Ayollarimiz faqat seplimi?

    Fikr 15 Oktabr 2021 762

    Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida aholining tugʻilish va oʻlimni qayd qilish, nikoh, otalikni belgilash, farzandlikka olish, ajrimlar bilan bogʻliq holatlarni umumiy statistik raqamlarda kundek ravshan kuzatish mumkin. Ushbu raqamlarni tahlil qilarkansiz, minglab xonadonlarda baxt, yangi farzand quvonchidan porlab ketasiz. Gohida aynan shu statistika orqali koʻnglingiz uvishadi. Mulzam qiladi, oʻylantirib qoʻyadi. Lekin bugun biz raqamlardan uzoq boʻlmoqchimiz. Masala boshqa...

    Uchkoʻprik tuman FXDYO boʻlimida tuman bosh imom xatibi ishtirokida nikohlanuvchi yoshlar bilan navbatdagi ochiq va samimiy muloqot uyushtirildi. Unda katta hayot boʻsagʻasida turgan nikohlanuvchi yoshlar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oila vakillari ishtirok etdi. Suhbatlar davomida oilaviy munosabatlar, ajrim va qaynona kelin munosabatlari tilga olindi. Savollarga mukammal javoblar berildi. Turli voqeliklar tahlil qilindi.

    Oila kodeksining 13-moddasiga asosan, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Farzandga tugʻilganlikni qayd etish guvohnomasini olish uchun ham oʻrtadagi nikoh guvohnomasi boʻlishi shart. Agar nikoh sharʼiy boʻlsa farzand birinchi oʻrinda otalikka olinib uning tugʻilganligi qonuniy ravishda qayd etiladi.

    Oʻtgan davr mobaynida viloyatda rasmiy nikohsiz farzandlar dunyoga kelayotgani achchiq haqiqat. Yanada tushunarliroq aytganda, joriy yilning 9 oyi davomida FHDYO organlari tomonidan faqatgina sharʼiy nikohda yashab kelayotgan yuzlab oilalar aniqlangan. Ming afsuski, yangi oilalar qurilishi bilan bir qatorda ajrimlar ham mavjud. Yashab turgan shu jamiyatimiz uchun oilaviy ajrimlar xunuk holat, aslida. Chunki har bir raqam ostida minglab taqdirlar mujassam.

    Sharʼiy nikoh bilan yashash holatlari har yili deyarli oʻzgarishlarsiz qolayotganining asosiy sababi — ajrimlarning koʻpligida. Bu ikki masala esa bir biri bilan chambarchas bogʻliq. Chunki ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirmaydi. Bundan tashqari, ajralishayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYO boʻlimlarida oʻzaro kelisha olishmaydi.

    Bizningcha, ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga qaratish lozim. Uning qadr qimmati imkon qadar oshirish lozim. Nega? Chunki bizda nikoh arzongarov boʻlib qolgan. Asosiy eʼtibor toʻy va toʻygacha boʻlgan marosimlarga qaratiladi. Marosimlar birinchi oʻringa qoʻyiladi. Kim nimaga qiyinchilik bilan erishsa, uni shunchalar qadrlashi tabiiy, albatta. Hozirda esa oʻzimizning shaxsiy orzu-havaslarimiz tufayli yoshlarimizga nikoh va kelin boʻlmishni osongina berib qoʻyayotgandekmiz.

    Sharq mamlakatlari tajribasiga tayanadigan boʻlsak, kelinga ham, kuyovga ham qoʻyiladigan talablar juda yuqori. Uning ustiga ayolning haq-huquqlari qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Xonadonda “kelin xizmat qilishi kerak, oyligini qaynonasi va yoki qaynotasiga berishi shart” degan tushunchalar umuman yoʻq. Ushbu tamoyillar ertaga oilaning ajralish yoqasiga kelishi har ikki tomon uchun ham qattiq ijtimoiy va moliyaviy zarba boʻlishini juda yaxshi bilishadi. Bizdachi? Aksariyat ajrimlar aynan mana shunday mayda-chuyda, bemaʼni shartlardan kelib chiqayotgani bor haqiqat.

    Ming afsuski, uchinchisiga, toʻrtinchisiga, beshinchisiga ham toʻy tomosha qilib qiz bola kelin olayotgan oilalar har bir viloyatda uchraydi. Buning ustiga, har bir qurgan oilasidan bir, ikki nafar farzandi borlari ham yoʻq emas. Ertaga albatta aliment, nikoh ajrim masalalarida bu oilalarda janjal, chigal vaziyat yuzaga kelish ehtimoli yuqori.

    Elyorjon EHSONOV, DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.