“AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi 1978-yilda tashkil etilgan boʻlib, faoliyati tibbiyot, ijtimoiy yordam, mehmonxona xizmati bilan bogʻliq. Hozirgi kunda kompaniyada 15 ming kishi bandligi taʼminlangan. Shundan 300 nafarga yaqini chet el fuqarolari. Yaponiya boʻylab 30 ta kasalxona, 81 ta keksalarni parvarishlar markazi, 11 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, yapon til maktabi, kollej va tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan universitetlar, 3 ta mehmonxona, 4 ta golf maydonchasiga ega.

Uchrashuv davomida kompaniya ijrochi direktori T.Shintani Oʻzbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohalarida malakali kadrlarni tayyorlashga oʻz hissasini qoʻshishga tayyorligini qayd etdi.

Xususan, “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi Toshkent tibbiyot akademiyasi va Toshkent farmatsevtika instituti bilan hamkorlikni oʻrnatish, almashuvlar tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Bundan tashqari, “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi Oʻzbekistonda yapon tili va kasb-hunarga oʻrgatishga ixtisoslashgan markaz tashkil etish masalasini oʻrganib chiqishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish uchun Yaponiya kompaniyasi rahbarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.