Davr hukmi bilan koʻngil hukmi orasidagi ziddiyatlar ichra ijod qilgan shoirlarimizdan biri Gʻafur Gʻulomdir. U eng ogʻir pallalarda yashagan boʻlishiga qaramay, adabiyot olamida oʻzining xos maqomini yarata olgan ijodkor sanaladi. Avvalo, u shoir sifatida oʻzbek sheʻriyatiga olov nafasi bilan toza ruh kiritdi, samimiy tuygʻular tasviri bilan yuraklarga kirib bordi va sheʻriyatimiz “Vaqt”, “Sogʻinish”, “Kutish”, “Alisher”, “Sen etim emassan” kabi betakror sheʻrlar, quyma satrlar bilan boyitdi. Uning insoniy muomala, munosabat, mehr va hamdardlikning buyuk sinoati haqidagi sharqona falsafaga ishontiruvchi “Mening oʻgʻrigina bolam”, “Shum bola”, “Yodgor” kabi asarlari bilan nasrimiz bir pogʻona koʻtarildi.
Buyuk ingliz dramaturgi Vilʻyam Shekspir tragediyalarining oʻzbek sahnalarida yangrashi, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat ijodining ommalashishi, bolalar adabiyoti va oʻz davrida zamonaviy publitsistikaning rivoji ham bevosita Gʻafur Gʻulom nomi bilan bogʻliq. Oʻzbek sheʻriyatining oʻtli yuragi (Maqsud Shayxzoda taʻbiri) boʻlgan shoir, haqiqatda, olov ichra umr kechirib, oʻzidan keyingi avlodlarga olov nafasi bilan taʻsir eta oldiki, uning hayoti va ijodini oʻrganayotganda, albatta, buni inobatga olmoq lozim.
XX asr oʻzbek adabiyoti xususida soʻz yuritilganda, shubhasiz, birinchi galda, falsafasi, betakror yumori bilan boshqalardan farqlanib turuvchi Gʻafur Gʻulom sheʻriyati va nasri yodga olinadi. SHu davr adabiyotining oʻziga xosligi, shakl va mazmuni, gʻoyaviy-badiiy xususiyatini belgilashda Gʻafur Gʻulomning ijodi alohida oʻrin tutadi. Adib hayoti va ijodini oʻrganish orqali oʻquvchilarning XX asr adabiy hayoti haqidagi tasavvurini kengaytirish, ijodkor shaxsiyati, shaxs va ijod, davr va ijodkor haqidagi qarashlarini chuqurlashtirish mumkin.
Oʻsha sarson-sargardonlik yillarida Gafur Gʻulomning bolaligi oʻtdi, shu davr bilan voyaga etdi, shu hodisalar ishtirokchisi boʻlib yashadi va ijod qildi. Uning butun umri oʻzbek xalqining istibdoddagi hayoti ichida oʻtdi. U millatning boshiga tushgan barcha koʻrguliklarni oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Barcha mashaqqatlarni boshidan oʻtkazdi va tafakkurida qayta jonlantirib, oq varaqlarga muhrladi. Shu bois Gʻafur Gʻulom ijodidagi voqelikni bemalol oʻzbek xalqining real tarixi sifatida oʻrganish mumkin. Bu holat bizga isteʻdodlar mashaqqat va qiyinchiliklarda toblanib, hayot qozonida qaynash evaziga etilishini yana bir karra isbotlaydi. Zero, dard, ogʻriq, iztirob, qiyinchilik kishi ruhiyatidagi yashirin jihatlarni yuzaga chiqarishi mavjud haqiqatki, ulugʻ bir dard bilan toʻlgan koʻngil iqrorlarigina koʻngildan koʻngilga oʻtadi, qalblarni nurlantiradi.
Gʻafur Gʻulom oʻz davrida Oʻzbekiston ilm-fani uchun fidokorona mehnat qildi. Oʻzbekiston ilm-fanini yuksaltirish, matbuotimiz shuhratini koʻtarish, nashr ishlarini mukammallatirish uchun ham tinimsiz izlandi. Qator gazeta, jurnallarning faoliyatida ishtirok etdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasini tashkil etishda safdoshlari Oybek va Hamid Olimjonlarga elkadosh boʻldi va birinchilardan boʻlib oʻzbek akademigi boʻldi. Gʻafur Gʻulomning ijtimoiy hayotdagi mehnatlarini ham oʻrganish nihoyatda dolzarb muammolardan biridir.
Gʻafur Gʻulom, shuningdek, oʻzbek kitobxonini jahon adabiyoti namoyandalari asarlari bilan bahramand etish yoʻlida ham samarali ijod qildi. U tarjimonlik sohasida ham faoliyat yuritib xalqimizga jahon adabiyotining noyob asarlari tarjimasini tuhfa etdi. Uning saʻy-harakati bilan Pushkin, Lermontov, Griboedov, Mayakovskiy, Nizomiy Ganjaviy, Nozim Hikmat, Shota Rustaveli, ingliz adibi Vilʻyam Shekspir, Antik adabiyot vakili Dante Allegere kabi buyuk ijodkorlar asarlari oʻzbek tiliga mohirona tarjima qilindi.
Davr mafkuraviy siyosatining akademik shoir ijodidagi taʻsirini inkor etib boʻlmaydi. Biroq bunda ijodkorning oʻz davri adabiyotidagi xizmatlarini inobatga olgan holda yondashish maqsadga muvofiq. Zero, Gʻafur Gʻulom Alisher Navoiy, Muqimiy ijodining oʻrganilishiga bevosita oʻz hissasini qoʻshgan boʻlsa, akademik A.Qayumov eʻtirofiga koʻra, u Forobiy, Mahmud Qoshgʻariy, Hofiz Tanish Buxoriy, Mohlaroyim Nodira ilmiy-adabiy merosini chalasavod johillar hujumidan saqlab qolishda, mumtoz ijodkorlarning asarlarini oʻrganish ishlarining istiqbolini ochishda katta xizmat qilgan.
“Gʻafur Gʻulom isteʻdodli, bilimdon yoshlarni birlashtirgan, uning rahbarligida oʻzber mumtoz ijodkorlarning qoʻlyozmalari tadqiq etilgan, juda koʻp asarlar tarjima qilinib xalqqa etkazilgan. Bundan tashqari, betakror eposimiz “Alpomish”ning ham bugungi mukammal holda xalqimizga tuhfa etilishida Gʻafur Gʻulomning xizmatlari singganidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Akademik shoir 1951-1952-yillarda milliy maʻnaviyatimiz koʻzgusi, xalq ogʻzaki ijodining oʻlmas namunasi boʻlgan “Alpomish” eposini taqiqlash, tadqiq etishni toʻxtatishga qaratilgan xurujlarga keskin va qatʻiy fikr bildirib, “Alpomish”ning barcha variantlarini yigʻishni kuchaytirish va uning turli nusxalarini chuqurroq tadqiq etish, oʻrganish lozimligi ilmiy asoslab bergan. SHunday ogʻir va murakkab vaziyatda oʻzining mantiqli xulosasi va keskin fikrlari bilan bu johillikka nuqta qoʻyilishiga sabab boʻlgan”, deb yozadi A.Qayumov “Akademik Gʻafur Gʻulom” xotiralar kitobida.
Adibning oʻzbek adabiyoti va adabiyotshunosligi taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi tahsinga sazovor. Akademik shoir asarlari badiiyat, til nuqtayi nazaridan filologik aspektlarda bir qadar oʻrganilgan. Bu borada akademik A.Qayumov, S.Mamajonov, N.Karimov, B. Nazarovlar kabi adabiyotshunos olimlarimiz salmoqli ishlari, O.Sharafuddinov, U.Normatov, I.Gʻafurov, S.Melievlarning ijodkor asarlari tahliliga doir maqolalari eʻtiborga molik. Bundan tashqari, shoir shaxsiyati va ijodiga doir rus va qardosh xalq ijodkorlari Konstantin Simonov, Rasul Hamzatov, Nikolay Tixonov, Chingiz Aytmatov, Mirzo Tursunzoda eʻtiroflari otashqalb shoir siymosini yorqinroq anglashga xizmat qiladi. Bugun Gʻafur Gʻulom asarlaridagi ijtimoiy masalalar, xususan, huquqiy muammolarning yoritilishini oʻrganish oldimizdagi echimini kutayotgan masalalardan biridir. Bu borada Toshkent davlat yuridik universitetida “Huquq vq adabiyot uygʻunligi” doirasida olib borilayotgan ishlar, yaʻni adabiyotshunos va huquqshunoslarning hamkorligi yaxshi natijalar berishi shubhasizdir.
Ijodkor asarlarida bir qator huquqiy masalalar: xotin-qizlar huquqi, bola huquqlari, oila huquqi, ijtimoiy huquqlar borasida bahs etilganki, ularni oʻrganish orqali davr huquqiy madaniyatini baholash, ijodkorning huquqiy qarashlarini bilish mumkin. Bugun Gʻafur Gʻulom asarlari yosh huquqshunoslar nigohida qayta oʻrganilmoqda, bu ijodkor asarlarining yangi umrga koʻchganini dalillaydi.
Nasiba BOZOROVA,
filologiya fanlari nomzodi,
TDYuU Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti