Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash komissiyasi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kotibiyati (Vena), EXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi tomonidan tashkil etildi.

Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva so'zga chiqib, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha ishlab chiqilayotgan Milliy harakat rejasi muhimligini ta'kidladi.

Senat Raisining so'zlariga ko'ra, "O'zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida xotin-qizlarning ishtirokini faol ilgari surish respublika hukumatining asosiy vazifasidir". O'zbekiston rahbariyati tomonidan so'nggi paytlarda mamlakatimizni yanada rivojlantirishning hayotiy muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning rolini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan qator qarorlar ishtirokchilarning diqqat e'tiborini tortdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy va davlat qurilishidagi ishtirokini oshirish, gender tenglikni ta'minlash va xotin-qizlarning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha muayyan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Shuningdek, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” bo'yicha milliy harakatlar rejasi loyihasi gender siyosatini yanada samarali amalga oshirish va eng yaxshi natijalarga erishishga intiladigan ustuvor sohalarni belgilashiga e'tibor qaratildi.

BMT Xavfsizlik Kengashining "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" to'g'risidagi 1325-sonli  rezolyutsiyasi bundan 20 yil oldin, 2000 yil 31 oktyabrda birinchi marta ayollarning mojarolarni oldini olish, hal qilish va tinchlik o'rnatishda muhim ishtirokisiz mustahkam dunyoga erisha olmasligi tan olingan holda qabul qilingan. Ushbu asosiy qaror ayollarni barcha tinchlik va xavfsizlik tashabbuslarida gender masalalarini amalga oshirish bilan bir qatorda to'liq va teng ishtirok etishga chaqiradi.

Ushbu rezolyutsiya ayollarni mojarolarni hal qilish bo'yicha tinchlik muzokaralarida ko'proq ishtirok etishga, shuningdek xalqaro va milliy darajadagi etakchilik lavozimlarida ayollar sonining ko'payishiga ko'proq jalb qilishni talab qiladi.

O'tgan 20 yil mobaynida BMTning 193 davlatidan 86 ta davlatda rezolyutsiyani amalga oshirish bo'yicha "Harakatlar rejasi" ishlab chiqildi. Ushbu davra suhbati davlatlarning eng yaxshi amaliyotlarini o'rganishga bag'ishlandi.

Tadbir davomida xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha milliy harakat rejalarini amalga oshirish va monitoring qilishning xorijiy tajribasi haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Xususan, Irlandiya Tashqi ishlar va savdo vazirligining ixtiloflarning oldini olish boshqarmasi direktori, elchi Aine Herns davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun birgalikda mas'ul  ekanini qayd eto'di. Bundan tashqari, u BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini hamda ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha barcha keyingi rezolyutsiyalarni ham har tomonlama amalga oshirishga birgalikda intilish zarurligini ta'kidladi.

Albaniya hukumatining ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha mutaxassisi eralda Kanining fikricha, "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" rezolyutsiyasining barcha tarafdorlari uchun milliy qonunchilikka tegishli o'zgartirishlar kiritish va siyosiy yangilanishlarni amalga oshirish borasida ortga chekinishga yo'l qo'yilmasligi lozim. Bu borada kuchli va qat'iy majburiyatlarni o'rnatish, ayni masalalarga doimiy e'tibor berish joizligini qayd etdi.

Misol uchun, Gruziyada pandemiya ta'siriga qaramasdan, mamlakat ijtimoiy hayotining barcha sohalarida gender tenglikni ta'minlashga ko'maklashish, shuningdek tinchlik muzokaralarida ayollarning ishtirokini kengaytirish davom etmoqda. Gruziyaning ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo'yicha kun tartibini amalga oshirish bo'yicha uchinchi milliy xarakatlar rejasi 2018-2020 yillarga mo'ljallangandir. Mazkur rejada, xususan, ayollarning ishonch va yarashuvni mustahkamlash jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilgan.

Davra suhbatida ta'kidlanganidek, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi bo'yicha O'zbekiston Milliy harakatlar rejasi loyihasi quyidagilarni o'z ichiga oladi:

Tinchlik va xavfsizlikni rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash jarayonlarida ayollarning ishtirokini rag'batlantirish;

"Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" mavzuida bilimlarni chuqurlashtirish va tarqatish va xabardorlikni oshirish;

Favqulodda vaziyatlarda ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilish va hisobga olish tizimini takomillashtirish;

BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining ishtirokini rag'batlantirish.

Anjuman ishtirokchilari kun taribidagi mavzuni qizg'in muhokama qilib, o'z amaliy taklif va tavsiyalarini ilgari surdilar.

Inson huquqlari bo'yicha

O'zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati