Kulish jarayonida yuzimizdagi saksondan ziyod mushak qarish jarayoniga faol qarshilik qilishini, kuniga 15 daqiqa kulish bir oyda 2 kilo vazn tashlashga koʻmaklashishi mumkinligini bilasizmi? Kulgi terapiyasi organizmning immun tizimini mustahkamlashi haqidagi fikrni esa Abu Ali ibn Sinoning “Bemor kulayotgan lahzalarida yuz foiz sogʻlom odam holatida boʻladi!” degan jumlasi bilan quvvatlash mumkin.
Bugun muayyan maʼnoda kulgu terapiyasiga xizmat qilayotgan, bu boradagi mehnatlari “Shuhrat” medaliga munosib koʻrilgan, oddiy va jiddiy inson, badiiy soʻz ustasi Avaz Azizoxunov bachkanalikdan xoli hazillaridagi samimiyati ila yurtdoshlarimiz qalbiga kirib bordi. Albatta, bu osonlikcha boʻlmadi. Buning uchun 11 yil kerak boʻldi. “Mirzo teatri”dan boshlangan kulgu ulashishdek mashaqqatli faoliyat bugun yakkaxonlikda davom etmoqda.
7 yoshdan 70 yoshgacha muxlislarga sevimli soʻz ustasi, rahmatli Hojiboy Tojiboyevni eslatuvchi Avaz OXUN (Azizoxunov) bilan suhbatimiz qiziqchilik, soʻz sanʼati bilan bogʻliq nozik jihatlar, umuman, qiziqchilikning jamiyatdagi roli xususida kechdi.
Askiyachilar nima uchun oʻzi gapirib, oʻzi kuladi? Yoxud askiya ham milliy brendimiz
Oʻquvchilik yillaridanoq tadbirlar sabab maktab sahnasida toblangan, hatto kuldirishga moyil doʻstlari bilan pulli dasturini namoyish qilgan Avaz Oxun aslida soʻz sanʼatiga qiziqqani holda oʻzi istamaygina Toshkent davlat sanʼat institutining qoʻgʻirchoq teatri rejissyorligi fakultetiga hujjat topshirgan. Chunki bu yoʻnalishga talabgorlar kamroq, soʻz ustalarini yetishtirib beradigan alohida yoʻnalish yoki kurslar yoʻq edi, hozir ham yoʻq. Soʻz ustaligi aktyorlik, rejissyorlik mahoratiga qoʻshib oʻrgatiladi.
— Prezidentimiz qiziqchilik, askiya sanʼatiga alohida eʼtibor qaratganidan biz, soʻz ustalari juda xursand boʻldik, — deydi qahramonimiz. — Soʻz ustalari eʼtirof etilyapti. Davlat mukofotlari berilyapti. Ayniqsa, bu sanʼat turlarini rivojlantirish boʻyicha alohida qaror imzolangani tarixiy voqea boʻldi. Ustoz qiziqchi, askiyachilar maktabi yaratilsa, soʻz ustasi boʻlaman degan yoshlar har maqomga yoʻrgʻalamaydi.
Ha, nasib qilsa, kelasi oʻquv yilidan boshlab qaror asosida Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kollejida, Fargʻona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabida “askiya va qiziqchilik sanʼati” yoʻnalishi ochiladi. Tajribali oʻqituvchilar maxsus oʻquv dasturlari asosida dars beradi. Bu esa kelajakda professional soʻz ustalari, hozirjavob askiyachilarning munosib izdoshlari yetishib chiqishiga xizmat qiladi. Zero, qiziqchilik, ayniqsa, askiya janrida ijod qilish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi.
