Ayollari shodon yurtda baxtli avlod ulgʻayar

    Dunyoda mehnat munosabatlarida ishtirok etayotgan 40 foiz ayol turli sabablarga koʻra ijtimoiy himoyaga ega emas.

    Joriy yil fevral-aprel oylarida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va yoʻnalishlari mavzusida respublikamizning oltita hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar oʻrtasida sotsiologik tadqiqot oʻtkazilgan edi. Tadqiqot natijasi koʻrsatdiki, yurtimiz xotin-qizlarining 85 foizi oʻzini koʻtarinki kayfiyatda va baxtli hisoblaydi.

    Bugungi murakkab va sinovli davrda opa-singillarimizning ruhiyatida shunday ijobiy tuygʻular hukmronligi – juda katta yutugʻimiz. Zero, ayol qachon baxtli boʻladi, qachonki, oilasi tinch, farovon, yaqinlari va oʻzi sogʻ-salomat, dasturxoni toʻkin boʻlsa. Ayolning kayfiyati qachon koʻtarinki boʻladi, qachonki, bugunidan mamnun, ertasiga ishonchi yuksak boʻlsa. Demak, bugun yurtimizda ana shunday ijtimoiy-iqtisodiy muhit barpo etildiki, bu butun xalqimiz, jumladan, jamiyatning nozik xilqati – opa-singillarimiz hayotida oʻz samarasini namoyon etmoqda.

    Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini himoyalash, jamiyatda faolligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Buning natijasida bugungi kunda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 47 foizga, tadbirkorlikda 37 foizga yetdi.

    Xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshi­lashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda oʻtgan yili 872 mingdan ortiq xotin-qizning bandligi taʼ­minlangani, 250 mingdan ziyodi mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hu­nar va tadbirkorlikka oʻqitilgani muhim omil boʻldi. Oʻtgan yili 14 mingga yaqin ayolning uy-joy sharoiti yaxshilandi. “Ayollar daftari” doirasida salkam 642 ming xotin-qizga amaliy yordam koʻr­satildi.

    Bandlik dasturi: global muammolar va milliy yechimlar

    Har bir mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi darajasi aholi bandligi bilan oʻlchanadi. Bu jarayonda ayollar bandligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Ammo bu koʻrsatkich boʻyicha dunyodagi ijtimoiy holatni yaxshi, deb boʻlmaydi. Yaʼni dunyoda mehnat munosabatlarida ishtirok etayotgan 40 foiz ayol turli sabablarga koʻra ijtimoiy himoyaga ega emas. Bu global muammoning yechimini topish jahon hamjamiyati oldidagi dolzarb vazifadir.

    Dunyoda nafaqat xotin-qizlar bandligini taʼminlash, balki barcha sohalarda gender tenglikka erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini taʼminlash kabi masalalar dolzarblashib borayotgan bir paytda Oʻzbekistonda ularning yangi kasblarni oʻrganish imkoniyati kengaymoqda. Hozir opa-singillarimizning nafaqat anʼanaviy, balki zamonaviy yoʻnalishlarda, yaʼni mobil telefon, internet, videoqoʻllanmalar orqali mustaqil taʼlim olish, hunar oʻrganish koʻrsatkichi ham oshib bormoqda. Bu yoʻnalishda ayollarimizning zamonaviy intellektual mehnatga asoslangan kasblarga, masalan, reklama boʻyicha mutaxassis, infobiznes, elektron tijorat kabi sohalarni oʻrganishga qiziqishi yuqori.

    Albatta, bu natijalar kishini quvontiradi. Zero, mamlakatimiz mehnat resurslarining 45 foizi ayollar hissasiga toʻgʻri kelishini nazarda tutsak, ijtimoiy masalalarning aksariyati ular hayoti bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois, yurtimizda faol tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash orqali yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan izchil chora-tadbirlarning samarasi beqiyos.

    Bu borada “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ayni muddao boʻldi. Bu oʻquv markazlarida bitiruvchilarning kasbiy malakasini “WorldSkills” standartlari asosida baholash, baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga “Skills” pasportini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Respublikamizda har yili aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tasdiqlanadigan dasturlarni amalga oshirish, boʻsh va kvotalanadigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish mexanizmini takomillashtirish, oʻzini oʻzi band qilishning samarali shakllarini rivojlantirish borasida taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrilmoqda. “Ayollar daftari” boʻyicha har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida aniq maqsadli reja asosida ishlanyapti. Mahallada ayollar muammolarini hal etishga koʻmaklashadigan xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etildi.

    Prezidentning “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida ayollar ishsizligi darajasini ikki barobar kamaytirish, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan kasb-hunarga oʻqitish, ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlarni tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi belgilangan. Bundan tashqari, kasb-hunarga oʻqitish koʻlamini ikki barobar oshirish, bir million ishsiz fuqaroni kasb-hunarga oʻrgatish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalari ishtirokini 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 2023-yilda 5 million aholi bandligini taʼminlash, 2 million doimiy ish oʻrni yaratish masalasi ham kun tartibida turibdi. Bu chora-tadbirlarni oʻz vaqtida ijro etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Ishsiz ayollarning uchdan bir qismi hech qayerga murojaat qilmagan

    Shu oʻrinda yurtimizda ayollar bandligshini taʼminlash boʻyicha barcha sharoitlar yaratilayotganiga qaramay, nega barcha ayollar bu imkoniyatdan foydalanishga intilmayapti, degan savol tugʻilishi tabiiy. Buni barcha xotin-qizlarda ham mehnatga munosabat aniq shakllanmagani, yuqori professional malakali mutaxassis xotin-qizlar kamligi, ayollarning ijtimoiy foydali mehnatga nisbatan munosabatidagi streotiplar hanuz saqlanib kelayotgani bilan izohlash toʻgʻriroq boʻladi. “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti ana shunday muammolarga yechim topish, ishsiz ayollar bandligini taʼminlashning yangi ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida qator mahallalardagi ishsiz xotin-qizlar, shuningdek, ekspertlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi. Soʻrov natijalaridan maʼlum boʻlishicha, ishsiz ayollarning uchdan bir qismi mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilmagan.

    Shuningdek, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tahlilida koʻrsatilishicha, Oʻzbekiston xotin-qizlarining iqtisodiy faolligi pastligi, avvalo, ularning uy-roʻzgʻor ishlari va bola parvarishi bilan toʻliq band ekani bilan bogʻliq. Oʻzbekiston ayollari vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi. Bu ish haqi toʻlanmaydigan mehnat hisoblanadi. Erkaklar esa vaqtining toʻqqiz foizini uy yumushlariga ajratadi. Xalqaro mehnat tashkiloti umumiy muvozanatni taʼminlash uchun gender omillarni hisobga olgan holda davlat strategiyasiga ehtiyoj borligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, ayollar uchun muhim ish generatorlari boʻlgan sogʻliqni saqlash, ijtimoiy ish va taʼlim sohalariga investitsiya qilish juda muhimdir.

    Jahondagi ilgʻor tajribalar

    Ishchi kuchi, jumladan, ayol ishchi kuchidan samarali foydalanish zamonaviy rivojlanishning muhim shartidir. Zero, ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonida ayollar faolligi ortishi oila uchun ham, jamiyat uchun ham foydali. Buni qator xalqaro tahlil markazlari xulosasi ham tasdiqlaydi. Masalan, “Boston consulting group” tahlilchilari fikricha, ayollarni tadbirkorlikka erkaklar bilan teng ravishda jalb qilish orqali jahon yalpi ichki mahsulotini taxminan 3-6 foiz, jahon iqtisodiyotiga kirayotgan tushumlarni esa 2,5 trillion dollardan 5 trillion dollargacha oshirish mumkin. Shu bois, taraqqiy etgan davlatlarda barcha sohalarda ayollar faolligini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi. Xususan, xotin-qizlarning taʼlim olishi, zamonaviy kasblarga oʻqitishda zarur shart-sharoitlarni yaratish, tadbirkorlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha xorijiy tajribada qoʻllaniladigan chora-tadbirlar doirasi ancha keng.

    Masalan, Germaniyada fan va taʼlim sohalarida vaucher usuli keng qoʻllaniladi. Tashkilotlar har yili 20 ga yaqin vaucher olishi mumkin, bu esa xodimlarni, jumladan, ayollarni oʻqitish xarajatlarining 50 foizini qoplaydi. 2016-yilda ayollar tomonidan tashkil etilgan yirik hajmdagi “start up” loyihalar natijasida Vyetnam, Meksika, Indoneziya va Filippinda ayollar gender tafovuti bartaraf etilgan. Boshqa koʻpgina mamlakatlarda gender tafovut asta-sekin yoʻq boʻlib bormoqda. Xususan, Turkiya, Janubiy Koreya va Slovakiyada ayollarning tadbirkorlikdagi ulushi sezilarli darajada ortib bormoqda. AQSHda ayollar biznesini qoʻllab-quvvatlash va ularga yordam berish uchun maxsus bank tashkil etilgan. Kanada hukumati tadbirkor ayollarga eʼtibor qaratib, oʻz iqtisodiyotini jonlantirish maqsadida ayollar tadbirkorligi strategiyasini (Women Entrepreneurship Strategy – WES) ishlab chiqqan.

    Bu yoʻnalishda mamlakatimizda ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Tumanlar kesimida bandlik dasturlari ishlab chiqilib, uni iqtisodiyotning barcha yoʻnalishlaridagi dasturlar bilan uzviy bogʻlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni mahalladan turib amalga oshirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatni bevosita mahallaning oʻzida yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda. Mahallabay ishlash orqali har bir hududning salohiyatidan oqilona foydalanish, yangi ish joylarini yaratishga eʼtibor kuchaytirilyapti.

    Taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham bu borada muhim chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish rejalashtirilgan. Hozirgacha ulardan 31,2 ming nafari oʻqib, tegishli kasb malakasiga ega boʻldi.

    Bundan tashqari, kasb-hunarga oʻqitish markazlarida oʻqitilgan, malakaga ega boʻlgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilishi uchun ular faoliyatiga subsidiya va imtiyozli kreditlarni jalb etish koʻzda tutilgan. Shuningdek, olis va chekka hududlarda istiqomat qilayotgan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlaydigan tadbirkorlik subyektlari uchun 50 million soʻm miqdorida grant loyihalar amalga oshirilyapti. Bunday muhim loyihalar ayollar bandligini taʼminlash, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.

    Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari xotin-qizlarning oliy taʼlim olish, ilm-fan bilan shugʻullanish imkoniyatini ham kengaytirmoqda. Bu borada 2020-yildan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila qizlariga oliy taʼlimga oʻqishga kirish uchun 4 foiz kvota joriy etildi. 2022-2023 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan xotin- qizlarning taʼlim kontraktini toʻlash uchun foizsiz taʼlim kreditlari beriladigan boʻldi. Magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi. Ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim shartnomalarini mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi oʻrnatildi.

    Joriy yil xalqimiz hayotida muhim yangilanishlar roʻy bermoqda. Xususan, 2023-yil 30-aprelda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Unda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bilan bogʻliq muhim qoidalar oʻz aksini topdi. Jumladan, Konstitutsiyamizda har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi kafolatlandi. Homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sababalarga koʻra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ish haqini kamaytirish taqiqlandi.

    Ayollarning nafaqat jamiyatdagi nufuzini oshirish, balki qiyin ijtimoiy sharoitga tushib qolgan, nogironligi bor, uy-joyga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan, farzand tarbiyasi hamda iqtisodiy taʼminot zimmasida boʻlgan xotin-qizlarga demokratik-huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatda baxtli hayot kechirish imkoniyati kafolatlandi.

    Gender tenglik prinsiplarini Konstitutsiyada belgilash davlat tomonidan ayollarga boʻlgan alohida eʼtiborni koʻrsatish bilan birga, ularning davlat va ijtimoiy hayotdagi rolini oshirib, oʻz imkoniyatlarini namoyon etishiga xizmat qiladi. Jamiyatimizda gender tenglikni taʼminlash borasidagi izchil islohotlar samarasida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki yanada kuchayadi. Xususan, 2030-yilga qadar boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlar ulushi kamida 30 foizga yetishiga erishiladi.

    Bularning barchasi oila va jamiyat tayanchi boʻlgan opa-singillarimizning hayotdan rozi boʻlishiga erishish va ertangi kunda ishonchini kuchaytirishga zamin yaratishi tabiiy. Ayollari shodumon mamlakatda esa ertangi kunga ishonch mustahkam boʻladi, baxtiyor ona bagʻrida baxti toʻkis farzandlar kamolga yetadi. Ishonchimiz komilki, baxtiyor avlod ertamizning munosib davomchisi boʻladi, ezgu niyatlarimizni roʻyobga chiqaruvchi yetakchi kuch boʻlib maydonga chiqadi.

    Nodira Egamberdiyeva,

    “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori,

    pedagogika fanlari doktori, professor