Ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan vaziyatga nisbatan vazmin va xotirjam munosabatda boʻlish, asossiz xavotir va ortiqcha vahimaga berilmasliklari soʻraldi.

Hozirgi vaqtda qabul qiluvchi davlatlar tomonidan vaziyatni barqarorlashtirish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari tomonidan yurtdoshlarga har tomonlama konsullik koʻmagini koʻrsatish masalalari doimiy nazoratga olingan.

Diplomatik vakolatxonalar va tegishli konsullik xizmatlari 24/7 rejimida faoliyat yuritmoqda. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va tezkor koʻrib chiqish maqsadida maxsus @tiv_yordam_bot ishga tushirilgan boʻlib, kelib tushayotgan murojaatlarga qisqa muddatlarda javob qaytarilmoqda.

Shuningdek, vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtdoshlarni Vatanga qaytarish masalasi ham doimiy eʼtibor markazida turibdi. Diplomatik vakolatxonalar aviakompaniyalar va mahalliy vakolatli idoralar bilan hamkorlikda fuqarolarning xavfsiz tarzda Oʻzbekistonga qaytishini taʼminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Oʻz navbatida, fuqarolardan qabul qiluvchi davlatlarning amaldagi qonunchiligi va ichki tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilish soʻraldi. Shuningdek, vaziyatga oid maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali olish, tasdiqlanmagan xabar va mish-mishlarga ishonmaslik tavsiya etildi.