Lazgi — bu baxt, lazgi — bu hayot!

    Raqs — bu harakat, go‘zallik, so‘zsiz muloqot.

    Bugun milliy raqs san’atimiz yanada takomillashib, dunyo sahnasidan munosib o‘rin olmoqda. Xususan, Prezidentimizning “Raqs san’ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Raqs san’ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining ijrosi bugungi kunda to‘laqonli ravishda ta’minlanmoqda, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Jumladan, raqsga doir ko‘rik-tanlovlar, “Lazgi” festivali buning yaqqol misoli.

    Raqs san’ati haqida so‘z borganida “Xorazm raqs” maktabi alohida o‘ringa ega. Hozirgi kunga qadar mazkur dargohdan yetishib chiqayotgan yosh va iste’dodli raqqosalar qadimiy Xorazm raqsimizni milliy va xalqaro sahnalarda namoyish etib, yuqori natijalarga erishmoqdalar.

    Xorazm raqs san’ati bo‘yicha keng ko‘lamli ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari olib borilishi bilan bir qatorda yangi raqs fidoyilari kashf etilmoqda, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bugungi suhbatdoshimiz “Nihol”, “Ehtirom” mukofotlari sohibasi, o‘tgan yilning 26-29 aprel kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” xalqaro raqs festivalining “Gran-Pri” g‘olibasi Dilnoza Ortiqova.

    — Inson kamolot pallasiga yetarkan, umr yo‘liga qarab havas qilganlarining qanchasiga erishdi-yu qanchasiga hali ulgurmagani, yutuqlari sababchilarini ko‘z oldiga keltiradi va albatta agar hayotimda o‘sha inson bo‘lmaganida bugun qayerda bo‘lardim, degan savol tug‘iladi.

    — Haqsiz. Xorij sahnasida raqs ijro etayotganimda, yutuqlarga erishganimda bu kabi savollar xayolimga ko‘p keladi. Javobida esa hayotimni raqssiz va ustozimsiz tasavvur qilaolmasligimga amin bo‘lganman. Aslida raqqosa bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Chunki oilamizda san’atga aloqador insonlar bo‘lmagan. Xolamning uylariga ko‘p borardim. O‘sha paytlar dugonalarim bilan raqsga tushardik. Mendagi qobiliyatni ko‘rgan xolamning dugonasi onamga qizingizni raqs to‘garagiga bering, undagi qobiliyatni e’tiborsiz qoldirmang, uning kelajagi bor, deb maslahat bergan. Ota-onam kelajakda raqqosa bo‘lmaydi, maktabni tugatgach raqsga ham bormaydi, degan maqsadda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovaga olib borishgan. U paytlari 11 yoshda edim.

    Ustozimdan raqs sirlarini o‘rgana boshladim. Yillar o‘tib esa bu san’at meni sehrlab oldi, ishtiyoqim ham osha boshladi. Nafaqat milliy, balki boshqa millat vakillarining raqslarini ham o‘rgana boshladim. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng uyimdagilar raqqosa bo‘lishimga qarshilik qilishmadi.

    Har bir inson hayot yo‘lini hech yo‘q tug‘ilgan kunida sarhisob qiladi. Agar Gavhar Matyoqubova hayotimga kirib kelmaganida balki bugun umuman boshqa sohada faoliyat yuritgan bo‘lardim. Ammo raqs san’atida o‘rin topish ham oson emas. Aslo o‘rin topdim, bir qator yutuqlarga erishdim, demoqchi emasman. Agar meni tanishsa, hech yo‘q besh-o‘n kishiga raqsim ma’qul kelgan bo‘lsa, bu uchun avvalo ustozimdan va doimo qo‘llab-quvvatlagan ota-onamdan cheksiz minnatdorman. Hali oldimda turgan vazifalarim ko‘p.

    — “Lazgi” raqsi juda mashhur. Ammo uning baleti favqulotda hodisa bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Sizni “Lazgi — muhabbat va qalb raqsi” baletiga kim taklif qildi va bu taklifni eshitgach nimalarni his qildingiz?

    — “Lazgi - muhabbat va qalb raqsi” baletida men raqs tushishim haqida so‘z ham, taklif ham bo‘lmagan. Lekin ustozim Gavhar Matyoqubova mutaxassis sifatida bosh konsultant ekanligi ma’lum bo‘ldi. Madaniyat vazirligida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi fondi orqali uchrashuv belgilangan. Zoom orqali xoreograf va baletmeyster Rauf Raymondo Rebek bilan ko‘rishdik. O‘sha joyda ustozdan o‘ziga kerakli bo‘lgan savollarini so‘radilar, biz esa liboslarni ko‘rsatdik. Xorazm “Lazgi” raqslaridan, urf-odatlaridan qisqa-qisqa ma’lumotlar berib o‘tildi. Raymondo Rebek bilan u O‘zbekistonga kelganida yuzma-yuz ko‘rishdik. U menga “Men hozir baletga xos musiqa qo‘yib beraman, siz shu musiqaga raqs ijro qilib bering”, dedilar. O‘ylanib o‘tirmay xo‘p dedim-da musiqaga hamohang “Lazgi”ning harakatlarini ijro etdim. Raymondo Rebek “Hayratdaman, to‘g‘risi men bunday raqsni birinchi martda ko‘rishim”, dedi. Menda ham aslida xuddi shunday holat bor edi. Sababi avvallari balet va uning kuyiga raqsga tushmagan edim. Bu ijro men uchun dastlabkisi edi va omadim keldi.

    — Lazgi baletida ijro etgan raqslaringiz juda ham go‘zal, nafis, insonni o‘ylantira oladigan va shu bilan birga lazgining tarixiga, o‘tmishiga tushib kolgandek his kildim. Mazkur ijro sizga nima berdi?

    — Bu balet meni hayotimni o‘zgartirdi desam, yanglishmagan bo‘laman. Chunki bu o‘zgacha yo‘nalish, o‘zgacha uslub, o‘zgacha atmosfera. Boshqa yurt vakilidan aynan shu Xorazm raqs san’atiga bo‘lgan qiziqishning borligi — bu baxt. Xorijlik rejesser bilan uning talablari bo‘yicha ishlash menga katta tajriba bo‘ldi. Qachonlardir baletda raqs tushishni tasavvur ham, orzu qilmagan edim. Hatto Raymondo Rebek baletning musiqasiga raqsga tush, deganida, ustozim “Dilnoza, qo‘yaqol. Seni bu loyihaga olishmasa ham mayli. Baletni bilmaysan-ku, agar xato qilsang sharmanda bo‘lamiz”, degandilar. Ammo negadir ichimdagi ishonch meni tavakkal qilishga undadi. Natijasi esa quvonchli bo‘ldi. Mazkur baletning eng katta yutug‘i, bu rejessyor uni sahnalashtirish uchun nafaqat tarixiy asarlardan foydalangan, balki Xorazmga borib uning tarixini, raqslarini, to‘ylardagi urf-odatlarini, mahaliy aholining turmush tarzi bilan tanishib, o‘rgangan. Meni eng to‘lqinlantirgan sahna hamma bir qator tizilib ustozning raqs haqidagi so‘zlarini surdopedagogika orqali tomoshabinlarga yetkazib berishimiz edi.

    “Lazgi men uchun bu baxtdir.

    Lazgi men uchun bu hayotdir.

    Lazgi men uchun bu tiriklik jondir.

    Lazgi raqsiga o‘ynayotganimda, men shu hayotni his etaman, borliqni his etaman, shu olamni his etaman, osmon bilan yerning orasidagi borliqni his etaman. Chunki insonga jon bergan Lazgidir, bu tarixdan ma’lum. Lazgi borki butun dunyo shu bosqichni bosib o‘tgan. Chunki lazgi bu umr, betakror, umrbod, umrboqiy lazgidir”. Shundan keyin “Surnay” lazgisini ijro etaman. Mazkur raqsda “Lazgi - muhabbat va qalb raqsi” baletining yaratilishi, kelib chiqishi, oldingi zamondagi ko‘rinishlari, hozirgi kundagi ko‘rinishi va kelajakda ham qanday bo‘lishi hammasi ko‘rsatilgan.

    — “Lazgi - muhabbat va qalb raqsi” baleti nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham namoyish etilib juda katta yutuklarga erishdi. Uni jahon sahnasida qanday kutib olishdi?

    — San’at til tanlamaydi, deganlari bejiz emas ekan. Shu lazgi baletini ijro qilar ekanmiz boshqa millat vakillari bo‘lishlariga qaramay shunaqangi iliq kutib olishdi-ki. Har bitta chiqishlarda olqishlar, har bir sahna ko‘rinishidagi pardaning ochilish va yopilishlarida, har bitta raqs harakatlarida olqishlar bilan kutib olishdi. Bu biz ijrochilar uchun katta baxt.

    Bugungi kunga qadar mazkur loyiha bilan dunyoning BAA, Moskva, Fransiya, Turkiya, Germaniya kabi mamlakatlarida bo‘ldik. Mubolag‘a bo‘lmasin, qaysi shaharda bo‘lmaylik, mazkur balet katta olqish va katta qiziqish bilan kutib olindi. Ayniqsa, milliy raqslarimizga ayricha qiziqishayotganini bildirishayotgani esa cheksiz faxrlantirdi. Hattoki, Lazgi bo‘yicha ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borayotganini aytishganda esa...u paytdagi taassurotlarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman.

    — Xorazm viloyatining Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” xalqaro raqs festivalidagi ishtirokingiz, taassurotlaringiz? Ushbu festivaldagi “Grant-Pri” g‘olibasi bo‘lishingizni kutganmidingiz?

    — Meni eng quvontiradigani shu raqs yo‘nalishidagi festival aynan bizda Xorazm viloyatida o‘tkazilganligidir. Har doim xorijda turli festivallar o‘tkazilganda qachon bizni Xorazmda ham ana shunday festivallar o‘tkazilar ekan, deb o‘ylar edim. Mana hozirgi kunda bu orzularim ushaldi, desam yanglishmagan bo‘laman. Chunki boshqa mamlakatlardan raqqos va raqqosalar kelishadi, o‘zaro tajriba almashamiz. Ularning madaniyatidan, raqslaridan bahramand bo‘lamiz, shu qatorda mahorat darslarini almashamiz. Bu biz uchun juda ham katta tajriba va baxt. Bu tanlovda Xorazmning milliy raqsi bo‘lgan “Surnay” lazgisini ijro etdim. Hayajonim esa ikki barobar bo‘ldi. Sababi, o‘z yurtimda, o‘z raqsim sha’ni uchun kurashish bu juda ham katta mashaqqatni, mehnatni, kuchni talab qilar ekan. Lekin “Gran-Pri”ni olaman deb hech ham o‘ylamagan edim. Aslida juda ham xohlagan edim. Ko‘pchilik sovrin uchun “Gran-Pri” olishni istayapsizmi deb, savol berishgan edi. Yo‘q, uning puli menga qiziq emas edi, bu Xorazmning yuzi, Xorazmning san’ati ya’ni men shu yurt sha’nini raqsim bilan himoya qildim.

    “Gran-Pri” sohibasi Xorazm deganidan oyoq-qo‘limda jon qolmadi, ko‘zlarim yoshlarga to‘lib, yuragim shu qadar tez urar ediki buni tushuntirib berish juda qiyin. O‘z ismimni eshitishim bilan birinchi qilgan ishim ustozim Gavhar opaning yonlariga borib ularni quchoqlab, rosa yig‘ladim. Sababi, shu kunga yetib kelishimga, bunday sovrinlarni olishimga ustozimning mehnatlari va menga bo‘lgan ishonchlari kuch bo‘ldi. Ularning mehnatlari, sabrlari, bilim va ko‘nikmalarini menga to‘liq yetkazib berishlari, nafaqat Xorazm raqslarini balki boshqa millat raqslarini ham o‘rgatib to‘g‘ri yo‘ldan olib keldilar. Mening barcha yutuqlarim bu ustozimning yutuqlaridir. Agar men bu ustozning shogirdi bo‘lmaganimda, o‘ylaymanki bu mavqega erishmagan bo‘lar edim.

    Raqs san’ati bu shunday kasbki, faqat va faqat katta tinimsiz mehnatlar evaziga katta marralarga erishishingiz mumkin. Volfgang Yogan Gyote aytadiki: “Chinakam shogird bor narsalar negizida mavhum narsalar rivojini o‘rganadi va shu yo‘l bilan ustoziga yaqinlashib boradi”. Gavhar Matyoqubova va uning shogirdi Dilnoza Ortiqova faoliyati bunga yana bir karra misoldir.

    Surayyo Ismatova,

    O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi

    San’atshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi