Mutaxassislar esa yoz chillasida shu kabi mahsulotlar isteʼmolidan tiyilib turishni maslahat berishadi. Bu oʻrinda gap faqat muzdek neʼmatlarni tanavvul qilib, tomoq yoki boshqa ichki aʼzolarni shamollatib qoʻyishimizdagina emas!
— Oqsilga boy mahsulotlarni hazm qilish uchun organizm oʻzidan juda koʻp issiqlik chiqarishi kerak, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Doniyor Alimov. — Bu jarayon tibbiyotda termogenez deb ataladi.
Sodda qilib tushuntiraman. Jaziramada bitta muzqaymoq yedingiz. Vujudingiz qizib turibdi. Endi tanangiz oshqozonga tushgan oʻsha muzday mahsulotni hazm qilishi zarur. Buning uchun, avvalo, uni normal haroratgacha qizdirishi kerak.
Bu jarayon esa organizmni zoʻriqtirishi barobarida, shundoq ham issiq tanada harorat oshishiga olib keladi. Oqibatda kuchli charchoq va lanjlik hissi yuzaga keladi. Bosh yoki yurak sohasida ogʻriqlar paydo boʻladi.
Shu maʼnoda, yoz chillasida xona haroratida suv ichish va taom isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Baʼzi mahsulotlar buyraklar faoliyati buzilishiga sabab boʻlib, peshob ajratish jarayonini tezlashtiradi. Bu esa organizmning suvsizlanishiga olib keladi. Tarvuz, mango, arpabodiyon, selderey, qushqoʻnmas shular jumlasidan.
Achchiq qalampir tarkibida kapsaitsin moddasi mavjud. U tanani bir muddat qizdiradi. Ammo jazirama paytida achchiq ovqat ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin.
Qolaversa, qalampir issiq paytda tanada kuchli terlashni hosil qiladi. Oqibatda organizm sezilarli miqdorda suv yoʻqotadi.
Shunday ekan, anomal issiq haroratda parhez qilish eng toʻgʻri va oqilona chora.