Maktablar attestatsiyasi jazolovchi vosita emas

    Yangi tizimga muvofiq, akkreditatsiyalanmagan maktablarda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalari tuzilib, bir yildan soʻng qayta attestatsiyadan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga koʻra taʼlim tashkilotlari attestatsiyasi — taʼlim tashkilotlarining faoliyatini baholash, davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari hamda oʻquv dasturlariga muvofiq kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatini aniqlash boʻyicha davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanadi.

    Taʼlim inspeksiyasi tashkil etilgan dastlabki kunlardan boshlab ushbu vazifani tizimli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, inspeksiya taʼlim sifatini nazorat qilish bilan cheklamasdan, sifatni yana-da oshirish boʻyicha taʼlimni boshqaruv organlari va taʼlim tashkilotlariga har tomonlama koʻmak berish vazifalarini ustuvor qilib belgilandi. Taʼlim inspeksiyasi har bir xatti-harakatida taʼlim oluvchining manfaati va huquqlari ustuvorligi belgilandi.

    Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini ichki va tashqi baholash tizimlari joriy etildi. Taʼlim sifatini taʼminlashning ushbu tizimi taʼlim muassasalarida muntazam oʻzini oʻzi baholash orqali taʼlim xizmatlari sifatini oshirish va taʼlim sifati madaniyatini shakllantirishga yoʻnaltirilgan. Attestatsiya va davlat akkreditatsiyasi jazolovchi vositadan taʼlim sifatini yana-da yaxshilovchi vositaga aylantirildi.

    Tashqi baholash jarayonlarida avvalo muassasada taʼlim sifatini taʼminlashning ichki tizimi qay darajada samarali yoʻlga qoʻyilganligiga eʼtibor beriladi. Tashkilot jamoasining koʻrsatayotgan taʼlim xizmatlari sifatiga qay darajada hisobdorligi, ularning faoliyati shaffofligi va asosiy manfaatdor tomonlar (oʻquvchilar, ota-onalar) bilan hamkorlikda ochiqlik asosida yoʻlga qoʻyilganligi hamda taʼlim xizmatlari sifatini yana-da yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligiga baho beriladi.

    Umumiy oʻrta taʼlim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan oʻtkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirildi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasi jarayonini onlayn monitoring qilish boʻyicha “ONACS” – elektron platformasi yaratildi hamda onlayn akkreditatsiya reyestri ishga tushirildi.

    Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari va ularni baholash texnologiyalari ishlab chiqildi.

    Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini tashqi baholash uchun tuman (shahar)larda fanlar boʻyicha 64 nafardan jami 12553 nafar ekspert reyestri shakllantirildi.

    Yaratilgan akkreditatsiya tizimi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim sifatini yana-da oshirishga yoʻnaltirilganligi, mavjud muammolarni bartaraf etish mexanizmini ishlab chiqish va malakali ekspertlarni jalb kilgan holda maktabni keyingi besh yillik rivojlanishiga koʻmaklashishi bilan ahamiyatlidir.

    Yangi tizimga muvofiq, akkreditatsiyalanmagan maktablarda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalari tuzilib, bir yildan soʻng qayta attestatsiyadan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

    Xususan, Namangan shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati 2020-yil fevral oyida oʻtkazilgan attestatsiya jarayonida qoniqarsiz baholanib, akkreditatsiyalanmagan edi.

    Oʻtgan bir yil davomida maktab-internat jamoasi tasdiqlangan “yoʻl xarita”si asosida oʻquvchilar bilimini va oʻqituvchilar salohiyatini oshirishga va taʼlim sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi moddiy-texnik bazani boyitishga alohida eʼtibor qaratgan.

    Jumladan, maktab-internatning informatika kabineti va oʻqituvchilar xonasi zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlanib, yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulangan.

    Maktab-internat pedagoglarning mustaqil malaka oshirishlari uchun sharoitlar yaratilib, ularga uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida xalq taʼlimi boʻlimi metodistlari va Namangan davlat universitetining professor oʻqituvchilari bilan ustoz-shogird anʼanasi asosida ilmiy hamkorlik oʻrnatilgan.

    Past oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlarni toʻldirish boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan qoʻshimcha darslar tashkil etilib, fan toʻgaraklari faoliyati kuchaytirilgan. Har chorakda oʻquvchilar bilimini monitoring qilib borish boʻyicha Davlat test markazi bilan shartnoma tuzilib, ularning oʻzlashtirish dinamikasi tahlil qilib borilgan.

    Natijada maktab-internatdagi oliy toifali oʻqituvchilar ulushi 17 foizdan 31 foizga, birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi 27 foizdan 55 foizga oshishiga erishilgan. Bugungi kunda maktab-internatdagi jami 29 nafar oʻqituvchilarning 9 nafari (31 foiz) oliy toifali, 16 nafari (55 foiz) birinchi toifali, 3 nafari (10 foiz) ikkinchi toifali va 1 nafari (3,4 foiz) mutaxassis oʻqituvchilar boʻlib, pedagoglar salohiyati 86 foizni tashkil etmoqda.

    Shuningdek, 2021-yil qayta attestatsiya jarayonida olingan nazorat ishlari natijalariga koʻra oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi 48 foizdan 83,9 foizga koʻtarilgan va maktab-internat akkreditatsiyalanishga tavsiya etilgan.

    Bundan koʻrinadiki, qayerda maktab rahbari tadbirli boʻlsa, maktab faoliyatini rivojlantirish boʻyicha istiqbol rejasi puxta tuzilib amalga oshirilsa, bu maktabda oʻqitish sharoitlari yaxshilanib, taʼlim sifati oshishiga erishiladi.

    Ravshan ERGASHEV,

    Taʼlim sifatini nazorat

    qilish davlat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi