Ehtimolli vaziyatni toʻliq nazoratga olish uchun bemorlarni davolashga ixtisoslashgan 17 ta davlat va xususiy shifoxonalarda 2590 oʻringa moʻljallangan palatalar tashkil etildi.
Keyingi vaqtda virusga chalinganlarning aksariyatida pnevmoniya kuzatilamoqda. Shularni nazarda tutib, tayyorlanayotgan shifoxonalar sunʼiy nafas oldirish apparatlari, kislorod konsentratorlari va balonlari bilan jihozlanmoqda.
Bundan tashqari 10 ta obyektda 1823 ta qoʻshimcha joylar hozirlanmoqda. Ular ham zarur uskunalar va dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlanadi. Yuqoridagi muassasalarda virus yuqtirib olganlar bevosita davolanadi.
Chetdan kirib kelayotgan hamda kasallikka gumon qilingan fuqarolarni 10 kunlik karantinda saqlab turish uchun 10 200 ta oʻrinli zahira joylar tashkil qilinib, malakali tibbiyot xodimlari zahirasi ham shakllantirilyapti.
Andijon shahridagi olimpiya zahiralari sport kolleji manejida 700 oʻringa moʻljallangan kasallikdan zararlangan bemorlarni saralash va davolash markazi tashkil etildi.
Mazkur markazda bir qator tashkilotlar xodimlari ishtirokida oʻquv-mashgʻuloti oʻtkazildi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, dunyodagi murakkab vaziyat, uning oldini olish va qarshi kurashish boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi. Viloyatda bu borada koʻrilayotgan choralar koʻlami haqida gapirib oʻtdi.
Mashgʻulot davomida bemorlarni qabul qilish, saralash, yordam koʻrsatish, umuman jarayonning barcha bosqichlari yana bir bor batafil sinovdan oʻtkazildi.
— Binoda 700 oʻrinli joy hozirlandi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Alisher Egamberdiyev. — Ularni davolash ishlariga bitta smena uchun 100 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari jalb etildi. Bemorlarni saralash va davolash markazida pnevmoniya xastaligida qoʻllaniladigan kislorod ishlab chiqaruvchi stansiya qurildi. Shifokorlar ish jarayonida individual himoya vositalaridan foydalnadilar.
Rustamjon ESHONOV.
Muallif olgan suratlar.