Aslida ham shunday boʻlishi kerak. Ekologiya, tabiatni asrab-avaylashda hech kimning chetda qarab turishga haqqi yoʻq. Binobarin, endilikda bular umumbashariyat muammosiga aylanib ulgurdi.

Xususan, Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq ekologik fojia millionlab odamning turmush tarziga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Bu taʼsir hatto uzoq qorli choʻqqilarda ham sezilmoqda. Iqlimning keskin oʻzgarishi, atrof-muhitning jadal ifloslanishi, yer va suv resurslari degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning qisqarishi kabi transchegaraviy ekologik muammolar esa bunga yanada jiddiyroq eʼtibor qaratishni talab etadi.

Aynan shu maqsadda qator ekologik jamoat tashkilotlari tashabbusi bilan 2008-yilda Oʻzbekiston ekologik harakati (Ekoharakat)ga asos solingan edi. Oradan oʻn besh yil oʻtdi. Bu tarix nuqtayi nazaridan juda qisqa vaqt, lekin biror yoʻnalishda amaliy natijaga erishish uchun yetarlicha muddat. Quyida mazkur tuzilma faoliyatini bir qur tahlil qilishni lozim topdik.

Ekoharakat “Sogʻlom muhit – inson salomatligi” gʻoyasini asosiy shiori hisoblagan holda dolzarb ekologik muammolarni kompleks hal etishda davlat va jamoat tashkilotlari salohiyatini birlashtirish, ushbu yoʻnalishdagi davlat dasturlarining amalga oshirilishiga koʻmaklashish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan takliflar ishlab chiqish, yoshlarga ekologik taʼlim-tarbiya berish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar yoʻlida oʻtgan vaqt davomida yurtimiz va xalqaro maydonda 4,5 milliondan ziyod faolni qamrab olgan 14,5 mingdan ortiq amaliy-tahliliy tadbir oʻtkazildi.

Atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sogʻlomlashtirishda jamoatchilik ishtiroki faolligini har tomonlama kuchaytirishda davlat hokimiyati organlari, muassasalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikning samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Bu borada qator memorandumlar imzolandi, atrof-muhit muhofazasi va tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan NNTlar bilan hamkorlik oʻrnatildi. 2009-yilda Sirdaryoda “Koʻchat ek va parvarish qil” shiori ostidagi boshlangan koʻchat ekish aksiyasi keyinchalik respublikamiz boʻylab quloch yozdi. Pirovardida umumiy maydoni 90 gektardan iborat 20 dan ortiq ekobogʻ barpo etildi.

Daraxt ekish aksiyasi boʻyicha jamoatchilik tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi. Endi har yili yurtimizda 200 million tup daraxt koʻchati ekish, ushbu koʻrsatkichni besh yilda bir milliardga yetkazish maqsad qilingan.

2009-yildan boshlab yoz mavsumida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan “Chimyon sadosi” xalqaro ekologik-turistik festivali doirasida “Biz toza Chimyon uchun” ekologik aksiyasi oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.

Orolboʻyi aholisi va atrof-muhit salomatligi uchun Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha tadbirlarga faollarni jalb qilish maqsadida keng jamoatchilik ishtirokida 2019-yildan boshlab “Orolga madad” xayriya aksiyasi oʻtkazib kelinmoqda.

2022-yil avgustida Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Koʻkalamzorlashtirish ishlari jamoatchilik eʼtiborida” mavzuida jamoatchilik eshituvi alohida eʼtirofga sazovor boʻldi.

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ekologik taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish Ekoharakatning doimiy diqqat markazida. Maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Onajonim tabiat” ijodiy tanlovi oʻtkazilishi anʼanaga aylanib qoldi. Mahallalarda “Obod mahalla – shahrimiz koʻrki”, “Atrof-muhit muhofazasi barchaning ishi” kabi mavzularda tadbirlar, anʼanaviy “Chimyon sadosi” festivali doirasida “Ochiq osmon ostida ekomaktab” mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.

Ekologik muammolar chegara bilmaydi

Ekologik muammolarning chegarasi yoʻq. Bugun yer yuzining qaysidir chekkasidagi ekologik muammo, albatta, ertaga sizu biz yashayotgan manzilga yetib kelishi mumkin. Shu bois, Ekoharakat xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirishga asosiy eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, 2016-yilda Oʻzbekiston ekologik harakatining Namangan viloyati hududiy boʻlinmasi huzurida (Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun), 2018-yilda Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi huzurida (Toshkent mintaqasi uchun) YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori koʻmagida Axborot-resurs markazlari tashkil etildi. Ular aholining ekologik xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Moʻynoq shaharlarida oʻtkazilgan “ARAL MARATHON” birinchi xalqaro ekologik marafonida 30 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.

2019-yil 24-25-noyabr kunlari Oʻzbekiston ekologik harakati BMT shafeligida Nukus shahrida oʻtkazilgan “Orolboʻyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” mavzuidagi xalqaro konferensiyani tashkil etish va oʻtkazishda faol ishtirok etdi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tadbirlarining aksariyati keng jamoatchilik, jumladan, jahon hamjamiyatining eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Atrof-muhit muhofazasi davlat, jamiyat va har bir fuqaroning vazifasi boʻlishiga erishish uchun amaliy ishlarga yanada keng eʼtibor qaratish lozim.  

Aholi oʻrtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, Orolboʻyida yashovchilar orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va monitoringini yuritish maqsadida “Kegayli” QVP uchun tibbiy diagnostika jihozlari va vositalari, dori-darmonlar xarid qilindi. Xuddi shu qishloq vrachlik punktini uzluksiz elektr energiyasi va issiq suv bilan taʼminlash maqsadida quyosh fotoelektr stansiyasi va quyosh batareyalari oʻrnatildi.

Amudaryo tumanidagi “Okean” va “Bogʻi eram” fermer xoʻjaliklarida tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etildi. Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Mulla Saidqul” fermer xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish texnologiyasi foydalanishga topshirildi. Bogʻlarni sugʻorish maqsadida yer osti qudugʻidan suv olish uchun quyosh va shamol energiyasidan foydalanish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Buxoro viloyatidagi “Jayron” ekomarkazi hududida ekosayyohlik salohiyatini oshirish maqsadida tashrif markazi jihozlandi.

Ekoharakatning hududiy boʻlinmalari tomonidan ham Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. Jumladan, Quyi Zarafshonning geoekologik elektron xaritasini ishlab chiqish, Namangan shahridagi “Kamolot” bogʻida “Ekoolam” koʻrgazma maydonini yaratish, Sirdaryo qirgʻoqlari boʻylab ekoturizmni rivojlantirish, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida aholining ekologik dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashish boʻyicha yoshlarining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirildi.

2022-yildan boshlab Jizzax viloyatida Ekoharakat tomonidan Jahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) loyihasi boʻyicha ishlanmoqda. Loyihada archali oʻrmonzorlarni tiklash, grek yongʻogʻining qimmatbaho turlarini asrash va qator muhim endemik oʻsimliklarni saqlash va qayta tiklash nazarda tutilgan.

Qilinajak ishlar hali koʻp

Oʻtgan oʻn besh yil koʻplab masalalarga yangicha yechimlar izlash, hamkorlar safini kengaytirish, milliy va xalqaro miqyosda atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholi salomatligi muammolariga yechim topishda samarali ishtirok etishga imkon beradigan tajribalaridan foydalangan holda ekologiya faollari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish davri boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishishga bagʻishlangan marosimdagi nutqida ekologik muammolarni hal etish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ham amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar alohida tilga olinib, “yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillarini keng joriy etish, suv resurslari tanqisligining oldini olish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va uning taʼsirini yumshatish borasida ijobiy oʻzgarishlarga erishilmoqda.

Barqaror rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqqan holda ekologik vaziyatni yaxshilash, jumladan, oʻsimlik va hayvonot olamini himoya qilish hamda asrash boʻyicha yangicha yondashuv asosida islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ekologik masalalarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarib, uni boshqarish va tartibga soluvchi qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda. Yangicha ekologik tafakkur, ekologik dunyoqarash shakllanib, aholining ekologik madaniyati yuksalmoqda.

Orolboʻyi hududlarida ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tub islohotlar jadal tus olgan. Soʻnggi 6 yil ichida Orol dengizining qurigan tubida 1 million 800 ming gektar maydonda oʻrmonlashtirish ishlari olib borildi. Bugun dengizning qurigan tubida yashil qoplamalar paydo boʻldi.

Shuningdek, Oʻzbekistonning yangilangan konstitutsiyasida Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan davlat tomonidan choralar koʻrilishi alohida belgilab qoʻyildi. Bu esa soʻnggi yillarda Orolboʻyi hududida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli amaliy ishlarni izchil davom ettirishni huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflarning roʻyobga chiqarilishi mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi, xalqimiz farovonligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqib, Ekoharakat quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratishni maqsad qilgan:

– muqobil energiya boʻlmish vodoroddan foydalanish texnologiyasini hayotga joriy etish boʻyicha ilmiy tadqiqot va amaliy ishlarni jadallashtirish;

– mamlakatdagi suv resurslari kadastrini hamda suv boshqarishning mukammal va barqaror strategiyasini ishlab chiqish ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish;

– agrar sohada ekologik toza va resurstejamkor innovatsion agrobiotexnologiyalarni qoʻllash yuzasidan takliflar tayyorlash;

– Orolboʻyi hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini davom ettirish.

Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarga ekologik taʼlim-tarbiya berishning mukammal huquqiy asoslarini ishlab chiqishda qatnashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish masalalari boʻyicha davlat, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari bilan hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirish, mavsumiy ekologik muammolar, jumladan, xazon, bugʻdoydan boʻshagan yerda somon yoqilishining oldini olish, bartaraf etish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish, hududga xos ekologik muammolar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlashni kengaytirish, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi tamoyillarini tatbiq etishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etishga koʻmaklashish ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Ekoharakat va uning koʻp ming sonli faollari bundan keyin ham ana shu ezgu maqsadlar yoʻlida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida barcha kuch-gʻayratlarini ayamaydi.

Saidrasul SANGINOV,

falsafa fanlari doktori, professor,

Islom XUSHVAQTOV,

qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi