Oʻrganishlar davomida 20 dan ortiq dorixona qamrab olingan boʻlib, ularning taxminan 25 foizida spirt soʻralganda uning oʻrniga losyon berilgan.
Qoʻmita maʼlum qilishicha, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmagan holda spirt oʻrniga losyon ishlab chiqarishni boshlagan. Bu haqda isteʼmolchilarga toʻliq maʼlumot berilmagani ularni chalgʻitishga sabab boʻlgan.
Maʼlumki, 70 foizli tibbiy spirt sogʻliqni saqlash sohasida, jumladan, inyeksiyalar oldidan terini ishlov berish, asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish, yaralarni davolash hamda jarrohlik amaliyotlarida qoʻllaniladi. Losyon esa tarkibida spirt miqdori past boʻlgan kosmetik mahsulot boʻlib, asosan terini tozalash, ortiqcha yogʻlanishni kamaytirish va kosmetika qoldiqlarini bartaraf etish uchun moʻljallangan.
Mutaxassislarga koʻra, spirt oʻrniga losyon taklif etilishi kutilgan tibbiy samarani bermasligi va isteʼmolchilar sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin.
Raqobat qoʻmitasi ushbu holatlarni isteʼmolchilarga notoʻgʻri maʼlumot berilishi hamda ularga zarar yetkazilishiga olib keluvchi qonunbuzarlik alomatlari sifatida baholamoqda. Mazkur holatlar yuzasidan dorixonalarga nisbatan tegishli ish qoʻzgʻatilishi mumkinligi, shuningdek, bunday holatlarni oldini olish boʻyicha Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat yuborilgani maʼlum qilindi.
Qoʻmita dorixonalarni isteʼmolchilarga toʻgʻri va tushunarli maʼlumot taqdim etmaslik amaldagi qonunchilik talablarini buzish hisoblanishi haqida ogohlantirdi.