Tan olib aytish kerak, shu vaqtgacha ekologiya va atrof-muhit bilan bogʻliq masalalar qanchalik koʻp koʻtarilmasin, muammolar aytilmasin, ularning yechimiga kelganda yetarlicha shugʻullanmadik. Kerak-kerak boʻlmagan joylarga ham archa ekish kampaniyasi shunchalik avj olgandiki, bu kimga zarurligi yoki nima uchun shundayligini hatto mutaxassislar ham aniq izohlay olishmasdi.

Soʻnggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori meʼyordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Andijon, Namangan, Qoʻqon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga toʻgʻri keladi.

Shu bilan birga, hududlarda “yashil maydon”lar 3-4 baravarga qisqarib, oʻrtacha 8 foizdan kamayib ketdi. Yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi ham ekologik vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish boʻyicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yoʻgʻi 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan. Bu borada Buxoro, Namangan, Fargʻonadan tashqari boshqa birorta hududda ishlar yakuniga yetkazilmagan.

Bu muammolar bir yoki ikki yillik emas. Bu yigirma-oʻttiz yillab davomida atrof-muhitga qilingan tajovuzlar, tabiat neʼmatlaridan tartibsiz va xoʻjasizlarcha foydalanilgani, ekologiya masalasi hamisha eʼtiborimizning eng quyi pogʻonasida boʻlib kelgani oqibatidir.

Birgina daraxt kesilishini olaylik. 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrga qadar davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy joriy etilgan edi. Keyinchalik ushbu moratoriy muddati 2021-yil yakunigacha uzaytirildi. Yigʻilishda taʼkidlanishicha, oʻtgan 6 oylik moratoriy davrida 316 ming dona qimmatbaho daraxtlar asrab qolingan. Biroq shunga qaramasdan, oʻtgan davrda 2,8 mingta qimmatbaho va 2 mingdan ziyod kam qimmatli daraxtlar noqonuniy kesilgan. Bu holatlar, Surxondaryoda – 242 ta, Jizzax va Xorazmda – 238 tadan, Navoiyda – 212 ta, Toshkent shahrida – 201 tani tashkil etgani juda ayanchli holdir. Chunki bitta daraxtning voyaga yetib, yerga mustahkam oʻrnashib olishi, atrofga soya yoki meva berishi uchun yillar kerak boʻladi. Shunday ekan, besh mingga yaqin emas, bir dona daraxtning ham kesilishini ona tabiatga yetkazilgan bemisl zarar sifatida qabul qilishimiz shart.

Shuning uchun ham daraxtlarni kesishga moratoriy 2024-yilga qadar uzaytirilishi va javobgarlik keskin kuchaytirilishi koʻpchilikning ayni dilidagi tashabbus boʻldi. Endilikda daraxtlarni kesishga qarshi keskin choralar koʻrilishi, jumladan, ekologiya sohasida qoʻllaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravar oshirilishi ham mamlakatimiz ekologiyasini asrash yoʻlida jiddiy qadam boʻlishi shubhasiz.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, respublikadagi 300 ga yaqin istirohat bogʻlari turli vazirlik va idoralarga qarashli boʻlib, ularning aksariyati qarovsiz. Oʻtkazilgan oʻrganishlar va ekologik reydlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasining “ishonch telefoni”ga kelib tushayotgan murojaatlar, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar respublika boʻyicha istirohat bogʻlari va xiyobonlar faoliyatida koʻplab kamchiliklar mavjud ekanligini koʻrsatyapti.

Koʻp hollarda istirohat bogʻlarida chiqindilar toʻplanib qolgan, daraxtlarning qarovsiz va sugʻorilmasligi oqibatida qurib qolyapti, bogʻlarda sugʻorish tizimi mavjud emas, istirohat bogʻlarining ahvoli achinarli hamda aholi dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.

Yigʻilishda turli vazirlik va idoralarga qarashli boʻlgan istirohat bogʻlarini mahalliy hokimliklar tasarrufiga oʻtkazish, istirohat bogʻlarida aholi uchun “sokin hudud”larni tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilandi. Bunda, mazkur bogʻlarning kamida 60-70 foizi “yashil hudud” boʻlishi kerak va ushbu hududlarda bino-inshootlar qurilishiga ruxsat berilmaydi.

Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan sayilgoh (jami – 12 ta), “yashil maydon” va alleya (jami – 25 kilometr), koʻp qavatli uylar joylashgan mahallalarning har birida “yashil maydon”lar tashkil etish lozim. Shu bilan birga, poytaxtning 60 kilometr kanal boʻylari, 250 kilometr piyoda yoʻlaklari atrofiga manzarali daraxtlar ekilishi belgilandi.

Ayniqsa, atrof muhitni muhofaza qilish uchun IIV tizimida “Ekologiya politsiyasi” tashkil etilishi qonun ustuvorligini taʼminlashda xizmat qiladi deb oʻylayman. Chunki yillar davomida “tabiat oʻzi tozalaydi” degan befarqlik va loqaydlik kayfiyatidan qutulishimizning bundan boshqa yoʻli yoʻq.

“Ekologiya politsiyasi” Toshkent shahri va viloyat markazlarida tashkil etiladi. Uning zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonyerlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi profilaktika vazifalari yuklatiladi.

Har bir sohaning rivoji ushbu tizimda ishlayotgan kadrlarga, malakali mutaxassislarga borib taqaladi. Yillar mobaynida ekologiya masalasi eʼtiborimizdan chetda qolgani kabi soha uchun kadrlar tayyorlash masalalari ham oʻz holiga tashlab qoʻyilgani sir emas. Ekologiyani asrash uchun tajribali ekologlar kerak boʻlsada, bunday mutaxassisni topishning oʻzi qiyin boʻlib qolgani ham bor gap. Misol uchun, Ekologiya qoʻmitasi tizimidagi 2 mingdan ortiq xodimlarning atigi 10 foizi mutaxassis hisoblanadi.

Qoʻmita huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini takomillashtirish, olimlar va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Buning uchun mazkur ilmiy-tadqiqot instituti zamonaviy texnika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi. Doktoranturaga kvotalar 2 baravar oshiriladi. Institutda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi boʻyicha ilmiy darajalarni beruvchi Ilmiy kengash tashkil etiladi. Bularning barchasi tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish sari qoʻyilgan muhim qadam boʻlishi, shubhasiz.

Oʻz navbatida Ekologik partiya va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan mamlakatimizda ekologik qonunchilikni yanada takomillashtirish, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish hamda qonunlar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini tashkil etishda faollik koʻrsatishi maqsadga muvofiq. Ekologik partiya tomonidan sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik hujjatlari tizimlashtirish, jumladan Ekologik kodeksni qabul qilish gʻoyasi ilgari suriladi. Shuningdek, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilinishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Narzullo OBLOMURODOV, 

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi

Ijroiya qoʻmitasi raisi.