Qayd etilishicha, arxeologlar transheya qazish jarayonida kengligi 2,3 metrlik zinapoyaga duch keldilar. Yer tubi tomon toʻrt metr qazilganda sirli yoʻlakning bus-butun arkalariga duch kelindi. Bu yerdan 10 ming kubometr tuproq chiqarilgach, yoʻlakning 12 pogʻonasi ochildi.
Aynan shu nuqtadan yetti metr sharqda qadimshunoslar yana ikkita noyob yerosti yoʻllariga duch keldi. Taxminlarga koʻra, har ikki arkasimon yoʻlak, dastlabki topilgan katta yoʻlga bogʻlanadi.
Qiziqarli tomoni barcha yoʻlaklar butun, arksimon holda, metro uslubida nafislik bilan pishiq gʻishtdan bunyod etilgan.
Hozirda italyancha deya taʼriflangan rakovina, yerosti, pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari bilan butun holatda topilgan qoʻl yuvish vositalari ham aynan shu obyektdan 2024-yilgi qazuvlar jarayonida topildi.
- Bu obyektning ustini oktyabr oyida uzil-kesil yopishimiz kerak. Agar quruvchilar bunga ulgurishmasa, yana tuproq tashlab konservatsiya qilishimizga toʻgʻri keladi. Obyekt oʻta noyob, — deydi Axsikent ekspeditsiyasi rahbari, professor Abdulhamid Anorboyev.
Hozirda muzeylashtirilayotgan qismlar quyidagilardan iborat:
- XVIII qazuv obyekti — 10-12 asrlarda faoliyat yuritgan yer osti suv inshootining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning 13 asrning boshlariga oid Xorazmshohlar davrida qurilgan mudofaa devori va turar joy qoldiqlari
- XI qazuv obyekti — 11-12 asrlarga oid pishiq gʻishtdan qurilgan gumbazli tagxona va mahobatli turar joy qoldiqlari, Fargʻona vodiysida ilk bor topilgan qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari hamda yuqorida qayd etilgan yerosti inshootlari va nodir qurilmalar mavjud
- XIX qazuv obyekti — shaharning eramizdan avvalgi 3-1 asrlarida qurilgan mahobatli mudofaa devorlari va yerosti suv yoʻli
- XXIV qazuv obyekti — 11-12 asrlarga oid mahobatli turar joy qoldiqlari aniqlangan.
Tez orada 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan yodgorlik va undagi soʻnggi topilmalar haqida National Geographic hujjatli film suratga oladi.