Tadbirda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi, Sayohat agentliklari ittifoqi, Anqara shahri gubernatorligi hamda 150 dan ortiq turistik agentliklar vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar diqqatiga "Tabarruk ziyorat" turizmi konsepsiyasi, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Burhonuddin Margʻinoniy kabi yirik ulamolarning islom dunyosidagi oʻrni haqida maʼlumot havola etilib, "Yetti pir" ziyoratgohlarining turizm imkoniyatlari tanishtirildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasining joriy yil 4-noyabr kunidan boshlab Toshkent va Anqara shaharlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan aviaparvozlari xususida, shuningdek, Turkiyadan mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda qulayliklar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim qilindi.
Tadbir yakunida mamlakatimizda turkiyalik sayyohlar sonini koʻpaytirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.