AQSHdan munosabat: Bir necha dinlar vakillari oʻzaro ahillikda yashayotgan Oʻzbekistonning tajribasi boshqa mamlakatlar uchun namuna boʻlishi mumkin

    Xalqaro hamkorlik 22 Aprel 2022 2232

    Muborak Ramazon oyida mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan Oq uy, Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Amerika Qoʻshma Shtatlarida keng tarqalgan din va konfessiyalar vakillari hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining aʼzolari ishtirokida iftorlik uyushtirildi.

    Marosimda, xususan, AQSHning Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyasi (USCIRF) raisi Nadin Mayenza, Shimoliy Amerika Islom hamjamiyati sobiq prezidenti Sayid Sayid, AQSHning diniy erkinlik boʻyicha maxsus maxsus topshiriqlar boʻyicha sobiq elchisi Devid Sapershteyn, Global faoliyat instituti (IGE) rahbari Kris Sipl, AQSHning sharqiy sohilidagi eng yirik Islom markazi — “ADAMS” vakili Sayid Moktadir va boshqalar hozir boʻldilar.

    Iftorlik avvalida elchi Javlon Vahobov mehmonlarga mamlakatimizda anʼanaviy Islom qadriyatlarini avaylab asrash va targʻib etish hamda Oʻzbekistonda diniy erkinliklarni taʼminlash borasida hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi. Tadbir davomida ishtirokchilarga xalqimizning bagʻrikenglik anʼanalari, jumladan, muqaddas Ramazon oyining Oʻzbekistondagi barcha din va konfessiyalar vakillari bilan birgalikda hurmat va ehtirom ruhida keng nishonlanayotgani haqidagi maʼlumotlar ham taqdim etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Tarixan koʻp millat va elatlar vakillari istiqomat qiladigan mamlakat boʻlgan Oʻzbekiston bugun Islom va boshqa dinlar birdek rivojlanayotgan dunyoviy davlat hisoblanadi. Shu boisdan mamlakatimiz hukumatining fikr, eʼtiqod va din erkinligini himoya qilish va targʻib etish, yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash hamda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish tamoyili asosida amalga oshirayotgan ishlariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Iftorda soʻzga chiqqan Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha AQSH komissiyasi (USCIRF) raisi N.Mayenza bir necha kun avval Oʻzbekistonga borib, rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari va diniy yetakchilar bilan uchrashish imkoniga ega boʻlganini maʼlum qildi.

    — Oʻzbekiston soʻnggi toʻrt yil ichida qanday ijobiy va sezilarli oʻzgarishlarga erishganini hamda diniy erkinlik uchun yanada ochiq shart-sharoitlar sari intilayotganini koʻrishdan mamnun boʻldim, — dedi komissiya rahbari. — Diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish, diniy eʼtiqod erkinligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha davom etayotgan muloqotlar bizni ruhlantirdi. Oʻzbekiston hukumati bilan yoʻlga qoʻyilgan muloqot mamlakatning islohot va oʻzgarishlarni yanada ilgari surish yoʻlida katta maqsadni koʻzlaganini koʻrsatdi. “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumida ishtirok etish uchun may oyida Oʻzbekistonga boʻladigan navbatdagi safarimni intiqlik bilan kutmoqdaman.

    Shimoliy Amerika Islom hamjamiyati sobiq prezidenti, doktor S.Sayyid Oʻzbekiston asrlar davomida maʼrifiy Islom markazlaridan biri, sahih hadislar toʻplami muallifi, Islom ilohiyotchisi Imom al-Buxoriy tugʻilgan maskan boʻlib kelganini qayd etdi. U Amerikada shakllanayotgan musulmon jamiyati Oʻzbekiston bilan oʻzaro aloqalarini kengaytirishi zarur ekanligini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, Shimoliy Amerika Islom hamjamiyati sobiq rahbari AQSHda Merilend shtatidagi Indoneziya Musulmon jamiyati assotsiatsiyasi (IMAM) Islom markazi yoki Turkiya hukumati koʻmagida tashkil etilgan Diyonat markaziga oʻxshash Oʻzbekiston Islom markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

    Global faoliyat instituti (IGE) rahbari K.Zeypl ushbu tadbirga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirar ekan, bir necha din vakillari oʻzaro ahillikda yashayotgan Oʻzbekiston tajribasi boshqa mamlakatlarga diniy erkinliklarni taʼminlash modeli sifatida oʻrnak boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.

    — Shuning munosabati bilan 2022-yil may oyida Global faoliyat instituti Oʻzbekiston hukumati bilan birgalikda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini oʻtkazishni moʻljallamoqda, — dedi u. — Tadbir dunyoga Oʻzbekiston musulmonlar va nasroniylar, birinchi navbatda, ruhoniylar va imomlar oʻrtasidagi konfessiyalararo muloqot oʻrnatilgan davlatning namunasi ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Bundan tashqari, xalqaro forum davomida olim va ekspertlar diniy savodxonlikni oshirish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston islom meʼmorchiligi masalalarini ham muhokama qiladi.

    Diniy erkinlik boʻyicha sobiq maxsus elchi D.Sapershteynning fikr bildirishicha, “Oʻzbekistonning boy musulmon, nasroniy va yahudiy tarixi borligini bir dasturxon atrofiga turli dinlar vakillarini toʻplagan mazkur iftorlik tadbiri yana bir bor tasdiqladi. Biz oʻzaro hamkorlik qilsak va birgalikda ishlasak, ezguliklarni bir-birimiz bilan baham koʻrsak yorqin va yangi kelajakni yaratamiz”, — dedi u.

    Tadbir doirasidagi oʻzaro suhbat chogʻida Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi eng qadimiy masjid – “Masjid Muhammad” imom-xatibi Tolib Sharif ushbu iftorlik alohida va gʻoyat muhim voqea boʻlganini, chunki ushbu tadbir muqaddas Ramazon oyida Islomning insonparvarlikni ilgari suruvchi din ekanligini yana bir bor namoyon etganini taʼkidladi. “Koʻp asrlik tarixi Islom tarixi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston imom-xatiblari bilan uchrashishdan juda mamnun boʻldim. Bunday uchrashuvlar ikki davlat imom-xatiblari va ulamolari oʻrtasida oʻzaro fikr almashish imkonini bermoqda. Oʻzbekiston hukumatining bu yoʻlda tashlayotgan muhim qadamlarini ham olqishlashni istar edim. Oʻzbekiston millatlararo va dinlararo totuvlik gullab-yashnagan dunyoviy davlatning namunasi boʻlib qolmoqda”, — dedi Amerika masjidi rahbari.

    Oʻz navbatida, yetakchi tahliliy markaz hisoblanadigan AQSH Tinchlik instituti (USIP) eksperti, Davlat departamentining diniy ozchiliklar boʻyicha sobiq maxsus maslahatchisi Noks Temza ham Oʻzbekistonda diniy erkinliklarni taʼminlash borasida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishilganini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, “Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida Oʻzbekistonda qonunchilik, diniy tashkilotlarni roʻyxatga olish sohasida jiddiy islohotlar amalga oshirildi. Bundan atigi besh yil avval aql bovar qilmaydigan ishlarning aksariyati bugungi Oʻzbekistonda haqiqiy voqelikka aylandi. Men esa Oʻzbekistonning kelajakda bundan ham yuksak muvaffaqiyatlarga erishishini kutib qolaman”, — dedi u.