Andijonda isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish sexi fosh etildi

    Voqea-hodisalar 22 Yanvar 2025 774

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtaobod tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida Andijon viloyatida noqonuniy yogʻ ishlab chiqarish holatlarini aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.J. va boshqalar oʻzaro til biriktirib, “Obod“ MFY hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil etib, qoʻlbola usulda yasalgan moyjuvoz uskunasi yordamida isteʼmolga yaroqsiz yogʻ mahsulotlari ishlab chiqarib kelayotganliklari aniqlangan.

    Maʼlumotlarga koʻra, sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan 400 kg. yogʻ mahsuloti, 23,5 tonna chigit va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.