Elektron hukumat markazining rasmiy telegram kanalida “Aqlli shahar” va uning qanday boʻlishi haqidagi fikr mulohazalar bayon qilindi.
Unda taʼkidlanishicha, hozir Yer aholisining katta yarmi — shaharliklar tashkil qilib, jahon aholisining urbanizatsiyalashuv darajasi 2050-yilda 70 foizga yaqinlashadi. Megapolislardagi singari zamonaviy imkoniyatlardan mosuvo kam aholi yashovchi va olis hududlarni odamlar tark etish jarayoni tezlashib bormoqda.
Chetdan aholining oqib kelishi shaharlarda transport tiqinlari, shahar xizmatlariga yuklanma, energiya resurslari isteʼmoli ortishi, ekologiyaning buzilishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi.
Mazkur tahliliy manbada Aqlli shahar nima oʻzi? degan savolga quyidagicha javob berilgan:
“Oddiy tushuntirganda, aqlli shahar bu — axborot texnologiyalaridan foydalanish sharofati bilan, ham hukumat, ham aholi va tadbirkorlar nuqtai nazarida, infratuzilma va xizmatlarning samaradorligiga erishish. Hokimlik xotirjam — chunki barcha shahar xizmatlari vazifasini koʻngildagidek uddalayapti, tadbirkorlar mamnun — shahar infratuzilmasi yaxshiligidan biznes yurishmoqda, aholi baxtiyor — yashash qulay, barcha ehtiyojlar qondirilgan.
Biroq soʻnggi yillarda, resurslar kamayib ketayotgani, ekologiya muammolari tanglashayotgani ortidan, “aqlli shahar” konsepsiyasi yanada kengaytirildi. Endi aqlli shahar deganda nafaqat 5G va sunʼiy intellekt kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, balki ular bilan yonma-yon oqilona loyihalashtirilgan zamonaviy transport, suv taʼminoti, isitish, yoritish, chiqindilarni olib ketish tizimlari ham tushuniladi.
Koʻcha chirogʻi faqat mashina yoki piyoda oʻtayotganida yonadi, suv quvurlari yorilganida xabar kelmaydi, balki buzilishning oldi olinadi. Yuz foizlik “aqlli shahar”da hamma narsa oʻylangan va optimallashtirilgan boʻladi: turarjoy uyidagi barcha asbob-usukunalarning sinxronlashuvidan tortib, jamoat transporti yoʻnalishlarigacha, chiqindi tashuvchi mashinalar harakatidan tortib mahalliy hokimiyat muhim qarorlar qabul qilishida koʻmaklashuvchi IT-texnologiyalargacha”
Shuningdek, aqlli shaharda quyidagi jihatlar koʻzga tashlanishi taʼkidlanadi:
- “Xavfsiz shahar — Fuqarolarning shahar ichida samarali harakatlanishining yoʻlga qoʻyilishi. (aqlli yoʻllar, aqlli transport, aqlli parkovkalar).
- Atrof-muhit muhofazasi — ifloslanish va koʻkalamzorlashtirish nazorati.
- Aqlli kommunal xizmatlar — suv, energiya taʼminoti, chiqindilar.
- Shahar boshqaruvida fuqarolarning faol ishtiroki — elektron hukumat.
- Qulay elektron taʼlim va tibbiyot — telemeditsina, masofaviy taʼlim.
- Kuchli aloqa vositalari va tahlil tizimi.
- “Aqlli” boʻlishga intilayotgan jahon shaharlari yuqoridagi yoʻnalishlarda turlicha bosqichlarda rivojlanish yoʻllarini bosib oʻtgan”
Qaysi texnologiyalar odatiy shahar hayotini “aqlli”ga aylantira oladi? Degan savolga quyidagicha javob beriladi:
“Interesting Engineering nashrining fikricha, 7 ta asosiy axborot texnologiyasisiz Smart City tamoyilini toʻlaqonli amalga oshirish mumkin emas. Aynan ularning negizida yuqori texnologiyali kelajak shaharlari uchun ishlanmalar yaratilmoqda.
Bular quyidagilar:
— IoT (Narsalar interneti). Barcha asboblar va qurilmalar oʻzaro aloqada ishlashi va yuqori samara keltirishi uchun, ular uzatgichlar bilan jihozlanishi va bulutli servislar yordamida bir ekotizimga birlashtirilishi lozim.
— Geolokatsiya. Shaharni rejalashtirishda va xizmatlar faoliyatida obyektlarning joylashgan oʻrni haqidagi maʼlumot juda muhim. Geokenglik texnologiyalari aynan shu maʼlumotlarni toʻplaydi va tahlil qiladi.
— Robotlar. Robotlarning aholi turajoylari, ishxona va jamoat joylariga integratsiyalashuvi nafaqat odamlarni ogʻir va yoqimsiz mehnatdan xalos etadi, balki shahar infratuzilmasi va xizmatlari samaradorligini oshirib, xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.
— XR-texnologiyalar. Virtual toʻldirilgan kenglik — toʻrtinchi sanoat inqilobining asosiy unsurlaridan biri. 2020-yildan boshlab, koronavirus pandemiyasi tufayli, bu texnologiyalar aqlli shaharni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. XR texnologiyalar muammolarni masofadan turib (AR-koʻzoynaklar) hal etish yoki odamlarga muhim, biroq koʻnikmasi shakllanmagan narsalar (VR-trenajyorlar)ni oʻrgatish imkonini beradi.
— Sunʼiy intellekt. Neyrotarmoqlarsiz aqlli shahar ishlab chiqaruvchi ulkan maʼlumotlar oqimini real vaqt tartibida tahlil qilish imkonsiz. Haydovchisiz jamoat transportining yoʻnalishini belgilash, avtomobil trafigi va elektr tarmogʻini intellektual boshqarish, dronlarda yetkazib berish xizmatlari va boshqalarni faoliyatini sunʼiy intellektsiz tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Shahar “sogʻmi”, uning “hayotiy muhim aʼzolari” ishlayaptimi — bularni tushunishimizda neyrotarmoqlar beqiyos oʻrin tutadi.
— 5G mobil tarmoqlari. 3G va 4G zamonaviy talablarga javob bermaydigan darajada eskirdi. Aqlli shahar ishlab chiqaruvchi ulkan maʼlumotlar oqimini tashishga bu mobil tarmoqlarning kuchi yetmaydi. Aqlli shahar toʻlaqonli ishlashi uchun faqat 5G-tarmoqlar kerak.
— Blokcheyn. Butun tizimning shaffofligi uchun kerak. Vositachisiz tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi oʻzi bajariluvchi shartnomalar yoki smart-shartnomalarda foydalaniladi”
Jahonning “eng aqlli” shaharlari: Singapur, Nyu-York, San-Fransisko, London, Syurix, Amsterdam, Kopengagen va Stokgolm.