʻzal tarzda qoʻllagan, soʻzlarni naqqoshdek saralab, benazir misralar bitgan shoirlarimizning boshida Alisher Navoiy turadi. Asarlari faqatgina Turkistonda emas, Ozarbayjonda ham, Anadoʻluda ham katta zavq va hayrat bilan mutolaa qilingan Alisher Navoiyni Usmoniy shoirlari oʻzlarining ustozi deb eʼzozlagan, sheʼrlariga oʻn beshinchi asrdan beri turli naziralar bitgan. “Navoiy tili” deb atalgan oʻzbek tili bugun ham unda yaratilgan asarlari bilan butun jozibasini namoyon etib kelmoqda.
Mushtarak qadriyatimiz – turkiy tilning ifoda qudratiga, boyligiga va goʻzalligiga yuz yillar oldin eʼtiborimizni qaratgan turkiy tilning buyuk ustozi Mir Alisher Navoiy hazratlarining bugun hislarimizni aks ettirgan, dillarimizni yoritgan, yoʻllarimizga mayoq boʻlgan mana bu soʻzlarini eslamaslik mumkin emas: “Turkiy til haqida fikr yuritar ekanman, ona tilimning teranliklarini oʻylasam koʻzlarimga oʻn sakkiz ming olamdan ortiq bir olam namoyon boʻldi” degan edilar...
Turkiy tilda, turkiy sheʼriyatda bayroq tortib, butun turkiy mamlakatlarini yakqalam etganligini taʼkidlagan: “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”. Turkiy adabiyotining qutb yulduzi boʻlgan hazratning 580-yilligini barcha turkiy xalqlarning nishonlashi u kishining ruhlarini yana bir marta shod etadi.
Huseyn GULIYEV, Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi:
– Oʻzbekiston eng qadimgi davrlardan boshlab dunyo tamadduning oʻchoqlaridan biridir. Bu zamin xalqi oʻzining boy madaniyati, ilmiy tafakkuri, yozma yodgorliklari, noyob qoʻlyozmalari, nodir meʼmoriy obidalari bilan umumjahon taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan.
Ayyonki, tarixni shaxslar yaratadi. Ana shunday tarix yartagan shaxslardan biri, shubhasiz, hazrat Alisher Navoiydir. Uning nomi jahon badiiy tafakkuri tarixida oltin harflarda yozilib kelinadi.
Ozarbayjon va Oʻzbekiston xalqlarining adabiy aloqalari tiyran ildizlarga borib tutashadi. Asrlar davomida bizning shoirlarimiz umumiy adabiy va maʼrifiy muhitdan oziqlanishgan. Alisher Navoiy Ozarbayjon xalqining ulugʻ farzandi Nizomiy Ganjaviyning anʼanalarini davom ettirgan. Oʻz oʻrnida ozar shoiri Muhammad Fuzuliy hazrat Navoiyni “sheʼriyat podshohi” deb bilgan va undan badiiy soʻz uslublarini oʻrgangan.
Allomaning umumbashariy gʻoyalari, ayniqsa, bagʻrikenglik, xalqlar doʻstligi haqidagi qarashlari bugungi kun uchun ham nihoyatda muhim. Uning asarlarida turklar ham, arablar ham, xitoyliklar ham, slavyanlar ham, yunonlar ham biriga yashaydi.
Ozarboyjon xalqi Navoiyni oʻz shoiri deb biladi. Uning asarlarini sevib oʻqiydi va yosh avlodga ham singdirib boradi. Uning tavallud kunlarini keng miqyosda nishonlaydi.
Axmad Xolid ELMIY, Afgʻoniston Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi:
– Hazrati Navoiy haqida soʻz aytish oson emas, buning uchun Navoiyni anglash kerak. Buyuk olim va mutafakkir oʻz davrining madaniy hayotiga davlat arbobi, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahliga homiy, murabbiy va ustoz tavalludini keng nishonlash farz hisoblanadi.
Alisher Navoiyning odamiylik, ezgulik, poklik va halollikni, yurtparvarlik va tinchlikni tarannum etgan asarlari bugungi kunda jahon miqyosida adabiyot muxlislarining mehri va ardogʻidadir. Inson qalbining quvonchu qaygʻusini, ezgulik va hayot mazmunini u kishidek teran ifoda etgan shaxs jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Buyuk shoir oʻz asarlarida insoniy muhabbat, mehru vafo va nazokatni yonib, hassoslik bilan kuylagan.
Navoiyning goʻzal satrlarini oʻqiganda oliyjanob qalb sadolarini sezib turamiz. Bu yurak tugʻyonlari oradan besh yarim asrdan ziyod vaqt oʻtsa hamki, millionlab odamlarni hayajonga solib kelmoqda.
Oʻz davrining atoqli siyosiy va jamoat arboblaridan biri boʻlgan Mir Alisher Navoiy, mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyotida, shaharlarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarida, xususan, oʻnlab masjid, madrasa, xonaqohlar qurilishida katta yordam koʻrsatgan. Shuningdek, Balxda hozirgi Mazori Sharif shahri hududida mutafakkir boshchiligi va homiyligida Hazrati Ali maqbarasi – Ravzai Sharif va masjid qurilgan.
Shuni taʼkidlash joizki, Afgʻonistonda har yili gʻazal mulki sultonining tavallud ayyomlari munosabati bilan turli maʼrifiy tadbirlar muntazam oʻtkaziladi. Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani Janobi Oliylari buyuk shoir, atoqli davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning 580-yilligini Afgʻonistonda keng nishonlash toʻgʻrisida farmon imzoladi. Bu farmonga asosan, Afgʻonistonda bir qator ilmiy – maʼrifiy tadbirlar, jumladan, joriy yilning mart oyida Hirot shahrida uch kunlik seminar oʻtkazish, asarlarini kitob shaklida nashr qilish, navoiyxonlik va mushoira kechalari kabi tadbirlarni tashkil qilish koʻzda tutilgan.
***
Buyuk bobokalonimiz tugʻilgan qutlugʻ sana – 9-fevral har yili adabiyot va maʼrifat bayrami sifatida nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning aksariyat davlatlarida keng, yuksak darajada nishonlanayapti. Navoiyning asarlari muntazam nashr etilib, bu sohada koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori milliy va mumtoz adabiyotimizni keng oʻrganish, targʻib etish boʻyicha yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. Anjuman ishtirokchilari Alisher Navoiy asarlaridagi insoniylik gʻoyalarini bugungi kundagi axamiyati xususida xam batafsil fikr-muloxaza almashdilar.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









