Toshkent shahrini 2045-yilgacha qanday tasavvur qilasiz?

    “Park and ride” tamoyili shahar ichidagi tirbandliklarni bartaraf etishda kutilgan natija beradimi?

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining 22.10.22-yil, 217-sonida “Toshkent shahri 2045-yilgacha: maqbul shaharsozlik, qulay infratuzilma, ko'proq yashillik” sarlavhali maqola e'lon qilindi. Unda yangi loyihada nimalar aks etgani, Toshkent shahrida yaqin yillarda nimalar o'zgarishi borasida mutaxassislar ma'lumotlari bilan tanishishingiz mumkin.

    Mamlakatimiz poytaxti — azim Toshkent shahrining yaqin kelajakdagi qiyofasini hozirdan tasavvur qilish qiyin emas. Baland va zamonaviy binolar, innovatsiyalarga asoslangan investitsion loyihalar, jahonning eng ilg'or tajribalari aks etgan turarjoy va dam olish maskanlari qurilishi ertangi kunga xos va mos bo'ladi. Ammo bu jarayonlar avvalgidek o'zboshimchalik bilan emas, aniq strategiya, dunyo andozalariga mos talablar hamda shaharsozlik me'yorlari asosida olib boriladi. Bu ekologik muhitni yaxshilashdan tortib, yo'llar infratuzilmasiga tushayotgan bosimlarni kamaytirish singari eng muhim vazifalardan iborat. Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo'lgan Bosh rejasi loyihasi shu asosda ishlab chiqilgan.

    Davlatimiz rahbari 18-oktyabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi tomonidan tayyorlangan loyiha bilan tanishar ekan, hozirgi sharoitda strategiyani aniq belgilab olib, shunga mos harakat qilish lozimligini ta'kidladi.

    Ayni damda Toshkent shahrining hududi 43 ming gektar, aholisi soni 3 millionga yaqinlashgan. Infratuzilma tarmoqlariga yuklamalar ortgan. Transportlar kun sayin ko'payib, yo'l harakati qiyinlashib bormoqda. Shaharsozlik, sanoatning rivojlanishi hisobiga chang, tutun ekologiyaga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu masalalarning yechimi oson emas. Ammo ular kelgusida jiddiy tus olmasligi uchun shaharning Bosh rejasida echimlari ham taklif etilgan.

    Loyihaga jiddiy va puxta yondashildi. Bosh reja ustida chet ellik va mahalliy loyihachilar ikki yil davomida ishlashdi. Jarayonga Turkiyaning shaharsozlik bo'yicha 40 yillik tajribaga ega mutaxassislari jalb etildi. Niderlandiya bilan ham hamkorlikda ish olib borildi. Dunyoda eng maqbul deb tan olingan Evropa shaharsozlik standartlaridan foydalanildi. Mahalliy mutaxassislarimiz hamkor davlatlarda bo'lib, ularning tajribalarini o'rganganlarini aytishdi. Masalan, Yevropa davlatlari shaharsozligining eng katta yutuqlaridan biri ekologiyaga katta e'tibor qaratilishi va yashil hududlarning ko'pligida. Qolaversa, yo'llarda piyodalar va velosiped yo'laklariga katta ustunlik beriladi, avtomobillarga esa keyingi o'rinlarda. Ana shu tajribalarning yurtimiz iqlim sharoiti va shahrimizga mos jihatlari olinib, amaliyotga integratsiya qilinmoqda.

    Me'moriy qiyofa saqlab qolinadi

    Loyihaning asosiy qismi — bu aniq vazifalarga asoslangan strategiyalar. Ya'ni aholining o'sishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim o'zgarishlari tahlil qilinib, shu asosda transport “tugunlari” va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Unda infratuzilma, transport, logistika, yashil hududlar, bino va inshootlar joylashuvida shaharsozlik normalari kabi hozirgi kundagi asosiy muammolarga yechimlar keltirilgan bo'lib, ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusida takrorlamaslik hisobga olingan. Demak, 2045-yilgacha bo'lgan bosh rejaga ko'ra, poytaxtimizning yaqin kelajakdagi qiyofasi bugungisidan farq qiladi.

    Saidazim ShARIPOV,

    “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo'yicha bosh direktor o'rinbosari:

    — Shaharning bosh rejasi — bu ertaga shaharning qanday rivojlanishini aks ettiruvchi xarita, deyish mumkin. Oldingi davrlarda ham shaharlarning bosh rejasi bo'lgan, lekin ularning g'oyalari, tartibi bugungi zamon talablariga javob bermaydi. Ularda har bitta binoning joylashuvi, hududning har bir detali ishlab chiqilgan. Faqat davlat bosh loyihachi, davlat bosh quruvchi sifatida qaralgan. Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo'lgan Bosh rejasi loyihasini tayyorlashda esa jarayonning boshidan oxirigacha jahonning ilg'or tajribalaridan kelib chiqqan holda, mutlaqo yangicha yondashuv bo'ldi.

    Biz yaratgan strategiya bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslanadi. Ya'ni loyihani amalga oshirishda faqat davlat emas, tadbirkor, investor va boshqalar ishtirok eta oladi. Qolaversa, strategiyada alohida yo'nalishlarda ishlar olib borilgan. Shaharning qaysi hududi qanday rivojlanishi, qanday funksiyaga ega bo'lishi kerak, binolar balandligi, zichligi qanday bo'ladi, o'sha hudud kelajakda o'zgaradimi yoki yo'q, qaysi hududlar o'z holicha saqlab qolinadi, degan savollar bo'yicha tahlillarga asoslangan aniq javoblar ko'rsatilgan.

    Shaharning tarixiy hududlari misolida oladigan bo'lsak, Toshkentning eski mahallasi o'ziga xos hudud. Shu bois, uni saqlab qolish yoki qayta qurish borasida ko'plab muzokaralar bo'ladi. Aholining o'zi ham turlicha fikrda. Biz esa masalaga shaharsozlik nuqtai nazaridan yondoshamiz va oldimizda sharoitdan kelib chiqqan holda shaharning o'ziga xosligini saqlab qolish vazifasi turadi. Strategiyada ana shu mahallaning mavjud qiyofasini saqlab qolish nazarda tutilgan. Hudud biror investorga berilgan taqdirda ham, ularga uylarni yangilashi mumkinligi, faqat arxitektura va qiyofasini saqlab qolishi talabi qo'yiladi.

    Shaharsozlik me'yorlarini belgilashda, avvalo, odamlarga qulaylik yaratish, ularning zamon talablariga mos tarzda o'sib boradigan ehtiyojlarini inobatga olishga birlamchi vazifa sifatida qaraldi. Masalan, hududlar kengayib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib boryapti. Ayrim hududlar sanoatga ixtisoslashyapti. Sanoat korxonalaridan chiqadigan zararli tutunlar esa atmosfera havosiga ta'sir etmasdan qolmaydi. SHu bois, loyihada sanoat hududlarni shahardan tashqariga chiqarishni rejalashtirganmiz.

    Yana bir muhim masala — binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida ko'p qavatli inshoot qurilgudek bo'lsa, uning turiga qarab maktab, bog'cha, maishiy xizmat, avtoturargoh, ko'kalamzorlashtirish maydoni qurish kabi me'yorlar qo'yiladi. Hozirgi vaqtda yangi qurilishga ruxsat berilayotgan turar joylarda maktab-bog'chaning yo'qligi, ijtimoiy obyektlarning yetarli emasligi kabi muammolar bor.

    Strategiyada har bir hududning aniq rivojlanish yo'nalishi belgilangan. Misol uchun, Chilonzor, Yunusobod tumanlaridagi 4–5 qavatli uylar yonida yangi qurilishlar bo'lishidan aholi norozi. Chunki, bu hududlarda shundoq ham aholi zichligi etarli va shunga moslab uylar qurib bo'lingan. Agar qo'shimcha yoki 4 qavatli uylar o'rniga ko'proq qavatli turarjoy binolari qurilsa, hududga va undagi transport tizimiga, elektr tarmog'iga bosim ortib boraveradi. Shularni inobatga olib, loyihada o'sha hududlarda yangi turarjoylarni qurish ta'qiqlanadi. Faqat aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, ijtimoiy soha obyektlarini qurish mumkin. Eskirgan va avariya holatidagi uylar esa o'z-o'zidan qayta ta'mirlanadi.

    Shahar kengaygani sari infratuzilma masalasi ham o'rtaga chiqadi. Masalan, hozirgi kunda poytaxt aholisini ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 95 foiz. Bu tizim o'z imkoniyatida ishlayapti. Biroq yangi qurilishlar, turarjoy binolari hisobiga ichimlik suvga talab ham ortadi. Shu bois, rivojlanish hududlari uchun asosan shaharning janubiy-g'arbiy qismi tanlandi. Bu joylar ham seysmik jihatdan qulay, ham ichimlik suv bilan ta'minlash uchun yangi loyihalar mavjud. Shaharning shimoliy-g'arbiy qismida esa aholini zichlashtirish rejalashtirilmagan.

    Yangi “bog'lovchi” yo'nalishlar

    Oxirgi yillarda ko'plab rivojlangan davlatlarda transport yo'llaridagi tirbandliklar jiddiy masalalardan biriga aylangan. Ko'pchilik bu masalaning eng maqbul echimi yo'llarni kengaytirish, deb hisoblaydi. Ammo mutaxassislar boshqacharoq fikrda. Shahar ichida yo'llar qancha ko'p kengaytirilsa, unda harakatlanadigan mashinalar oqimi shuncha ortar ekan. Gap shundaki, kengaytirilgan yo'l shaharning qaysidir qismiga borib baribir torayadi. Bu AQSH tajribasida ham kuzatilgan. Yo'l quruvchilar Chikago shtatiga olib boradigan bitta avtoyo'lni ikki barobar kengaytirganida, transport oqimi kamayish o'rniga, aksincha, 4 barobar oshgan. Aniqlanishicha, avvallari tirband yo'lni boshqa tomondan aylanib o'tgan haydovchilar yo'l kengaytirilgach, bari shu tomonga harakatlana boshlagan, natijada tirbandlik yanada ortgan.

    Xo'sh, Toshkent shahrida bu masalaga qanday yechimlar taklif etilmoqda? “Park and ride” tamoyili kutilgan natija beradimi?

    Murod OBIDOV,

    Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari:

    — Shaharda tirbandlik muammosini hal etish uchun, avvalo, jamoat transporti qulaylashtiriladi. Ya'ni, ularning soni oshirilib, barqaror harakatlanishi ta'minlanadi, axoli uchun qulay joylarda bekatlar joylashtirilib, qulay sharoit yaratiladi. Tasavvur qiling, manzilga etib olishda jamoat transportida tirbandlikda kutmasdan, boradigan ob'ektingizga maksimal yaqin joylashgan bekatda tushib, kafolatlangan vaqtda etib olasiz. Shu bilan birga, bundan buyon shaxsiy transport uchun avtoturargohlar joylari cheklanadi va markazdan chetroq xududlarga chiqariladi. Shunda ko'pchilik avtomobil o'rniga jamoat transportida ishga qatnaydi. Masalan, Yevropa davlatlarida shunday. O'zimizda bu sharoitni yaratish uchun imkoniyatlarimiz ko'rib chiqildi. Bizda yo'llar tarmog'i yetarli, faqat ularga tezyurar jamoat transportini integratsiya qilish lozim. Yo'llarimiz kengligi hisobiga jamoat transporti uchun alohida yo'l qismini ajratish imkonimiz ham bor. Ayrim hududlarda shunga harakatlar boshlangan. Masalan, poytaxtimizning Navoiy ko'chasida yo'lning bir qismida avtobus harakati uchun alohida yo'l ajratildi. Bu yo'lga avtomobillarning kirishi taqiqlangan bo'lib, hozir u erga nazorat uchun kuzatuv kameralari o'rnatilyapti.

    Toshkent shahri oxirgi yillarda sezilarli kengayib, nafaqat poytaxt aholisi, balki hududga kirib-chiquvchi avtomobillar harakati ham oshib boryapti. Shahar aholisining 1,3 millioni doimiy ish bilan ta'minlangan bo'lib, ularning kunlik ishga borish-kelish ehtiyoji mavjud. Poytaxtga kunlik 1,4 million aholi kirib keladi va ular ham kamida ikki marta harakatlanish ehtiyojiga ega. Umumiy hisobda 5 milliondan ortiq odamning kunlik harakatlanishiga ehtiyoj bor. Ammo jamoat transportida atigi 1 million yo'lovchi tashilmoqda. Shaxsiy transportga ega oilalar 23 foizni tashkil etadi, lekin tashuvlarning 80 foizi engil transport vositalariga to'g'ri kelayotgani yo'llarimizda yuklamalarning ortib borishiga sabab bo'lmoqda. Qolaversa, bu ko'rsatkich jamoat transporti tizimining etarli darajada rivojlanmaganini bildiradi.

    Shu bois, aholi talab va ehtiyojlarini sifatli, xavfsiz hamda qulay transport xizmatlari bilan qondirish maqsadida Toshkent shahri jamoat transporti tizimini istiqbolli rivojlantirish rejasi ishlab chiqilgan. Bu bevosita shaharning Bosh rejasida aks etgan bo'lib, unda bir qancha aniq tadbirlar amalga oshiriladi.

    Birinchi galda, jamoat transporti tarmog'ining yangi yo'nalishlar tizimi joriy etilib, shaharning istalgan nuqtasiga kafolatlangan vaqt ichida yetib olish imkoniyatini beradigan o'zaro bog'langan “Yetkazib chiquvchi”, “Magistral” “Halqa” va “Bog'lovchi” yo'nalishlar ishga tushiriladi. Harakat tarkibi to'liq yangilanib, kichik sig'imli avtobuslar o'rniga katta sig'imli ekologik va samaradorlik ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan zamonaviy avtobuslar soni ko'paytiriladi. Harakatlanishga talab yuqori bo'lgan asosiy magistral yo'llarimizda avtobuslar uchun alohida yo'laklar tashkil etish ham ko'zda tutilgan. Ularda 18 metrlik o'ta katta sig'imli avtobuslar yo'lga qo'yilib, chorrahalarda harakatlanishi uchun ustuvorlik ta'minlanadi.

    Aglameratsiya xududidan kunlik kirib keladigan axoli uchun yangi zamonaviy elektropoezdlar xarakati yo'lga qo'yilib, ular metropoliten liniyalari va transport o'tish bog'lamalariga integratsiya qilinadi. Tasavvur qiling, Toshkentda o'qiydigan talaba CHirchiq shaxridan 30 daqiqada metroga etib oladi va yana 30 daqiqada metro liniyasida joylashgan oliy ta'lim muasssasasiga etib keladi.

    Aholi zichligiga mos ravishda jamoat transporti bekatlari 5 daqiqadan 15 daqiqagacha piyoda etib olish masofasida joylashtiriladi. Toshkent shahri transport oqimlarini yagona boshqaruv markazi tashkil etiladi. Bunda barcha svetofor ob'ektlari boshqaruv tizimiga bog'langan holda transport oqimlarini samarali taqsimlash yo'lga qo'yiladi. YAngi barpo etiladigan hamda joriy transport harakatiga katta ehtiyoj bo'lgan hududlarda bir soatda 12 mingtagacha yo'lovchi tashish imkoniyati ega zamonaviy tramvay tizimi joriy etiladi.

    “Park and ride” tamoyili asosida shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transportiga o'tish bog'lamalari bilan integratsiya qilinadi. Unga ko'ra, shahar atrofidan kelayotgan yo'lovchilar avtomobilini markazga kirishdagi avtoturargohlarda qoldirib, ichkarida tezyurar jamoat transportlaridan foydalanishi kerak bo'ladi. Bu aholi uchun ham ancha qulay. Masalan, Sergeli tumanida metro bekati qurilganidan keyin xuddi shunday holatni kuzatyapmiz. Shahar bo'ylab avtoturargohlarni tartibga solish, ulardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar belgilangan. Afsuski, hozirgi vaqtda yangi qurilayotgan uylarda avtoturargohlarga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti. Strategiyada ana shu talablar ham belgilangan.

    Umuman, mazkur bosh rejasi loyihasining asosiy yo'nalishlaridan biri transportdan foydalanish qulayligini oshirishga qaratilgan. Chunki bundan buyog'iga aholi soni ortib, ko'chalarda avtomobillar soni ko'payib boraveradi. Bu rivojlanish bilan bog'liq tabiiy jarayon. Bizning vazifamiz bunga moslashuvchi yangi loyihalarni ishlab chiqishdan iborat. Loyiha bo'yicha 32,6 kilometr metro, 32 kilometr temiryo'l, umumiy uzunligi 471 kilometr bo'lgan 25 ta transport koridorlarida aloxida avtobus yo'laklari qurish ko'zda tutilgan. Shuningdek, 28 ta transport o'tish bog'lamaalari ishga tushiriladi.

    Poytaxtga tutash “Yangi Toshkent”

    Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo'lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” kontseptsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig'ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo'ljallangan hududda istiqbolli rivojlanish va qurilish, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo'llar sxemalari ishlab chiqilgan. 20 ming gektar hudud 3 bosqichga bo'lingan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda qurilish ishlari olib boriladi. Hududning 2 ming gektarida ma'muriy markaz joylashishi ko'zda tutilgan. Bu ma'muriy markazda madaniy va texnologik markazlar, universitetlar, ekspolar barpo etilib, dunyo miqyosida o'tkaziladigan har xil tadbirlar uchun sharoit yaratiladi. Hozirda qurilishi boshlangan Olimpiya shaharchasi buning bir misoli. Undan tashqari, odatiy shaharlardagi kabi aholi yashash punktlari va burcha turdagi ijtimoiy soha ob'ektlari, xizmat ko'rsatish markazlari, madanish dam olish maskanlari bunyod etiladi.

    — Biz bu hududlarni shaharning davomi emas, “Yangi Toshkent” deb atayapmiz, — deydi Saidazim Sharipov. — Har bir rivojlangan davlatning bitta iqtisodiy, bitta siyosiy markazi bo'ladi. “Yangi Toshkent” mamlakatimizning qaysidir ma'noda siyosiy markaziga aylanadi. Prezidentimiz poytaxtning me'moriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qo'ygan edi. Shu jihatdan, katta-katta qurilish ob'ektlarining shahar tashqarisiga olib chiqilishi shahrimiz sharoiti, ekologik muhitni yaxshilashga yordam beradi. Lekin u markaz bevosita Toshkent shahri bilan bog'langan bo'ladi.

    “Yangi Toshkent”ni qurishda poytaxtda qilingan xatolarni takrorlamaslik, u yerda yashil hududlarni kengaytirish belgilangan. Global isish kuzatilayotgan hozirgi dunyoda yashillik juda muhim. Bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar mavjud bo'lib, bu yetarli ko'rsatkich emas. Poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun “Yashil makon” umummilliy loyihasi singari katta ishlar amalga oshirilyapti. Bosh reja loyihasida ham bunga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, katta halqa yo'li atrofida “yashil kamar” yaratish, yashil koridorlar, shahardan o'tgan kanallar bo'yida tematik bog'lar tashkil etish ko'zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent shahri atrofida 130 kilometr uzunlikdagi daraxtzor va barcha infratuzilmalarga ega yashil belbog'li yo'l tashkil qilish masalasi ham o'rtaga qo'yilgan. O'zbekistonning boshidan oxirigacha bo'lgan hududlarida joriy qilinishi mumkin bo'lgan “Yashil yo'l” loyihasi taqdimoti ma'qullandi.

    Mutaxassislarning aytishicha, yashil hududlar bizning iqlim uchun zarur. Daraxtzorlar issiqlikni yutib, havoni salqinlashtiradi, chang-to'zonni to'sadi. Ammo “yashil belbog'” faqat daraxtzordan iborat bo'lmaydi. U qishloq xo'jaligi yerlari, bog'-rog'lar, dam olish maskanlarini ham qamrab oladi. Odamlar 130 kilometrni yashil hududga aylantirish shunchaki xayol, deyishi mumkin. Biroq loyiha muvaffaqiyatiga loyihachilarning ishonchi komil. Masalan, Afrikadagi 8 ming kilometrga cho'ziladigan Saxara cho'llarining kengayishi uchun amalga oshirilayotgan “yashil tasma”ni olaylik. Bugunga qadar loyihaning 15 foizi amalga oshdi. Bizning loyiha ko'lami esa undan bir necha barobar kichik, demak bu imkonsiz narsa emas.

    Bu tasma shaharni yashillik bilan o'rab oladi. U nafaqat ekologik jihatdan foydali, balki shahar atrofidagi aholi uchun ham yashil dam olish maskaniga aylanadi. “Yashil kamar”ning bir qismi suv bo'ylaridan iborat bo'ladi. Xususan, Chirchiq daryosi bo'yida asosan yashil hudud, madaniy markazlar, dam olish, ovqatlanish maskanlari barpo etish ko'zda tutilgan. Daryo suvi hozircha kam. Ammo qachonlardir ko'paygan taqdirda ham, uni mavjud himoya chizig'i to'sib turadi.

    Shunday qilib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo'ljallangan Bosh rejasida har bir jihat e'tiborga olingan. Garchi loyiha ma'qullangan bo'lsa-da, har 5 yilda zamon talablari asosida qayta ko'rib chiqiladi. Loyiha ustida doimiy ishlanib, strategiya davomli tarzda yangilanib boriladi.

    Yana bir jihat, ma'qullangan strategiya xalq muhokamasiga qo'yiladi. Qurilishlar odamlarning fikr va takliflarini o'rgangan holda amalga oshiriladi. Xalqimizga atalgan yangi shahar bunyodkori ham shu xalqning o'zi bo'ladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri