AQSHda oʻzbek raqs sanʼatini katta qiziqish bilan oʻrganishmoqda

    Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabariga koʻra, Vashingtonda mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligiga tayyorgarlik doirasida oʻzbek raqs sanʼatini oʻrganish boʻyicha ikki haftalik “Silk Road Dance Camp 2020” loyihasi davom etmoqda.

    Mazkur madaniy tadbir ishtirokchilari orasida AQSHning 10 ta shtatidan vakillar bor. “Silk Road Dance Camp 2020” dasturida mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasiga virtual sayohat, oʻzbek raqsi tarixi boʻyicha qator maʼruzalar, osh tayyorlash boʻyicha namoyish, Xorazm va Buxoro viloyatlari raqs mashgʻulotlari, Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy xususiyatlari taqdimoti, Tamara xonimning memorial muzeyi va boshqa tadbirlarga virtual sayohatlar tashkil etiladi

    Ushbu dastur hammuallifi, xalqaro miqyosda taniqli olima, “Silk Road Dance Company” raqs kompaniyasi rahbari amerikalik Laurel Grey hisoblanadi. U 1984-yilda “Oʻzbek raqs va madaniyati jamiyati”ga, 1994-yilda esa “Markaziy Osiyo raqslar lageri”ga asos solgan. Laurel Grey xonim “Eng yaxshi xoreograf” (2003) va “Eng yaxshi etnik raqqosa” (1999) nominatsiyalari boʻyicha xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan

    Amerikalik olima Oʻzbekistonga koʻp marotaba tashrif buyurgan. U ikki yil davomida Toshkent Davlat akademik katta teatri taklifiga binoan faoliyat yuritgan va televizion raqs dasturlarida ishtirok etgan.