Qiziqchi boʻlaturib Avaz Oxun ham askiya sanʼatiga 30 foiz tushunar ekan. Bunga uning oʻzi bunday izoh berdi:
– Bu — zakiylik, aql sanʼati. Uchdan bir qismini tushunishimdan bilaveringki, juda murakkab sanʼat. Yana bir gap. Askiyachilar nima uchun oʻzi gapirib oʻzi kulishiga koʻpchilik tushunmaydi. Chunki bu sanʼatda ijodkor oʻsha joyning oʻzida ijod qiladi. Gap favqulodda, hozirjavoblik bilan topilgani, birinchi marta eshitib turgani uchun askiyachining oʻzi ham kuladi. Aslida xayolimga kelgan dastlabki qiziq fikrga men ham kulaman. Tomoshabinga esa qancha kulgili boʻlmasin, jiddiy holda ayta olaman, chunki menga yangilik emas-da u. Askiyada mana shu imkoniyat yoʻq, askiyachi hozirjavob, hushyor boʻlishi shart. Shu maʼnoda ham askiya noyob sanʼatdir. Jaydari aytganda, u ham bizning milliy brendimiz. Oʻzingiz oʻylang, dunyo boʻylab qiziqchilar, qoʻshiqchilar, teatr, kino aktyorlari bor. Lekin askiyachilar dunyoda yoʻq. Balki ayrim qoʻshnilarimizda bordir, lekin men eshitmaganman. Mana, askiya bilan gʻururlanadigan joyimiz.
Biroq aytish kerak, keyingi paytlarda bu sanʼatning darajasi faqat erkaklar davrasiga xos boʻlib boryapti. Aslida askiyani kengroq ijro qilsa ham boʻladi, chiroyli askiyalar koʻp. Ustozlarimiz Muhiddin Darvesh, Rustam Hamroqulovni ommaviy eshitishgan-ku? Yuqoridagi qarordan maqsad ham shu — milliy askiyachiligimizni saqlab qolish. Sof askiya sohiblari maktabini yaratish.
Eng katta bozorimiz — hayot
Shoir aytganidek, mashhurlarga oson emas. Koʻplab odamlar nazdida ular boshqacha insonlar. Mashhurlar avtobus, metroga chiqmasligi, kiyim olish uchun bozorga bormasligi, oziq-ovqatlarni oddiy doʻkonlardan xarid qilmasligi, qisqa aytganda, yulduzmi — osmonda boʻlishi lozim. Tabiiyki, Avaz Oxunga nisbatan ham shunday qarashlar mavjud. Ammo u boshqa narsadan kuyunadi:
— Koʻpincha qiziqchilar “bu qiziqchi ekan”, deb hazillashadigan, bachkanalik qiladigan odamlar boʻladi. Goʻyo biz ularning har qanday gapini koʻtarishimiz, oʻziga yarasha bachkanalik qilib berishimiz kerak. Aslida qiziqchilar jiddiy odamlar boʻlishadi, chunki qiziqchilik jiddiy kasb. Ustozlarimiz bizga ramziy maʼnoda “Sahnaga chiqayotganda “kostyum”ingni yechib, ishing bitganidan keyin yana kiyib ketaver”, deyishgan. Buni izohlashga hojat boʻlmasa kerak. Sahnadan tashqarida biz ham oddiy insonmiz. Qolaversa, qiziqchilikning alohida kitobi, qonun-qoidasi yoʻq, hayotning oʻzi tarbiyalaydi. Shu oʻrinda ustozim Hojiboy Tojiboyevning qiziqchilik qilish uchun kitob titish shart emas, hayotni sinchkov kuzatish kifoya degan gapi esimga tushdi. Buning tasdigʻini koʻp koʻrganmiz. Lekin kitob ham oʻqish kerak, chunki odam kitob oʻqigani sari badiiy saviyasi, soʻz boyligi oshadi. Toʻgʻri, hajviyani hayotdan olasiz, koʻproq hayotni kuzatasiz, oʻsha zamon bilan hamnafas boʻlasiz. Biroq qiziqchilik sanʼatida, qoʻshiqchilikda, teatr sanʼati, kino, umuman, sanʼatning har qanday turida eng muhimi — dramaturgiya. Bizda ijrochilar koʻp, lekin dramaturgiya yoʻq. Chunki dramaturgiya mashaqqatli yoʻnalish. Yaxshi asar boʻlsa, aktyor, qiziqchini topish muammo emas. Shunday ekan, biz gapiradigan gapimizni qayerdan olamiz? Albatta, hayotdan olamiz va tabiiy chiqadi. Hayotdan olish uchun esa sinchkovroq boʻlish kerak. Ustoz aytganidek, hayot —eng katta bozorimiz, sara mahsulotlarimiz oʻsha yerda.
Juda koʻp mavzularim boshimdan oʻtgan voqeliklardan kelib chiqqan. Samolyot, toʻylar, chet el bilan bogʻliq latifalarim shular jumlasidan. Oʻsha vaziyatlarga oʻzim tushganman, ogʻir holatda qolganman. Lekin tomoshabin maza qilib kuladi. Aslida ularning zamirida katta fojia, dard, kuchli satira yotadi. Hojiboy akada ham shunaqa mavzular koʻp, baʼzi tomoshabinlar dumalab qolgudek kuladi. Qiziqchining vazifasi ham shu. Satira, hazil bilan jamiyatdagi muammolarni odamlarning oʻziga koʻrsatib, ularni ham kuldirib, ham yigʻlatib tarbiyalash. Bugun oʻta tezlikda rivojlanish bilan birga yangi-yangi muammolarga ham oʻralashib boryapmiz. Maʼnaviy qashshoqlik, ilmsizlik bizni koʻp masalalarga yengil qarashga oʻrgatib qoʻyyapti. Bu boradagi muammolarning har birini kulgu bilan nishonga olish va muayyan maʼnoda yoʻq qilishga erishish avval ham, hozir ham qiziqchilikning asosiy maqsadi.
Aslida eng jiddiy yoʻnalish
Bugun odamlarni kuldirsam boʻlgani, deb bachkanalik koʻchasiga kirayotganlar tobora koʻpayib borayotgani, afsuski, haqiqat. El oʻrtasida kishining hurmati yoʻqolishiga olib keluvchi bachkanalikni mutafakkirlarimiz keskin qoralaydi. Xususan, Nosir Xusrav “Qirq yoshda ham aqlu odob boʻlmasa, Boʻladi undayni odam demasa”, deydi. Alisher Navoiy esa bachkanalik odamni behuda ovorai sargardonlikka mubtalo qilishini uqtirib, “Havas boʻlsa qarigʻa navjuvonlik, Hijolat zohir aylar sargardonlik”, deb yozadi. Bugun yoshi bir joyga yetsa-da, bachkanalikdan uyalmay, daromad ilinjida bu illatni oʻziga ep koʻrayotganlarning konsertlarida ham oʻrindiqlar toʻlayotgani hayron qoldiradi odamni.
Xoʻsh, bu borada Avaz Oxun nima deydi?
“Bachkana kulgudan ham bachkana narsa yoʻq”, degan ekan faylasuflarimiz. Bachkanalikni sahnada ham, hayotda ham yomon koʻraman. Gapning loʻndasini aytganda, bizning davrada qachon bachkanalik qilinadi, aqli, kuchi, farosati yetmasa, sohani tushunmasagina shunday boʻlishi mumkin”.
Taʼlim zamonaviy, tarbiya milliy boʻlishi kerak
– Keyingi paytda, qoʻpol qilib aytganda, milliy gʻurur yoʻqolib boryapti. Biz koʻr-koʻrona Yevropaga taqlid qilyapmiz. Shunaqa odamlarni uchratamanki, Oʻzbekiston telekanallarini umuman koʻrmayman, deydi. Oʻzimizning telekanallarni koʻrmaslikni obroʻ hisoblaydi. Qanaqadir martaba beradi bu unga. Ochiqroq aytadigan boʻlsak, shu bilan zamonaviy oʻzicha. Toʻgʻri, nimani isteʼmol qilish har kimning oʻziga havola, lekin qadriyatlarimizni namoyon qilayotgan, oʻzbekligimizdan faxrlanib tomosha qilishga arziydigan kanallarimiz ham bor-ku.
Koʻcha-koʻyda ham koʻp eʼtibor beraman, nomlarning oʻzida ham 70-80 foiz Gʻarbga taqlid qilyapmiz. Goʻyoki shunday nom qoʻyilsa, toʻyxonami yoki qandaydir doʻkonmi, zamonaviy boʻlib qoladi. Oʻzbekcha nomlar bilan atasak boʻladi-ku? Hatto milliy mahsulotlarimizda milliy nomimiz yoʻq. Milliy nom qoʻysak, mahsulot narxi tushib ketadimi yoki reytingi pastlaydimi, tushunmayman.
Keyin shunday odamlar borki, ruscha-oʻzbekcha aralashtirib gapiradi. Eng alam qiladigani sanʼatkorlarimiz orasida bu toifadagilar borligi. Oʻzbekcha ashula aytadi, oʻzbekning toʻyiga borib pul topadi, oʻzbekning nonini yeb turib, intervyuga chaqirsa kelmaydi. Nega? Ruscha gapiradi, oʻzbekcha gapira olmayman, deydi. Ana sizga fojia. Oʻzimiz ham ruscha aralash gapiramiz, masalan “zato”, “tochniy”, “koroche” kabi soʻzlar tilimizga mahkam yopishib qolgan. Hatto sahnada ham shunday aytsak qiziqroq chiqadiganga oʻxshaydi baʼzida. Koʻplab qiziqchi guruhlar Gʻarb madaniyatini, ommaviy madaniyatni targʻib qilyapti. Lekin chinakam taqlid qilish uchun gap faqat nomda emas-da, milliy xarakter boʻlishi kerak. Masalan, yevropacha gaplashish, yevropacha salomlashish, yevropacha yashash. Shuning uchun men bu mavzuga juda koʻp toʻxtalganman. Bu haqida soatlab gaplashish kerak aslida. Qisqacha aytganda, har qanday holatda, har qaysi jabhada milliylik — milliy gʻurur, milliy tutum insonning oʻzida boʻlishi kerak. Bu har tomonlama namoyon boʻladi. Nima, oʻzbekcha yashasak qoloq boʻlib qolamizmi? Mayli, bolalarimizga ajnabiy tillarini puxta oʻrgataylik, bu kerak. Lekin takror aytaman — taʼlim zamonaviy, tarbiya milliy boʻlishi shart. Bolalarimizning zamonaviy insonlar boʻlishini xohlagan holda ularni ommaviy madaniyatga oʻrgatib qoʻyishimiz kerak emas. Bilimli, aqlli boʻlsin, dunyoni tanisin, tilni, kompyuterni bilsin, lekin oʻzbek boʻlsin, milliy gʻururini yoʻqotib qoʻymasin!
Shayxga yoqqan repertuar
Ajoyib xalqmiz-da. Talaygina “yozilmagan qoidalar”imiz, oʻzimizga xos irim-sirimlarimiz bor. Yangi tugʻilgan farzandimizni kattalariga oyoq tomonidan koʻrsatishimiz kerak, qarzimiz boʻlsa-da, ertalab birovga pul bermasligimiz kerak, falon kuni kir yuvmaslik, falon kuni sovchilikka bormaslik, yana qaysidir kunda uydan uyga koʻchmaslik, eh-hey, sanasang adogʻi yoʻq. Baʼzan aqlimiz gʻolib kelib turganda ham koʻngilga quloq solib, irim-sirimlarga oʻralashib qolamiz. Islomda esa bularning bari bidʼat ekani aytiladi. Avaz Oxunning irim-sirimlar bilan bogʻliq repertuari shu jihatni xalqqa yetkazishga xizmat qiladi. Qora mushuk, ichuvchilar, toʻylarimizda kuzatiladigan holatlar haqidagi latifalari ayrimlarimizning haqiqatan sodda, ishonuvchanligimizni oynadek koʻrsatadi oʻzimizga. Mana shu chiqishi haqida soʻraganimizda u bunday javob berdi:
— Bu repyertuarni oʻzim ham juda yaxshi koʻraman. Qaysi maʼnodaki, bunda ham dunyoviylik, ham diniylik aks etgan. Aslida diniy mavzuda repertuar tayyorlashdan choʻchib turaman. Nega? Chunki yaxshi bilmayman. Toʻgʻri, ibodatni qilamiz, Allohdan yuzimiz yorugʻ boʻlishni soʻrab, oʻziga tavakkal qilib sahnaga chiqamiz. Qiziqchilikning oʻzi haqida ham diniy ulamolardan ijobiy fikr eshitgach, koʻnglim xotirjam boʻlgan. Yaʼni odamlarni kuldirish kerak, faqat yaxshilikka xizmat qilsa, degan javobni olganman. Bidʼatlar haqida ham ulardan obdon soʻrab olib gapiraman. Xayriyatki, juda koʻp diniy ulamolardan, imomlardan, islomni, dinni yaxshi tanigan insonlardan rahmat eshitdim. “Biz masjidda mingta odamga gapirsak, Avaz Oxun 4 mingta odamga yetkazib berdi”, deganlarini eslasam, koʻnglim yorishadi. Eng quvonarlisi, bir toʻyda bir shayx aroq ichish bilan bogʻliq latifam uchun meni bagʻriga bosib minnatdorlik bildirgan. Muxlislar ham iliq qabul qilgan. Loaqal bir kishi shu irim-sirimlarning bidʼat ekanini bilib, oʻziga xulosa olib ketgan boʻlsa, yaxshilikka xizmat qildim, deb oʻylayman. Bundan tashqari, xalqning ichiga kirganimda shu repertuarim yaxshi obroʻ keltirganini sezdim, aksariyat yurtdoshlarimiz “xoʻp gapiribsiz shuni, yaxshilikka boʻpti”, deyishdi. Shu maʼnoda, yana aytilmagan irim-sirimlarimizdan xalqqa yaqin, yaʼni kundalik hayotda koʻp qoʻllanadiganlari haqida gapirib, shu mavzuga takror qaytsak boʻlaveradi. Yaxshi mavzuga qayta-qayta murojaat qilsangiz boʻladi, faqat yangilik bilan.
Hech kim xafa boʻlmagan
Suhbatdoshimizdan sanʼatkorlar boshqa kasb egalariga hazil qilganida, ular tomonidan qandaydir eʼtiroz boʻlgan-boʻlmagani haqida soʻradik.
— Toʻgʻri, koʻproq sanʼatkorlarga hazil qilganmiz, lekin shu paytgacha hech kim xafa boʻlmadi va buyogʻiga ham boʻlmasa kerak. Chunki hazil qilayotganda shaxsiyatiga tegmaslik, insonning juzʼiy kamchiliklari ustidan kulmaslik kerak. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, unga nisbatan hazil samimiy boʻlishi kerak. Menimcha, samimiy hazil hech kimning gʻashiga tegmaydi. Masalan, Hosila Rahimova, Farhod Saidov, Ozodbek Nazarbekov, Alisher Fayz, Bahrom Nazarov va yana koʻp sanʼatkorlarga, boshqa soha kishilariga hazil qilganmiz. Hech kim xafa boʻlmadi. Hammasi toʻgʻri tushungan, xursand boʻlib, minnatdorlik bildirishgan. Chunki hech qachon hech kimning shaxsiyati ustidan kulmaganmiz, bundan keyin ham kulmaymiz.
Qiziqchilikka oʻrgatib boʻladimi?
Yuqorida ayganimizdek, Avaz Oxun aynan qiziqchilikka oʻqimadi. Xalqning sevimli soʻz ustasi boʻlishida uning bolalikdan soʻz sanʼatiga qiziqishi gʻolib keldi. Toʻgʻri, institutda ham nimalarnidir oʻrgandi, lekin asosan amaliyotda toblandi. Mirzabek Xolmedov, Hojiboy Tojiboyev, Obid Asomov, Zokir Ochildiyev, Sultonali Ortiqovning har biridan oʻziga keragini oldi. Uning aytishicha, insonning qiziqchilikka moyilligi bolaligidan aytar soʻziyu koʻzi, xatti-harakatidan maʼlum boʻlib qoladi. Qiziqish boʻlsa, har qanday kasbni oʻrgatsa boʻladi. Eng muhimi, kasbga muhabbat. Kishida 1 foiz isteʼdod boʻlsa ham, 99 foiz mehnat bilan uni yuzaga chiqarish mumkin. Lekin qiziqchinamo boʻlib tugʻilgan odamning shakllanishi osonroq boʻladi.
Ayni paytda Avaz Oxunning yoʻlidan ketayotgan umidli shogirdlar bor, albatta. Ular orasida Diyorjon Faxriyev va Nodir qiziqdan qahramonimizning koʻngli toʻq.
— Bular oʻzida bor yigitlar, imkon qadar harakat qilishyapti. Nasib qilsa, ishonchimizni oqlaydi, — deya faxrlandi soʻz ustasi.
Konsertlarim bolamday aziz
Avaz Oxunning konsertlariga muxlislar koʻpincha oilaviy — ota-onalar, hatto yosh bolalar bilan kelishadi. Uning yagona maqsadi ham oilaviy tomosha qilish, eshitish mumkin boʻlgan qiziqchilik maktabini yaratish.
Darhaqiqat, bugun oilaviy koʻrish mumkin boʻlgan kulgili dasturlar barmoq bilan sanarli. Seriallarni-ku, gapirmasa ham boʻladi. 18+ belgisining aksariyat ota-onalarga hech qanday ahamiyati yoʻq. Mana shu muammolarning bari Avaz Oxunni mavzu tanlashda gʻoyat hushyorlikka undaydi. Bugun qaysi masala dolzarb? U xalqqa qanchalik qiziq? Buning uchun har kuni qaysi mavzuni aytsam, xalq tushunadi, yuragiga yetib boradi, degan savol bilan yashash kerak. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, qahramonimiz repertuarlarida 5-6 tagacha mavzu boʻladi, ularning bari dolzarb, yangi. Har bir mavzu 15-20 minut, yarim soatgacha davom etishi mumkin. Aytmoqchi boʻlayotgan gapini yetkazishdagi oʻziga xos uslub, ijro mahorati qalblarga toʻgʻri kirib boradi.
— Nasib qilsa, bu yil oʻninchi marta konsert namoyish qilamiz. Konsertlarimni bir-biridan ajrata olmayman, chunki har bittasi farzandimday aziz boʻlib qolaveradi. Axir bolalarimizni bir-biridan ajratmaymiz-ku? Bu barmogʻimni tishlasam, unisi ogʻriydi, deyishadi. Haqiqatan, har birining oʻz oʻrni, bahosi bor. Har bir konsertda xalqning esida qoladigan 1-2 ta mavzu boʻladi, shu mavzuga maza qildik, deb yuradi muxlislar. Dolzarb mavzularga ishora qilib, shuni nihoyatda toʻgʻri oʻylabsiz, deb qoʻyadiganlari ham koʻp boʻladi. Yuqorida aytganimdek, irim-sirim, qiz uzatish, toʻy masalasi, boʻlar-boʻlmas reklamalar qilinayotgani haqida gapirganimiz koʻpchilikka maqul boʻlayotgan ekan, har bitta konsertning oʻziga yarasha zoʻr nuqtasi boʻladi, deb ayta olaman.
***
Suhbatimiz yakunida qiziqchiga tabiiyki, “yangisidan bitta eshitaylik”, dedik. U esa, bajonidil gazetxonlar uchun tesha tegmagan juft latifa hadya qildi:
***
– Xotinimning qoʻli gul: shimimga yamoq solsa, yamoq bilinmaydi.
– Mening ham xotinimning qoʻli gul: shimimni yuvsa, yuvgani bilinmaydi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









