Huquqiy madaniyat darajasining pastligi, jamiyatda gender tengsizligiga nisbatan chuqur ildiz otgan stereotiplar, oilaviy zo‘ravonlikka nisbatan inkorlik yoki befarq munosabat – bu muammolarning chuqurlashishiga olib keladi. Shu munosabat bilan, ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish sohasida huquqiy madaniyatni oshirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ularni modellashtirish zarurati tug‘iladi.
Huquqiy madaniyat tushunchasi fuqarolarning huquq va majburiyatlarini bilishi, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, huquqiy faollik ko‘rsatishi va huquqiy normalarni hayotga tatbiq eta olishi darajasini anglatadi. Bu madaniyat darajasi qanchalik yuksak bo‘lsa, jamiyatda huquqbuzarliklar va ayniqsa zaif qatlamlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari shunchalik kamayishi mumkin.
O‘zbekistonda qonunchilik bazasi (masalan, “ Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi Qonun, Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya va boshqalar) shakllantirilgan bo‘lsa-da, amaliyotda quyidagi muammolar mavjud:
- Qonunlarning keng jamoatchilikka yetarli darajada tushuntirilmasligi;
- Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining yashirinishi;
- Qo‘rquv, ijtimoiy bosim va huquqiy savodxonlik yetishmasligi.
Ayollar va bolalarni himoya qilishga qaratilgan huquqiy madaniyatni oshirish faoliyati tizimli, uzviy va davriy bo‘lishi kerak. Buning uchun zamonaviy modellar ishlab chiqish muhim:
a) Ma’lumot va ma’rifat modeli
- Maktab va oliy ta’lim muassasalarida huquqiy savodxonlikni oshirish kurslari;
- Ayollar va ota-onalar uchun targ‘ibot va treninglar tizimi.
b) Axborot-kommunikatsiya modeli
- Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy madaniyat targ‘iboti;
- Virtual platformalar (veb-sayt, mobil ilova) orqali huquqiy maslahatlar.
v) Ijtimoiy sheriklik modeli
- NNT, mahalla, diniy tashkilotlar, faol fuqarolar ishtirokida jamoatchilik nazorati;
- Davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlik.
Mexanizmlarni modellashtirishda kibersosiologiya, ijtimoiy tahlil, infografika, statistik prognoz va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish mumkin. Masalan:
- Jinoyatlar statistikasini tahlil qilish orqali xavfli hududlar va guruhlarni aniqlash;
- Sosiologik so‘rovlar orqali huquqiy ong darajasini baholash;
- O‘quv va targ‘ibot dasturlarining samaradorligini monitoring qilish.
Ayollar va bolalarni himoya qilish sohasida huquqiy madaniyatni oshirish – bu faqat yuridik chora-tadbirlar bilan emas, balki keng qamrovli ijtimoiy, ma’rifiy va psixologik ta’sir vositalari orqali amalga oshiriladigan jarayondir. Bu jarayonni modellashtirish orqali biz har bir hudud, maqsadli guruh va ijtimoiy sharoitga mos mexanizmlar yaratish imkoniga egamiz. Ushbu yondashuv nafaqat huquqbuzarliklarni kamaytiradi, balki jamiyatda barqaror ijtimoiy munosabatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Abdusattarova Sitora Faxriddin qizi,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti, f.d. PhD