Inson uchun kindik qoni toʻkilgan zamin aziz va muqaddas. U qayerda yashamasin, tugʻilib oʻsgan yurtiga, asl ildizlariga intilaveradi, talpinaveradi.
Bu
bejiz emas. Zero, Vatan – ajdodlardan avlodlarga qoladigan buyuk, bebaho meros,
eng aziz xotira.
U bizni
birlashtiradi, kuch-quvvat beradi, maqsadlarimiz sari yetaklaydi.
Millat
va xalqni yagona maqsad sari safarbar eta oladigan fenomen hodisa ham Vatan va
faqat Vatandir. Inson kasbini, uy-joyini oʻzgartirishi mumkin, lekin jonajon
yurtini zarga ham, durga ham almashtirmaydi. Buning siri bitta — insonda ona
bitta boʻlgani kabi Vatan ham yagona boʻladi. Ikki tanlov yonma-yon kelganida
avval Vatan, keyin jon turishi ham shundan.
Bugungi
globallashuv va raqamli transformatsiya davrida Vatan tushunchasi yanada keng
maʼno kasb etib, milliy oʻzlik, qadriyat va jamoaviy masʼuliyat bilan
uygʻunlashmoqda. Zamonaviy jamiyatda Vatan va qalb quvvati bir-biri bilan
chambarchas bogʻliq tushunchalar sifatida namoyon boʻlmoqda.
Vatan
tuygʻusi esa qalbdan, vijdondan boshlanib, ongu shuurimizga onamizning oq suti
va pok niyati bilan singadi. U insonni ezgulikka, fidoyilikka chorlaydi,
or-nomusini himoya qilishga ruhlantiradi. Bu tuygʻu tugʻilib oʻsgan zaminga,
tuproqqa, tarix va kelajakka cheksiz sadoqatdir. Bunday avlod toʻgʻri yoʻldan
adashmaydi, zarga ham, zoʻrga ham boʻyin egmaydi. Nega deysizmi? Chunki
ularning tomirida ulugʻ ajdodlarimiz qoni oqyapti, vujudida esa ulardan meros
buyuk qudrat joʻsh urmoqda.
Bu
tuygʻuni jonimiz va qonimiz, ruhiyatimizga jo qilib, singdirib yuborishimiz
uchun, avvalo, yurtimizning yaqin va uzoq tarixini yaxshi bilishimiz kerak.
Axir qadimiy va goʻzal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi
beshiklaridan biri boʻlgan. Bu zaminda Amir Temurdek jasorat timsoli, Alisher
Navoiydek soʻz sultoni, Mirzo Ulugʻbekdek astronomlar yetishib chiqqan.
Ularning yurt va el shaʼni, qudrati, tinchligi, maʼrifati, maʼnaviyati yoʻlida
koʻrsatgan xizmatlari har birimiz uchun ibratdir.
Masalan,
Sohibqiron Amir Temur bobomizning harbiy-siyosiy faoliyati, bebaho harbiy
merosi, ayniqsa, “Temur tuzuklari” asari yoshlarni yurt qaygʻusi va uni sevib
ardoqlash ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega. Asardagi hayotiy oʻgit
va nasihatlar yoshlarni odillik, adolat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash,
maʼnaviy saviyasini yuksaltirishda juda qoʻl keladi.
Najmiddin
Kubro ham Vatan uchun jon fido qilib, soʻnggi nafasigacha uning himoyasida
sobit turgan ajdodlarimizdan. Chingizxon Xorazmni istilo qilishdan avval elchi
yoʻllab, undan oila aʼzolari bilan shaharni tark etib, xohlagan tomoniga
ketishini soʻragan vaqtda ham u: “Mening umrim shu tuproqda kechdi. Shu xalq
bilan birga hayotning butun achchiq-chuchugini totdim. Endi uning boshiga ogʻir
kun tushganida tashlab ketish mardlikdan emas!” deya soʻzida qatʼiy turib,
yurtini yovdan himoya qilgan. Oʻzingiz ayting, Vatan uchun, millat uchun, xalq
uchun sadoqat shu emasmi, aslida?
Bugun
koʻhna tariximizni chuqur oʻrganish payti keldi. Milliy tariximizni obdan
oʻrganib, kelgusi avlodlarga yetkazish, yoshlar ongida Vatanga muhabbat,
yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayot qadriga yetish
tuygʻusini kuchaytirish, ularni vatanparvarlik vaksinasi bilan emlash bugun
hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Yoshlarda ilm-fan va taʼlim
olishga intilish tuygʻusini kuchaytirish, jismoniy va maʼnaviy yetuk insonlar
etib tarbiyalashimiz darkor.
Bugun
jahonda geosiyosiy vaziyat oʻta keskin tus olmoqda. Hozirgi notinch va murakkab
zamonda yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash, yoshlarni el-yurtga
sadoqat ruhida tarbiyalash eng dolzarb vazifaga aylanmoqda. Chunki tinch
hayotimizga, ongu tafakkurimizga qilinayotgan tajovuzlar ichida yoshlar ongida
milliy tuygʻuni zaiflashtirish harakatlari ham borki, bu har birimizdan, eng
avvalo, ona yurt himoyachisi, vatanparvar boʻlishni talab etadi.
Prezidentimiz
yangi Oʻzbekistonning istiqbolini yoshlar qiyofasida koʻrmoqda va ularga
alohida eʼtibor qaratmoqda. Xususan, yoshlar bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ham
bu masala eʼtibor markazida boʻldi: dunyoda kun sayin yoshlar ongini egallash
boʻyicha yangi tahdidlar yuzaga kelayotgan sharoitda barcha darajadagi
rahbarlar yoshlar bilan ishlash boʻyicha yangi ish tizimiga oʻtishi zarurligi
urgʻulandi.
Shu
nuqtayi nazardan, barchamiz yoshlar ongida “Oʻzbekiston mening Vatanim, men shu
xalqning bir vakiliman, ulugʻ ajdodlarning toʻlaqonli vorisiman, yurtni
asrab-avaylash muqaddas burchim”, degan ezgu tushunchani shakllantirishimiz
kerak. Farovon hayotimiz, porloq kelajagimiz uchun amalda Vatan himoyachisi
boʻlishimiz, ertamiz egalarini ham shu ruhda kamol toptirishimiz lozim.
Baʼzan
vatanparvarlikni katta ishlar bilan bogʻlaymiz. Aslida, u qonunga rioya etish,
adolatni himoya qilish, millat obroʻsini oshirish, xalq manfaati uchun mehnat
qilishda namoyon boʻladi.
Sadoqat tuygʻusi
Vatanga
sadoqat buyuk qudrat. Tugʻilib oʻsgan yurtimiz bilan bogʻliq barcha xotiralar
bizni bu tuygʻuga bogʻlab turadi. Bu tuygʻu insonni pok niyatli, fidoyi va
kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi. Sadoqatli kishi oʻz manfaatini doim
xalq manfaatidan ustun qoʻyadi.
Buyuk
sarkarda Jaloliddin Manguberdi ham el-yurt istiqboli uchun kurashgan, bunga oʻz
hayotini bagʻishlagan ajdodlarimizdan. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus
va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulugʻ shaxslar dunyoda kamdan kam
uchraydi.
Mirzo
Ulugʻbekning “Olam ahli Jaloliddindan oldin ham, keyin ham bunday bahodir
jangchini koʻrmagan. Bu zotning azmu shijoati oldida hatto buyuklikning oʻzi
ham taʼzim qiladi”, degan soʻzlari fikrimizning yaqqol ifodasidir. Ayniqsa,
uning oʻn bir yil davomida moʻgʻul bosqinchilariga qarshi janglari va yovlarni
titratgani, Sind daryosi boʻyida oʻz qoʻshinidan toʻrt marta koʻp boʻlgan
Chingizxon qoʻshiniga mardona qarshi chiqqani yurtga boʻlgan sadoqatining
yorqin koʻrinishidir.
Hatto
Chingizxondek sarkarda uning matonatini koʻrib: “Jaloliddindek qahramon
farzandi bor ota naqadar baxtlidir”, deb tan bergan. Bu bejiz emas. Chunki u
shu tuproq, shu Vatan uchun jonini fido qildi. U kabi vatanparvar, jasoratli
ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish, uni xalqimiz, ayniqsa,
yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish har bir ota-onaning oliy burchiga
aylanishi zarur. Ular oila, mahalla, millat shaʼnini koʻz qorachigʻiday
asrab-avaylasa, farzandlar ham ulardan oʻrnak olib, shu ruhda oilasevar,
vatansevar boʻlib kamol topadi.
Agar
ongining shakllanish davridayoq bolaga nima uchun sadoqat kerakligini
tushuntira olsak, unda ona, Vatan, millat haqidagi dastlabki koʻnikmalarni
hosil qilishga muvaffaq boʻlamiz. Bunday avlod boshqa qadriyatlarni beqadr
qilmagan holda oʻz madaniyati, tili va urf-odatlarini qadrlay boshlaydi.
Bu
tushuncha el farzandi uchun yurt boshiga ish tushsa bilinadi. Sadoqat yoʻq
joyda uning oʻrnini ishonchsizlik egallab oladi. Sadoqat orqali kishilar
bir-biriga ishonadi, ishonchdan jamiyatga fayz kiradi, yurt rivojlanadi, davlat
taraqqiy etadi. Zotan, u taraqqiyot gʻildiragi uzluksiz aylanishini
taʼminlaydigan maʼnaviy kuchdir.
Bolaligimizda
nuroniylarimiz “Odamni tugʻilgan yurt tuprogʻi oʻz bagʻriga tortadi. Vatan
onadek muqaddas, undan taʼma qilish gunohi azim. Odam Vatanini, garchi u choʻl
boʻlsa ham, boricha sevadi. Undan boshqa joyda xotirjam boʻla olmaydi. Zamonlar
oʻtishi, asrlar almashishi bilan hamma narsa unutilishi mumkin, lekin Vatan
uchun qilingan xizmat aslo unutilmaydi”, deb koʻp aytishardi. Bugun bu
soʻzlarning ahamiyati naqadar salmoqli ekanini yanada chuqur anglab, his qilib
turibman.
Yurtdan
uzoqda yashash mumkin. Lekin inson qayerda boʻlmasin, koʻnglida vatanini olib
yurishi kerak. Vatan degani faqat yashash joyi emas, unda har bir odamning
tarixi, qonidagi kechmishlari, tayanch tuygʻulari, hayot tomirlari, xullas,
insonni inson sifatida tutib turuvchi hamma narsa mujassam.
Prezidentimiz
faoliyatining dastlabki yillaridanoq xorijda yashab, turli sohalarda ishlayotgan
koʻplab vatandoshlarimizni tarixiy Vatan atrofida yanada jipslashtirish, qalbi
va ongiga ona yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish maqsadida milliy
tariximizda boʻlmagan voqea — minglab yurtdoshlarimizni Vatanga chorladi.
Ularni munosib ish, yaxshi daromad bilan taʼminladi. Natijada ilm-fanimizga
xorijning ilgʻor yutuqlari bevosita kirib keldi.
“Inson
qadri uchun, inson baxti uchun” ezgu tamoyiliga asoslangan Yangi Oʻzbekiston
gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi. Koʻp yillar davomida Vatan sogʻinchi
bilan yashagan yurtdoshlarimiz Prezidentimizning vatanparvarligi,
millatparvarligi tufayli Oʻzbekistonga, ona yurtiga, oilasi bagʻriga qaytdi.
Bugun chet davlatlarda oʻz sohasi boʻyicha bilim va malaka orttirgan koʻplab
fuqarolarimiz mamlakatimizning davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarida
samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan Vatanimiz ham, yurtdoshlarimiz ham
yutdi.
Fuzuliy
aytganidek, “Mening bitta hayotim bor, bordi-yu, mingta hayotga ega boʻlgan
taqdirimda ham hammasini Vatan uchun sarflagan boʻlur edim”. Bu shunchaki
oddiy soʻzlar emas, uning zamirida fidoyilik, sadoqat va yuksak vatanparvarlik
ruhi mujassam. Ertangi kunimiz bugungidan farovon boʻlishi uchun har birimizda
shunday millat va kelajak taqdiriga qaygʻurish hissi boʻlishi zarur.
Tinchlik qadri
Inson
hayotidagi eng ulugʻ va beqiyos neʼmat nimaligini bilasizmi? Bu, shubhasiz,
tinchlik va osoyishtalik. U boʻlmagan joyda barcha boylik, mehnat va umidlar
oʻz ahamiyatini yoʻqotadi. Jamiyat yuksalish va rivojlanish, taraqqiy etishdan
ortda qoladi. “Tinchlik — farovonlik yoʻldoshi” deb bejiz aytilmagan.
Chunki
tinchlik qoʻlga kiritayotgan yutuqlarimizning bosh mezoni, erishayotgan
marralarimiz, farzandlarimiz baxti va kamolining asosi. U bor joyda
investitsiya keladi, turizm, ilm-fan, texnologiya rivojlanadi, adolat qaror
topadi va inson oʻz salohiyatini toʻliq namoyon qila oladi. Eng muhimi, inson
qadri yuksalib, orzu-istaklari roʻyobga chiqadi.
Bugun
ayrim mamlakatlarda boʻlayotgan notinchliklar, oʻzaro nizolar oʻsha davlatlar
aholisining yechilmagan muammosini yechgani yoki hech kimni murod-maqsadiga
yetkazgani yoʻq. Aksincha, minglab odamlarning joniga zomin boʻldi, obod
goʻshalar xarobaga aylanib, ishlab chiqarish izdan chiqdi.
Inson
hayoti yoʻlga oʻxshaydi. Bu yoʻlda turli burilishlar, sinovlar, qiyinchiliklar
va imkoniyatlar uchraydi. Kimdir bu yoʻlda adashadi, kimdir qatʼiyat bilan
intiladi, nima uchun? Chunki uning aniq maqsadi, rejasi bor. Buyuk mutafakkir
bobomiz Alisher Navoiy shahzoda Badiuzzamonga yozgan maktublaridan birida:
“Odamning murod-maqsadi boʻlmasa, balolardan omon qolmaydi. Ammo har kishining
murodi koʻproq boʻlsa, Haq taolo amriga itoati ham boʻladi”, degan soʻzlari
zamirida ham chuqur maʼno bor.
Zero,
tiklanishsiz yuksalish boʻlmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat,
nurafshon kelajak boʻlmaydi. Maqsad esa insonni olgʻa yetaklaydi, harakatga
undaydi, unga kuch beradi. Inson hayotiga mazmun va baraka bagʻishlaydi.
Millionlarni birlashtiradi, xalqqa kuch-qudrat baxsh etadi. Demak, bugun har
bir kishining oʻz maqsadi, aniq rejasi boʻlishi zarur. Aks holda, u toʻgʻri
yoʻldan adashishi, ayrim muammolarga duch kelishi mumkin.
Bugun
zamon juda murakkab. Prezidentimiz Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan
yigʻilishida turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj
olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va
xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotganini taʼkidlab, tinchlik va xotirjamlik
eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligini
uqtirdi.
Bu
chaqiriq bizni doim ogohlikka, hushyorlikka chorlashi kerak. Hozirgi tahlikali
davrda xalqimizning tinch va erkin hayotini himoya qilish barchamiz uchun eng
muhim vazifaga aylanishi darkor. Bugungi davrning talabi aslida shu va biz
bunday sharoitda tinchligimizni koʻz qorachigʻidek asrashimiz zarur. Bu
harakatni aynan bugun boshlashimiz shart. Bunday yurtni esa hech bir kuch yenga
olmaydi, uning mustaqilligiga taʼsir oʻtkaza olmaydi.
Davlatimiz
rahbari Navroʻz umumxalq bayramida ham yoshlarga murojaat qilib, ularga
Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek yuksak sharaf nasib etayotganini
taʼkidladi. Ularni bugungi tinch va osoyishta hayotning, keng imkoniyatlar,
ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrganish,
bilim va mahoratni doimiy oshirib borishga chaqirdi.
Ushbu
chaqiriq zamirida juda chuqur maʼno bor. Zero, bugungi globallashuv sharoitida
raqobatbardosh boʻlish uchun faqat nazariy bilim emas, balki amaliy mahorat ham
muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, yoshlarimiz oʻz ustida muntazam ishlab,
innovatsion fikrlay olish qobiliyatini rivojlantirishi zarur. Mazkur murojaat
yigit-qizlarimiz uchun nafaqat daʼvat, balki yoʻl xaritasi vazifasini bajaradi.
Ana shunda bizni hech kim toʻgʻri yoʻldan chalgʻitmaydi, gʻayir kimsalar
niyatlariga yetolmaydi.
Eng
aziz va bebaho neʼmatimiz tufayli bugun Oʻzbekistonning ovozi mintaqaviy va
xalqaro maydonda tobora baland yangramoqda. Yurtimiz jahondagi koʻplab nufuzli
sammitlar, xalqaro forumlar oʻtadigan siyosiy markazlardan biriga aylandi. Bu
anjumanlar Oʻzbekistonning dunyo ahlini tinchlik va hamkorlikka chorlaydigan
ezgu daʼvati sifatida namoyon boʻlmoqda.
Yangi
Oʻzbekiston gʻoyasi asosida boshlangan ulkan islohotlar natijasida turmushimiz
tubdan oʻzgardi. Yurtda ulkan jarayonlar sodir boʻlmoqda, asr qurilishlari
davom etmoqda. Inson qadr-qimmati sharaflanmoqda. Bu yangilanishlar, dunyoning
bizga, bizning dunyoga ochilganimiz, umuman, hamma oʻzgarishlarning asosi
boʻlgan bir yutuq bor bu — tinchlik!
Ochiq,
pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosati natijasida
mamlakatimiz global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib
boryapti. Vashington shahrida boʻlib oʻtgan Tinchlik kengashining dastlabki
yigʻilishida davlatimiz rahbarining ishtiroki ham Oʻzbekistonning xalqaro
birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga umumiy
intilishining yorqin ifodasi boʻldi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan
dolzarb tashabbuslar yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzi, ochiq va
muvozanatli diplomatiyasi, tinchlikparvar siyosati izchil davom etayotganini
yana bir bor namoyon qildi.
Ayting,
ana shunday jannatmonand yurtda tinch-xotirjam yashayotganimizdan, oilamiz
bagʻrida nonushta qilib, ishga borib kelayotganimizdan faxrlanmay, gʻururlanmay
boʻladimi?! Axir shu xalq emasmi, ogʻir yillarda matonat koʻrsatgan, shu xalq
emasmi, bir burda nonga shukrona keltirib, bir mayizni qirq boʻlishib yegan?!
Maqolamizni
bejiz “Avval Vatan, keyin jon” deb nomlamadik. Nazarimda, bugun bu gʻoya har birimizning
qalbimizda yashashi kerak. Zotan, inson uchun jon qanchalik aziz boʻlsa, Vatan
undan-da aziz va muqaddas. Agar barchamiz jipslashib, bir tanu bir jon boʻlib,
jonimizni asraganimiz kabi Vatanimizni ham himoya qilsak, albatta, jonajon
yurtimiz har tomonlama obod va farovon, xalqimiz baxtli, kelajagimiz esa yanada
porloq boʻladi. Shunday ekan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yagona Vatan,
yagona xalq boʻlib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.
Salohiddin ISOMIDDINOV,
jurnalist