Avval xabar qilinganidek, Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan mamlakatimizda yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilash, sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga qaratilgan tahliliy o'rganish o'tkazilib, uning natijalari asosida Ichki ishlar vaziri o'rinbosarining axboroti eshitilgan edi.

Ahamiyatli jihati shundaki, o'rganishlar davomida asosiy e'tibor Qonunchilik palatasining rasmiy veb-sayti, internet nashrlari hamda “facebook” ijtimoiy tarmog'i orqali keng jamoatchilikning yo'l harakati xavfsizligi sohasida bildirgan fikr va takliflariga qaratildi.

Deputatlar tomonidan qonun tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilayotgan mazkur qonun loyihasi qo'mita tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar, statistik ma'lumotlar tahlili, soha mutaxassislarining fikr va mulohazalari, shuningdek ko'p sonli fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, tayyorlanmoqda.

Deputatlar qonun loyihasi bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi o'zgartish va qo'shimchalar kiritishni maqsad qilib qo'ymoqda:

— “Ma'muriy javobgarlik to'g'risida”gi Kodeksga yo'l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim turdagi qoidabuzarliklarga nisbatan bazaviy hisoblashning “eng kam” va “eng ko'p” miqdorda belgilangan jarimalarning minimal darajasini qo'llash;

— takroran sodir etilgan ba'zi huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini kamaytirish;

— ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini oqibatidan kelib chiqqan holda belgilash.

Ta'kidlash lozim, ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritilib, siyosiy partiyalar fraktsiyalari muhokamalaridan so'ng, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida uch o'qishda ko'rib chiqiladi.   

Bundan tashqari, qo'mita tomonidan o'tkazilgan eshituv muhokamalari natijasiga ko'ra, hukumatning ayrim qarorlariga ham quyidagi o'zgartish va qo'shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:

— avtotransport vositalarini ro'yxatdan o'tgan hududidan qat'i nazar, respublikaning istalgan hududida texnik ko'rikdan o'tkazishga ruxsat berish;

— haydovchilik guvohnomalarini berish jarayonlarida inson omilini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

— haydovchilik guvohnomalarini yo'qotgan (o'g'irlangan, yong'in, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) shaxslarga dublikat berish tartibini soddalashtirish.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan svetoforli chorrahalarda o'nga burilish belgilarining qamrovini kengaytirish choralari ham ko'riladi.

Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, aynan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi a'zolarining tashabbusi bilan qabul qilingan qonunga ko'ra sug'urta polisi bo'lmagan haydovchilarning avtotransport vositasini jarima maydonchasiga kiritib qo'yish tartibi bekor qilinib, bu keng jamoatchilik tomonidan ijobiy qo'llab-quvvatlangan edi.