Muloqotda ikki tomonlama oʻzaro hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga amalga oshirgan tashrifi natijasida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar strategik sheriklikning yangi bosqichiga koʻtarilgani qayd etildi.

Suhbat chogʻida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur oʻzgarishlar va keng koʻlamli islohotlarga yuqori baho berildi. Amerika delegatsiyasi rahbari AQSH Vakillar palatasi prezidenti Nensi Pelosining samimiy tilaklarini yetkazdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va AQSH parlamenti aʼzolari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu maʼnoda «Oʻzbekiston boʻyicha kokus» (doʻstlik guruhi)ning ijobiy oʻrni va faoliyatining samaradorligi taʼkidlab oʻtildi. Kongress aʼzolari Oʻzbekistonga nisbatan “Jekson-Venik” tuzatishining bekor qilinishiga koʻmak berishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.

Kongressmenlar majburiy mehnat va odam savdosining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirishdi.

Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash borasida fikr almashildi.

Tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan boshqa masalalarni ham muhokama qilishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati