Mamlakatimizning oqilona tashqi siyosati tufayli xalqaro hamkorlik ufqi kengayib, koʻplab nufuzli davlatlar bilan azaliy rishtalar kuchli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasidagi doʻstona hamkorlik yildan yilga mustahkamlanib, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar turli sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, savdo, investitsiya, taʼlim va madaniyat kabi yoʻnalishlarda faol rivojlanmoqda. Bunga yorqin misol sifatida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasi 27 hujjatdan iborat ekanini keltirish mumkin. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam huquqiy asosga ega ekanidan dalolat beradi.
Kuvayt — Fors koʻrfazidagi bebaho marvaridlardan biri, dunyodagi eng qimmat valyutaga ega, yuqori daromadli mamlakat. Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, uning yalpi ichki mahsuloti 2023-yilda 161,77 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Iqtisodiyotining asosini neft eksporti tashkil etadi.
Oʻtgan yili Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikda alohida faollik kuzatildi. Ahamiyatlisi, ikki davlat ham oʻz rivojlanishini mintaqaviy hamkorlik bilan bogʻliq deb biladi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo integratsiyasida muhim ahamiyat kasb etsa, Kuvayt Fors koʻrfazi mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda yetakchilik qiladi.
Ikki tomonlama saʼy-harakatlar natijasida Kuvayt yirik kompaniyalari va moliya institutlari vakillarining Oʻzbekistonga 50 dan ortiq biznes missiyasi tashkil etildi. Bu esa Kuvayt ishbilarmon doiralarining mamlakatimizga qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatadi.
Masalan, oʻtgan yili 100 dan ortiq oʻzbekistonlik tadbirkor Al-Kuvayt shahriga bordi. Bu oʻzbekistonlik ishbilarmonlarning ham Kuvayt bozori bilan yaqindan tanishishga intilayotganini bildiradi. Faollashuvning bu rivoji bejiz emas, albatta. Kuvayt arab mintaqasida Oʻzbekiston uchun har tomonlama manfaatli sherik. Jumladan, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi va bir qancha yetakchi kompaniyalar rahbarlari yurtimizda boʻldi. Ular Oʻzbekistonning investitsiya salohiyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik loyihalarini muhokama qildi. Albatta, ushbu faol aloqalar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yanada rivojlanishiga, oʻzaro manfaatli loyihalarning amalga oshishiga xizmat qiladi.
Jahon mamlakatlarida shaharlarning oʻsishi va rivojlanishi yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. “Aqlli” texnologiyalar, innovatsion yechimlar shahar infratuzilmasini takomillashtirish, aholining turmush sifatini oshirish, ekologik muammolarni hal etishda muhim oʻringa ega boʻlmoqda. Bu borada Oʻzbekiston va Kuvayt oʻrtasidagi hamkorlik alohida eʼtiborga loyiq. Prezidentimizning joriy yil 17-18-fevral kunlari Kuvaytga rasmiy tashrifi mazkur smart yoʻnalishdagi aloqalar uchun yangi sahifalar ochdi. Boisi, ushbu tashrif davomida “aqlli” shaharsozlik va hududiy rivojlanish sohasidagi hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.
“Aqlli” shaharlar zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar yordamida boshqariladigan, aholi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratiladigan shaharlardir. Ular energiya tejamkorligi, ekologik tozalik, transport tizimi samaradorligi, xavfsizlik va boshqa koʻplab afzalliklarga ega. Oʻzbekistonda ham “aqlli” shaharlar qurishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ikkala mamlakat ham bu yoʻnalishda iqtisodiy shaffoflikka intilib, raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotiga jadal joriy etmoqda. Samarqand, Buxoro, Namangan kabi shaharlarda “aqlli” shahar loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda “aqlli” shaharsozlik boʻyicha qilinayotgan bunyodkorlik ishlari koʻlami joylarda foydalanishga topshirilayotgan yangidan yangi obyektlar, innovatsion koʻrinish va sharoitga ega zamonaviy turar joylar misolida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Qurilish sohasidagi bunday jarayon nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasini oʻzgartirdi, balki odamlar hayotiga oʻzgacha mazmun-mohiyat bagʻishladi.
Oʻzbekistondagi bunyodkorlik jarayoni “yashil iqtisodiyot”, urbanizatsiya, qurilishda muqobil energiya va albatta, aholini uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ijtimoiy siyosatga yoʻgʻrilgani uchun ham alohida eʼtiborga molik. Mamlakatimizdagi hozirgi “aqlli” shaharsozlik tizimi, qurilish industriyasini ana shu omillarsiz tasavvur qilish mushkul. Shu jihatdan olganda, keyingi 7 yilni sohadagi inqilobiy burilish davri boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi
Foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomida quyosh paneli oʻrnatish odatiy holga aylandi. Shuningdek, hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi oʻzini oqladi.
Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmi oshirildi. Respublika, shahar, shaharchalarning bosh rejasi hamda qishloq (ovul), aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan dastur, koʻplab qarorlar shakllantirildi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha axborot tizimi toʻliq raqamlashtirildi. Bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda murojaat qilishi, qisqa muddatda tegishli ekspertiza xulosalarini olishi uchun imkoniyat yaratildi.
Oʻz oʻrnida Kuvayt ham “aqlli” shaharsozlik sohasida katta tajribaga ega. Ushbu mamlakatda zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar asosida bir nechta “aqlli” shaharlar bunyod etilgan. Oʻzbekiston Kuvaytning “aqlli” shaharsozlik borasidagi tajribasini oʻrganib, oʻz shaharlarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishi xalqimiz uchun ham muhim manfaatga ega. Kuvayt uchun ham bu loyiha muhim boʻlib, Oʻzbekistonning qulay investitsiya muhitidan foydalanib, oʻz texnologiyalari va innovatsion yechimlarini yurtimiz bozorida taqdim etish imkoniyatiga ega.
Bunda ikki hamkor oʻrtasidagi “aqlli” shaharsozlik va hududiy rivojlanish yoʻnalishlari — “aqlli” shaharlar qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, joriy etish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kadrlar va tajriba almashinuvi kabi muhim vazifalarni qamrab oladi. Shuning uchun Prezidentimizning Kuvaytga rasmiy tashrifi natijasida iqtisodiy sohada 4,9 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar toʻplami imzolangani ham bejiz emas.
Ushbu vazifalar ijrosiga kirishilar ekan, Oʻzbekiston shaharlari yanada zamonaviy, qulay va xavfsiz boʻladi. Aholining turmush sifati oshadi. Xalqimizning bunday smart shaharlarda yashash sharoiti oʻzgarishi va hayoti farovonlashuvi Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi mavqei mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.
Fazliddin MOʻMINOV,
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boʻlim boshligʻi




