Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasi tomonidan joylarda nazorat tadbiri oʻtkazilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib oʻtuvchi Chirchiq daryosi sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalari oʻrganilganda oʻndan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan moratoriy talablariga rioya etilmay, muqaddam Geologiya vazirligi tomonidan berilgan litsenziyalar asosida hanuzgacha qum-shagʻal materiallarini qazib olish ishlari davom ettirilayotgani aniqlandi.
Oqibatda hududda Chirchiq daryosi qirgʻoqlari ayrim joylarda 30 metrgacha yemirilgan, suvni muhofaza qilish zonalari turli chiqindilar bilan ifloslantirilgan va betartib qazish ishlari tufayli sizot suvlari yuzaga chiqib qolishi holatlari kuzatildi.
Shu kabi, amaldagi meʼyorlar qoʻpol tarzda buzilgan holda daryoning sohil boʻyi mintaqasida qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodi qurilib, hozirda faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni vaqtda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan mansabdor shaxslarning beparvoligi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning noqonuniy faoliyati natijasida tabiatga yetkazilgan ziyon koʻlami va zarar miqdori aniqlanmoqda.
Natijasiga koʻra, qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.