Keyingi yillarda bu xizmatni moliyalashtirish hajmi ortib bormoqda. Jumladan, 2019-yilda “103” xizmatiga dori-darmon uchun 26 milliard 580 million soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2020-yilda bu koʻrsatkich 75 milliard 387 million soʻmdan ziyodni tashkil etdi.
Hozirda har bir chaqiriq vaqtida dori-darmon uchun minimal xarajatlar oʻrtacha 5400 soʻm miqdorida belgilandi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, bu koʻrsatkich 2016-yilda 748 soʻmni, 2017-yilda 1627 soʻmni tashkil etardi.
Soʻnggi yillarda davlat byudjetidan soha uchun ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilish va hududlarning ushbu texnikaga boʻlgan ehtiyojini qoplashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2019-yilda tez tibbiy xizmatda ixtisoslashgan zamonaviy avtotransportlar soni 2403 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilda esa ularning soni 2800 ga yaqinlashdi.
Bu avtotransport vositalarining aksariyati sunʼiy nafas berish, EKG apparatlari, mexanik soʻrgʻich, defibrillyator, immobilizatsiya shinalari bilan taʼminlangan. Shuningdek, mamlakatimiz boʻylab “tez yordam” xizmatining ratsiya aloqasi, telefon va planshet bilan taʼminlanish darajasi ham oshib bormoqda. Ayniqsa, barcha “tez yordam” mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yoʻnaltirishni taʼminlovchi GPS tizimini yoʻlga qoʻyishga ham alohida eʼtibor berilmoqda.
Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat koʻrsatadi. Bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini kuzatsak, ularda 20-25 ming kishiga bitta maxsus avtotransport vositasi toʻgʻri keladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi