Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) tomonidan:

- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda IT-sanoatni rivojlantirish, aholini yuqori daromadli ish oʻrinlari va zamonaviy kasblar bilan taʼminlash, shuningdek, hududlarga IT-xizmatlar eksport qiluvchi korxonalarni keng jalb qilishga qaratilgan dasturni (Zero Risk) joriy etish;

- mahalliy bozor uchun IT-xizmatlar koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchi korxonalarni xalqaro IT-bozorga olib chiqish, ularning eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha (Local to Global) amalga oshiriladi.

2024-yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida asosiy faoliyati mahalliy korxonalar uchun IT-xizmatlar boʻyicha buyurtmalarni jalb etishga qaratilgan IT-Park vakolatxonasi (filiali) tashkil etiladi.

IT-Park direksiyasiga mazkur mamlakatlarda vakolatxonalar (filiallar) faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2027-yil 1-yanvarga qadar har bir vakolatxonaga (filialga) yiliga 200 ming dollar ekvivalentigacha moliyalashtirish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat berildi.

Xorijiy mamlakatlarda muntazam ravishda, shu jumladan 2024-yilda AQSH va Germaniyada “Oʻzbekiston IT-kunlari” xalqaro tadbirlari oʻtkaziladi.

Umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun koʻrsatiladigan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori boʻlgan ikki yoki undan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yurituvchi tashkilotlarga IT-Park rezidenti maqomi beriladi.

Dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-Parkning tavsiyanomasiga asosan:

- boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda IT-Park filiallarining davlat mulki boʻlgan boʻsh binolari va maydonlari (xonalari) 1-yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida beriladi;

- IT-Park tomonidan xarid qilingan yangi kompyuter, boshqa texnika va jihozlar bir yilgacha muddatga tekin foydalanish huquqi asosida, keyinchalik ular 3 oylik davrda foizsiz boʻlib toʻlash (xarid qilish) sharti bilan taqdim etiladi;

- ish haqi xarajatlari mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari soniga mutanosib ravishda bir yil muddatda 15 foizgacha miqdorda qoplab beriladi;

- inson resurslarini rivojlantirish yoʻnalishida bir kalendar yil davomida bitta korxonaning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi: ishlab chiqarish hamda boshqaruv xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish (shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali) bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizgacha, lekin BHMning 200 barobaridan koʻp boʻlmagan qismi;

- ishga qabul qilish uchun malakali mutaxassislarni aniqlash boʻyicha xizmatlar xarajatlarining (mutaxassislar soniga mos ravishda) 50 foizgacha, biroq BHMning 20 barobaridan koʻp boʻlmagan qismi.

Dasturda quyidagi talablardan biriga mos keluvchi IT-Park rezidenti maqomiga ega boʻlgan tashkilotlar ishtirok etadi:

- umumiy xizmatlar hajmida xizmatlar eksporti ulushi mahalliy bozor uchun koʻrsatilgan xizmatlar hajmiga nisbatan yuqori boʻlgan tashkilotlar;

- amalda 500 ming dollar va undan yuqori boʻlgan ekvivalentdagi eksport shartnomasiga ega boʻlgan tashkilotlar;

- yillik aylanmasi miqdori 1 million dollar ekvivalenti va undan yuqori boʻlgan xorijiy kompaniya taʼsischiligida tashkil etilgan yangi tashkilotlar.

Shuningdek, hujjat bilan 2024-yil uchun raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 27-fevraldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.