Ayollari baxtli elning yo'li yorug', istiqboli charog'ondir

    Mahalladagi xotin-qizlar faollari tomonidan “xonadonbay” yurish va “fuqarobay” yondashuv asosida suhbatlar natijasida 15 million­dan ziyod xotin-qizning ma'lumoti yangilandi.

    Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish mamlakatimizdagi islohotlarning bosh maqsadi. Jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani esa xotin-qizlarga boʻlgan munosabat va gʻamxoʻrlik bilan belgilanadi.

    Shu bois, xotin-qizlarning huquq va manfaatini taʼminlash, oʻqishi, ishlashi, salomatligi, oilasi uchun sharoitlar yaratish masalasi taraqqiyot yoʻlini koʻzlagan har bir davlat siyosatida ustuvor oʻrin egallaydi.

    Bunday ezgu maqsad rivojlanishning yuksak marralarini koʻzlab ilgarilab bo­rayotgan yangi Oʻzbekiston siyosatining ham ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Keyingi yillarda huquqiy-tashkiliy, ijtimoiy- iqtisodiy va boshqa sohalarda amalga oshi­rilayotgan muhim chora-tadbirlar bunga misol boʻla oladi. Xususan, soʻnggi yillar­da xotin-qizlarning huquq va manfaatla­rini himoyalash, ijtimoiy qoʻllab-quv­vatlash boʻyicha qator institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi.

    Prezidentimizning 2022-yil 7-mart­dagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi­da”gi farmoni bu jabhadagi ishlar koʻla­mini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva bilan suhbatimiz mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha qilinayotgan ishlar, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, salomatligini asrash, gender tenglikni taʼminlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarning amaldagi samaralari haqida boʻldi.

    — Bugungi fayzli hayotimizni, obod va farovon turmush barpo etish yoʻlidagi ezgu niyatlarimiz roʻyobini hayotimizning fayzu farishtasi boʻlmish muhtarama ayollarimiz, oqila qizlarimizning oila va jamiyatdagi faol ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi, — deydi O.Parpiboyeva. — Shu bois, opa-singillarimizning oila va jamiyatdagi rolini oshirish, islohotlarda faolligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda bandligini oshirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, gender tenglikni taʼminlash borasida tizimli ishlar qilinyapti.

    Jumladan, xotin-qizlarning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha 2022-2026-yillardagi chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan milliy dastur qabul qilindi. Mahallaga va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi. Respublikamizda ilk bor xotin-qizlar haqida toʻliq maʼlumotlarni qamrab olgan “Xotin-qizlar.uz” milliy platformasi, 17 ta yoʻnalish va 138 ta maʼlumot bazasini oʻz ichiga olgan “Xotin-qizlar balansi” yaratildi.

    Prezidentimiz bu yoʻnalishdagi islohotlarning maqsad-mohiyati haqida toʻxtalar ekan, “Xotin-qizlar va oila masalasi — bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi boʻlgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu oʻnta yaxshilik boʻlib qaytadi”, deya taʼkidlagandi.

    Darhaqiqat, ayol baxtli boʻlsa, oila va jamiyatdagi muhit barqaror boʻladi. Barqarorlik bor joyda esa ulkan marralarni koʻzlab yuksakka intilish mumkin. Shu maqsadda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga koʻmak berish, oilaviy sharoitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Mahalladagi xotin-qizlar faollari tomonidan “xonadonbay” yurish va “fuqarobay” yondashuv asosida suhbatlar natijasida 15 million­dan ziyod xotin-qizning maʼlumoti yangilandi. “Muammolar” moduli orqali qariyb
    559 mingta muammo aniqlanib, asosiy qismi bartaraf etildi. Migratsiyadagi 9,5 mingdan ortiq xotin-qizning oilalariga yordam koʻrsatildi, voyaga yetmagan farzandlari bor ayollar migratsiyadan qaytarildi.

    Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, manzilli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha izchil ish olib borilyapti. Bu borada “Ayollar daftari”ni yuritish yoʻlga qoʻyilgani samarasini beryapti. 2023-yilda 4-bosqichda ushbu daftarga kiritilgan 1 milliondan ziyod ehtiyojmand xotin-qizning qariyb barchasiga yordam koʻrsatildi. Ulardan 423 mingdan ortigʻining bandligi taʼminlandi, salkam 49 ming nafariga 448,1 milliard soʻm kredit ajratildi. Bundan tashqari, uy-joyga muhtoj opa-singillarimizning qariyb 1,5 ming nafari uyli boʻldi. 7175 nafariga ijara kompensatsiyasi toʻlandi, 6 mingdan ortigʻining uy-joyi taʼmirlab berildi. Boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi, shuningdek, qaramogʻida nogiron farzandlari bor 512,5 mingdan ziyod xotin-qizga 900 milliard soʻmdan ziyod moddiy yordam koʻrsatildi. Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Muhimi, bunday ezgu ishlar orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirdi, minglab ayollarning ruhi koʻtarilib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi.

    Xotin-qizlar salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, milliy genofondni yaxshilash maqsadida oʻtgan yili 2,7 milliondan ortiq xotin-qiz tekshiruvdan oʻtkazilib, 3190 nafari sogʻlomlashtirishga jalb etildi. Xonadonlarda sogʻlom turmush tarziga rioya etilishi boʻyicha “Xonadon gigiyenasini baholash” elektron platformasi yaratildi. Xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida mehnat jamoalari va mahallalarda 30 mingdan ziyod sport musobaqasi, haftalik va festivallar oʻtkazildi. Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj 10,5 mingdan ziyod xotin-qiz 13 milliard soʻmlik reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi. 2137 nafariga jarrohlik amaliyotlari va davolanish xarajatlari uchun 35,5 milliard soʻm yoʻnaltirildi.

    Xususiy sektorda band boʻlgan ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqalarini minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan kelib chiqib, byudjet mablagʻlaridan toʻlab berish tartibi yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda 3700 dan ortiq ayolga shu turdagi nafaqa pullari toʻlangan boʻlsa, 2023-yilda 12 ming 140 nafari bu imkoniyatdan bahramand boʻldi.

    — Ayollar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday natija beryapti?

    — Uddaburonlik, ishbilarmonlik, boriga baraka kiritish oʻzbek ayolining oqilaligi va donoligini ifoda etuvchi goʻzal sifatlardan. Mehridaryo opa-singillarimizning shunday goʻzal fazilatlari tufayli oilalarda toʻkinlik, mehr-oqibat muhiti barqaror. Bugungi kun bunday milliy anʼanalarimiz bardavomligini taʼminlash barobarida zamon bilan hamnafas qadam tashlashni ham talab etmoqda. Yaʼni ayollar nafaqat oila, roʻzgʻor ishlarida, balki jamiyatning har bir sohasi, ayniqsa, tadbirkorlik yoʻnalishida faol boʻlishi davr talabidir.

    Bu borada xotin-qizlar uchun imkoniyat va imtiyozlar yil sayin kengayib boryapti. Buni birgina oʻtgan yili tegishli dasturlar doi­rasida 187 ming 599 ayolga 3,223 trillion soʻm kredit, 39 mingdan ziyodiga 179,1 mil­liard soʻm subsidiya ajratilgani misolida ham koʻrish mumkin.

    Ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini qoʻllab-quvvatlash, huquq va imkoniyatlarini kengaytirishda har bitta mahallada xotin-qizlar faollari hamda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga masʼul hokim yordamchilari instituti joriy etilgani ayni muddao boʻldi. Hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan, xotin-qizlarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti joriy etildi.

    Hududlarda ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasida kasanachilikni yanada rivojlantirish orqali ishsiz aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, fuqarolik-huquqiy shartnomalar va pudrat shartnomasi asosida kasanachilikni tashkil etishga ruxsat berildi, aynan kichik biznes subyektlarida rivojlantirish uchun sharoitlar yaratildi.

    Oʻtgan yil ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlash borasidagi ana shunday keng qamrovli ishlar natijasida 405 mingdan ziyod xotin-qizning bandligi taʼminlandi. Qariyb 210,5 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Bir qarashda bu raqamlar aytishga oson. Lekin masalaga har bir raqam ortida bir inson, xotin-qiz taqdiri, demak, bir oilaning farovonligi, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalashdek muhim jihatlar turgani nuqtayi nazaridan qaraydigan boʻlsak, bu muhim jarayon, katta yutuq ekani oʻz-oʻzidan anglashiladi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu ishlarga yangicha ruh bagʻishladi. Qaror ijrosi doirasida oʻtgan vaqt mobaynida 1,5 mingdan ortiq mahallada 981 ta tikuvchilik, 104 ta pazandalik, 34 ta qandolatchilik, 397 ta fitness va sheyping kabi xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan ishlab chiqarish va salomatlik markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularda 9,5 mingdan ziyod xotin-qizning bandligi taʼminlandi, 14 ming 700 nafarga yaqini esa kasb-hunarga oʻqitildi.

    Ushbu natijalarga qaramay, oldimizda hali vazifalar ham talaygina. Xususan, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish borasida rejalarimiz koʻp. Buning uchun, eng avvalo, ularning tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish kerak. Tegishli moliya muassasalari bilan hamkorlikda qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilib, ularni muvaffaqiyatli yakunlagan xotin-qizlarga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratiladi. Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida oʻqib sertifikat olgan ayollarning loyihalarini qisqa muddatda moliyalashtirish choralari koʻriladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xotin-qizlarga kreditlar ajratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

    — Xotin-qizlarning taʼlim olishi, ilm-fan sohasida faoliyat yuritishi uchun ham koʻplab imkoniyatlar yaratilyapti. Bular opa-singillarimiz hayotida qanday ijobiy oʻzgarishga turtki boʻlmoqda?

    — Toʻgʻri aytasiz, oliy taʼlim olish ­niyatida boʻlgan qizlarga yengilliklar yaratish alohida eʼtiborda turibdi. Bu ishlar samarasi tufayli oliygohlarda oʻqiyotgan xotin-qizlar soni bir necha barobar koʻpaydi. Yaʼni bugungi kunda oliy taʼlim olayotgan talabalar orasida qizlarimizning ulushi 50 foizga yetgani tariximizda misli koʻrilmagan natija boʻldi.

    Bunday natijaga erishishda ularning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, 2022-2023 oʻquv yilida 14 ming 110 nafar magistrant qizning 153,4 milliard soʻm kontrakt toʻlovi toʻlab berildi. Shu davrda qariyb 230 ming talaba xotin-qizga foizsiz taʼlim kreditlari ajratildi hamda taʼlim kreditlari uchun hisoblangan foiz mablagʻlari toʻlab berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlar hamda ilk marotaba mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar qoʻmita tavsiyanomasi asosida oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinmoqda.

    Bunday saʼy-harakatlar, albatta, yoshlarimiz kamolotida muhim oʻrin tutmoqda. Bular opa-singillarimizning oilada va jamiyatda faolligini oshirish, orzu-umidini roʻyobga chiqarish, yangilanish jarayonlarida oʻz oʻrnini keng namoyon etishiga mustahkam zamin yaratdi. Natijada xotin-qizlarning davlat va jamoat ishlarida ishtiroki kengaymoqda, turli sohalarda samarali mehnat qilyapti.

    — Gender siyosatining samaralariga ham toʻxtalib oʻtsangiz.

    — Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ikkita muhim qonun — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi.

    Qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortdi. Ularning boshqaruv lavozimidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlikda 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga yetdi.

    Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha alohida “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv kurslari tashkil etilib, har yili kamida 100 nafar xotin-qiz oʻqitilmoqda. Tuman (shahar) hokimlari lavozimida 5 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.

    Oliy Majlis Senati kengashi qarori bilan ushbu yoʻnalishdagi ishlarni chuqur tahlil va targʻib qilish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, jamiyat hayotida faolligini yanada oshirish maqsadida 2020-yildan buyon “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi oʻtkazib kelinmoqda.

    Gender tenglikni taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Oʻzbekis­tonning aynan shu yoʻnalishdagi pozitsiya­si qator xalqaro reytinglarda bosqichma-­bosqich yaxshilanib bormoqda. Oʻzbekiston 2022-yildagi Global innovatsion indeksida 4 pogʻona yuqorilab, 82-oʻrinni (2021-yilda 86-oʻrin) egalladi. Parlamentda xotin-qizlar soni BMTning tavsiyalariga mos ­darajaga yetdi. Ochiq gender maʼlumotlar indeksida esa 69,7 ball toʻplagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat safidan joy oldi.

    Yaqinda Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisoboti eʼlon qilindi. Hujjat 190 ta davlat, jumladan, Oʻzbekis­tonda ayollarning ahvolini 10 ta koʻrsatkich: “xavfsizlik”, “harakatlanish erkinligi”, “bandlik”, “mehnatga haq toʻlash”, “nikoh”, “ota-onalik”, “bolalarni parvarishlash”, “tadbirkorlik”, “mulkni boshqarish” va “pensiya taʼminoti” boʻyicha baholaydi. Bu davrda atigi 18 ta davlat yoki indeksda baholangan davlatlarning 10 foizidan kamrogʻi yuqoridagi koʻrsatkichlar doirasida ayollarning mavqeini yaxshilaydigan huquqiy islohotlarni amalga oshirgan. Quvonarlisi, Oʻzbekiston bu jabhada eng katta muvaffaqiyatga erishgan beshta davlat qatoridan joy oldi.

    — Sir emas, jamiyatimizda xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida erishilayotgan ana shunday yutuqlarga soya soladigan illatlar ham uchrab turibdi. Bu holatlarni bartaraf etish uchun qanday choralar koʻrish zarur, deb hisoblaysiz.

    — Toʻgʻri, ayollar huquqini himoyalash boʻ­yicha yutuqlarimiz salmoqli, ammo muammolar yoʻq emas. Hayotimizda bot-bot uchrab turadigan oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi, oilalardagi zoʻravonlik, erta unash­tiruv, qarindoshlar nikohi kabi holatlar bunga misol.

    Oʻtgan yili Fargʻonada Prezidentimiz raisligida hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga ham eʼtibor qaratilgani bejiz emas. Chunki jamiyatda barqarorlik muhitiga erishish uchun, avvalo, ayollarni qiynayotgan muammolarga yechim topish lozim. Shu maqsadda ijtimoiy-maishiy muammosi bor oilalar bilan ishlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlangan edi.

    Bu borada qoʻmitamiz tomonidan ham keng qamrovli ishlar qilinyapti. Ayollar oʻrtasida jinoyatchilikni keskin qisqartirish boʻyicha “Fargʻona tajribasi” yaratildi. Natijada “Xavfsiz oila” tamoyili asosida alohida ish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    Adashib turli jinoyatlarga qoʻl urib, profilaktik hisobga olingan xotin-qizlar bilan tizimli ishlanyapti. 2023-yilda profilaktik hisobda turgan qariyb 58,7 ming xotin-qizning 23 ming nafarga yaqini moddiy-maʼnaviy, ijtimoiy masalalarda amaliy yordam koʻrsatish orqali hisobdan chiqarildi.

    Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari hamda “Ijtimoiy maslahatxona”lar orqali 2023-yilda ruhiy tushkun holatdagi 17 mingga yaqin xotin-qizga maslahat va tavsiyalar berilib, ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Oilaviy zoʻravonlikka qarshi muntazam targʻibot yurityapmiz. Taz­yiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollarga himoya orderi berilyapti. Bu ishlar natijasida 2023-yilda 15,5 mingga yaqin oila yarashtirildi, qariyb 18,5 mingta nizoni bartaraf etishga erishildi.

    “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilgan yangi tizim asosida profilaktika inspektorlari tomonidan xotin-qizlar faollariga taqdim etilgan xulosalarning har birini “xonadonbay” va “fuqarobay” oʻrganish orqali ayollarga turli masalalarda koʻmak berildi.

    Joriy yilda davlatimiz rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bugungi taraqqiyotimizga toʻsiq boʻlayotgan dolzarb masalalar qatorida voyaga yetmagan qizlarni unashtirish va yaqin qarindosh­lar oʻrtasidagi nikoh bilan bogʻliq holatlarning oldini olish, oqibatlarini tushuntirish borasidagi ishlar lozim darajada olib borilmayotgani oʻrinli tanqid qilindi.

    Xalqimiz, ijtimoiy tarmoqlarda faol jamoatchiligimiz yaxshi biladi, ayrim ota-­onalar farzandlari voyaga yetmasdan turib oila qurishiga daʼvatchi boʻlib qolmoqda. Mahallalardagi faollarimiz, turli komissiyalarimiz ham baʼzan erta turmush holatlarining oldini ololmay qolyapti.

    Voyaga yetmagan qizlarini unashtirayotgan, qarindoshi bilan quda boʻlishni istab, farzandlarining kelajagiga bilib-bilmay ziyon yetkazayotgan ota-onalar mahalla tizimi bilan hisoblashmasligi, oʻzlari bilgancha ish tutishi ham, afsuski, mana shunday salbiy holatlarni koʻpaytirmoqda.

    Shunday muammolardan biri qarindosh­lar nikohi. Mutaxassislarning qayd etishicha, qarindoshlik nikohida boʻlgan oilalardan tugʻilgan bolalarda birinchi avlodda tugʻma nuqson va irsiy kasalliklar ayrim hollarda kuzatilmasa-da, keyingi avlodlarda mazkur kasalliklar namoyon boʻlishi ehtimoli yuqori hisoblanadi. Shu bois, koʻpgina mamlakatlarda bunday nikohlardan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olish boʻyicha turli normalar belgilangan. Xususan, Fransiya va Niderlandiya kabilarda qisman taqiqlar mavjud. Unga koʻra, ushbu davlatlarda toʻrtinchi darajali qarindoshlar nikohdan oʻtishidan oldin belgilangan maxsus genetik tahlillarni topshirishi talab etiladi. Yaponiya, Pokiston, Turkiya kabilarda esa bu masala huquq normalari bilan emas, odat normalari koʻrinishida jamiyatga singdirilib borilmoqda.

    Biz ham amaldagi qonunchilik hujjatlarini bugungi kun talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqyapmiz. Qonunchilikka oʻzgartirish kiritishni talab qiladigan omillar va sharoitlarni oʻrganish, uning zaruratini aholiga tushuntirish orqali muayyan ijtimoiy muhit va sharoitni yaratish, jamiyatimizda bu kabi oʻzgarish­lar ongli qabul qilinishi uchun kompleks chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz zarur.

    Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining fao­liyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida bu yoʻnalishda keng qamrovli vazifalar belgilangan. Farmonga muvofiq, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining boʻysunuvi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazildi, qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Ayni paytda ushbu chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha ish olib boryapmiz.

    Albatta, bu saʼy-harakatlarimizning barchasi moʻtabar onalarimiz, munis ayollarimiz, oqila qizlarimizning baxtu iqbolini koʻzlab qilinmoqda. Zero, ayolning baxt-saodatga erishishi oilaning, jamiyatning katta yutugʻidir. Ayollari baxtli elning esa buguni va ertasi farovon boʻladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Bahor Xidirova suhbatlashdi.