Milliylikning timsolisan, “Ayqulash”!

    Madaniyat 18 Avgust 2023 694

    “Oyni quchoqlash” maʼnosini anglatuvchi “ayqulash” soʻzi qanotida qoraqalpoqning iftixoriga aylangan milliy ansambl, mana, necha yilki, dunyo kezib, jahon ahlining-da diqqatini tortib keladi.

    Bunda eng muhimi — guruh dasturidagi raqslarning qiziq voqelik asosida yaratilishi va taʼsirchan ifoda etilishi. Toʻgʻri, raqs ijrochidan, avvalo, bu nafis sanʼatga cheksiz muhabbat, ulkan mahorat talab qiladi. Ammo birlamchi masala — gʻoya.

    Shu yil oʻzbek raqs sanʼati afsonasi Mukarrama Turgʻunboyeva tavalludining 110-yilligiga bagʻishlangan badiiy tadbirda “Ayqulash”ga boʻlgan muhabbatimiz, raqslaridagi nozik voqeliklarga qiziqishimiz yanada ortdi. “Bahor” valsi bilan boshlangan konsert dasturida ozarbayjonlarning “Gaytagi”, boshqirdlarning “Prokaznisы”, belaruslarning “Speu dubrau”dek jozibidor raqslariga mahliyo boʻlib turganimizda, “Ayqulash” milliy folklor ansamblining “Qiz-yigitlar sayli” raqsiga navbat berildi. Oʻshanda raqs namoyishidan soʻng “Ayqulash” bilan yaqindan tanishishni dilga tukkandik.

    Jonli yoxud qamchili koʻprik

    “Qiz-yigitlar sayli”dan anglaganimiz shuki, ovuldagi goʻzal bir bayramga (tantana, toʻy deyish mumkin) kelayotgan suluv qizlar katta ariqqa duch keladi. Suvdan oʻta olmay oʻylanib turgan bu qizlarga yordam berish uchun goʻyo avvalroq kelib, ularni kutib turgan ovulning zabardast yigitlari chaqqonlik bilan harakatga kirishadi. Qahramonlar qizlarni avaylab, oyoqlarini suvga tegizmay ariqdan olib oʻtadi. Yigitlar ularni koʻtarib olib oʻtmadi, balki qoʻllaridagi qamchilar yordamida koʻprik hosil qildi. Ikki qator boʻlib saf tortgan yigitlar qamchilarini shunday jipsladilarki, qizlar bu mustahkam koʻprik ustidan bamaylixotir, xuddi chinakam koʻprikda yurgandek oʻtdilar.

    Yana bir diqqatga sazovor koʻrinish — yigitlar aylana hosil qilgancha belbogʻlarini yechib, undan boʻyraga oʻxshash bir narsa toʻqidilar. Ustiga bir yigitni oʻtqazib, “yigit boʻlsang chinakam er yigit boʻl, mard boʻl”, degan maʼnoda uni ikki-uch bor osmonga qarab otdilar. Har ikkala murakkab holatda ham yigitlar qizlar oldida oʻzlarining joʻmard, botir ekanini, aslida ham yigit kishi shunday boʻlishi lozimligini koʻrsatishga urinishdi. Qizlarning ham ularga hurmati oshib, quvnoq raqslari, iliq tabassumlari bilan ularga esh boʻlishdi.

    Sahnaning oʻzida, juda qisqa muddatda bunday harakatlarni amalga oshirish raqqos va raqqosalardan juda katta kuch, professionallik va dovyuraklik talab qiladi.

    — Ushbu raqs voqeliklarini bir yilcha xayolda pishitib yurganman, — deydi ansambl bosh baletmeysteri, Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Madreymov. — Chunki raqsdagi detallar tasvirini, har bir xatti-harakatni shakllantirish, ayniqsa, koʻprik hosil qilish jarayonini sahnada qanday koʻrsatib berish bilan bogʻliq masalalar koʻp vaqt talab qiladi. Qoraqalpoq yoshlarining quvnoq sayllari, yigit-qizlarning sof sevgilarini aks ettiradigan raqslarimiz koʻp.

    “Ayqulash”ning birorta raqsini shunchaki tomosha qilmaysiz. Raqs avvalida boshlangan voqelik namoyish soʻnggiga kelib aniq bir yakun bera olishi bilan ahamiyatli. Masalan, “Gul yuzli”da latofatli qizlarning yuzi gulgʻunchaga qiyoslanayogani aniq-tiniq anglashilsa, “Shashi baulu qiz” (“Sochi bogʻlangan qiz”) raqsida shodiyonaga yigʻilgan yigit-qizlarning bayramona kayfiyati ularning jozibador harakatida aks etadi. Qoʻbiz chalganlarida qizlarning iffatu nazokati yoqimli kuyga uygʻunlashsa, gʻururli yigitlarning mardligi, jasurligi keskin-keskin harakatlarida koʻzga tashlanadi. Qoraqalpoq qizlarining oʻziga xos fazilatlari, ichki ruhiyatini nafis harakatlarda aks ettirgan “Qoraqalpoq qizlari” ham ansambl dasturida oʻziga xos ahamiyatga ega. “Shoʻx jigetter” raqsi esa magʻrur qizlar haqida. Hazilga boy bu raqs gʻoyasi ustida ham baletmeyster uzoq yillar ishlagan. Yigitlar magʻrur qizning koʻnglini olish gʻoyat qiyin ekanini tan olishi bilan nihoyalangan ushbu raqs ham ansambl repertuarida alohida oʻrin tutadi.

    “Chagʻalaylar”, “Chavandoz” raqslarida esa raqqos yigitlarning joʻshqin harakatlari kishini oʻz-oʻzidan raqsga chorlaydi.

    Umuman olganda, Poʻlat Madreymov asarlarini libretto shaklida jonlantirishga intilgani bois tomoshabin voqelik mazmunini anglab olish uchun butun diqqatini raqsga beradi. Bu esa “Ayqulash”ning oʻziga xos maktab yaratishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Milliy madaniyat va sanʼatga sadoqat namunasi

    — Ansambl ijodiy jamoasi koʻp asrlik boy sanʼatimizni targʻib etib qolmay, xalqimizning maʼnaviy dunyosini yanada boyitish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda munosib hissa qoʻshib kelayotir, — deydi Qoraqalpogʻiston madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev. — Ushbu ansambl davlat tadbirlarining konsert dasturlari, respublika miqyosida oʻtkazib kelinayotgan umumxalq bayramlari, festivallar va boshqa madaniy tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda.

    Ansambl jamoasi Rossiya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Belarus, Gruziya, Armaniston, Janubiy Koreya, Xitoy singari qator davlatlarda gastrol safarlarida va folklor festivallarida qatnashib, xalqaro madaniy va doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

    Milliy madaniyatimizning ajralmas qismi sanalgan baxshichilik, jirovchilik, qoʻshiqchilik bilan bir qatorda qoraqalpoq milliy xoreografiya sanʼati ham betakror harakatlari bilan qalblardan joy olishi ham sir emas.

    — Qoraqalpoq milliy xoreografiya sanʼati ancha ilgari shakllangan boʻlib, milliy raqslarimiz boʻlgan “Ayqulash”, “Qiz uzatuv”, “Beshik toʻy” va hokazolarda hozirgi zamonaviy raqs sanʼati koʻrinishlari ifodalanganini koʻramiz, — deydi Qalbay Turdiyev. – Hozirgi zamonaviy raqsimiz XX asrning 20-40-yillarida shakllana boshlagan. Har bir xalqni oʻziga xos milliy sanʼati dunyoga tanitar ekan, biz ham faxr bilan aytamizki, “Ayqulash” qoraqalpoq milliy raqsini jahon sahnasida ulugʻlab kelayotgan milliy folklor ansamblidir.

    1956-yili “Qoʻshiq va raqs” ansambli nomi bilan tashkil qilingan jamoa 1966-yili “Ayqulash” qoraqalpoq qoʻshiq va raqs ansambli, 1976-yili “Ayqulash” qoraqalpoq milliy raqs ansambli, 1982-yili “Ayqulash” qoraqalpoq davlat qoʻshiq va raqs ansambli, 2006-yili “Ayqulash juldizlari” qoraqalpoq folklor ansambli, 2019-yildan esa “Ayqulash” qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli sifatida qayta tashkil qilindi.

    — “Ayqulash”ning bugungi darajaga yetishi uchun koʻplab qobiliyat egalari bor kuch-gʻayratini sarfladi. Ayniqsa, bosh baletmeyster Poʻlat Madreymov, Oʻzbekiston xalq artistlari Bayram Murodov, Bayram Matchonov, Otajon Xudoyshukurov, Gulparshin Sirimbetova, Tamara Doshumovaning ismlarini hurmat bilan tilga olish joiz, — deydi “Ayqulash” qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli direktori Begis Temirboyev. — Oʻzbekiston xalq artisti, “Ayqulash”da uzoq yillardan buyon bosh baletmeysterlik qilayotgan Poʻlat Madreymov ansamblga kelgan dastlabki kunlardanoq uning hayoti tubdan oʻzgardi, repertuari har tomonlama boyidi. U sahnalashtirgan “Chavandozlar”, “Orol yigitlari”, “Qoraqalpoqcha lirik raqs”, “Jilva”, “Ilmi sulton”, “Dali yigit”, “Bir piyola choy” va boshqa koʻplab raqslar qoraqalpoq xoreografiyasining klassikasiga aylandi. Bugungi kunga kelib, ansambl repertuari yuzga yaqin turli janrdagi raqs va kompozitsiyalarga ega.

    Yangicha yondashuvlar muvaffaqiyatlarni boshlab kelaveradi

    Ijodiy jamoaning repertuar siyosati, rejissura va aktyorlik sanʼatidagi yangiliklar, xalqaro madaniyat maydonida orttirgan tajribasi jamoaning uzoq yillik mashaqqatli mehnati bilan bogʻliq. Qolaversa, qoraqalpoq xalq ogʻzaki ijodi gʻoyat boy va goʻzal. Bundan hamisha zavq, ilhom oladigan “Ayqulash” xalqimiz yuragiga yetib boradigan, qalblarni zabt etadigan yangi asarlari bilan faoliyatini davom ettirmoqda.

    2021-yil “Ayqulash” jamoasi uchun muvaffaqiyatlarga boy boʻldi. Shu yili ansambl Boshqirdistonda boʻlib oʻtgan VI CIOFF jahon folkloriadasida, Xiva shahrida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniy forumi ochilish va yopilish marosimlarida, Nukusdagi II xalqaro baxshichilik sanʼati festivallarida munosib ishtirok etdi. Shuningdek, “Anqara xalqaro haftaligi” va Anqara shahri Turkiya poytaxtiga aylantirilganligining 98 yilligiga bagʻishlangan xalqaro madaniyat va sanʼat, Hindistonning Raypur shahrida boʻlib oʻtgan XII xalqaro milliy raqs festivallarida yuksak olqishlarga sazovor boʻldi.

    Vengriyada Jahon kongressi hamda folklor festivallari va xalq amaliy sanʼati tashkilotlari xalqaro kengashi tashkil etilganining 50 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etib, ushbu kongress aʼzoligiga qabul qilinganini esa ansambl hayotida muhim tarixiy voqelik deyish mumkin.

    Joriy yil iyul oyida Turkiyaning Bursa shahrida oʻtkazilgan xalqaro folklor raqs ansambllari tanlovida ishtirok etgan ansambl 20 davlat vakillari orasida ikkinchi oʻringa loyiq koʻrildi.

    Shuningdek, “Ayqulash”ning Shimoliy Makedoniyada boʻlib oʻtgan “SARAJ FEST – 2023” hamda TÜRKSOY tashkiloti tomonidan Ozarbayjonning sanʼat beshigi sanalgan Shusha shahrida oʻtkazilgan “Xaribulbul” xalqaro folklor festivallaridagi ishtiroki ham oʻziga xos boʻldi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston. Vengriya, Moldova, Rossiya, Turkiya singari koʻplab davlatlarning folklor jamoalari ishtirok etgan tadbirda Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli ham baxshi-jirovlarning chiqishini katta qiziqish bilan tomosha qilgani, kelgusida ham ijodiy hamkorlik qilish boʻyicha takliflar bildirgani ansambl jamoasini yanada ruhlantirganiga shubha yoʻq.

    “Ayqulash” hali koʻp yillar jahon sanʼat ahli eʼtiboridan tushmay, ming-minglab sanʼatsevar qoraqalpoq farzandlariga ulkan mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi. Zero, uni milliylik yetiltirdi, tobladi. U millatning tiniq koʻzgusi, milliylikning mevasidir.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari