28 oktyabr` “Xalqaro animatsiya kuni” munosabati bilan Qozog'iston Respublikasi Turkiston shahrida 29-30 oktyabr` kunlari “AMEN” ( “International Animation Film Festival”) uchinchi an'anaviy xalqaro animatsion fil`mlar festivali bo'lib o'tgan edi. 

Unda rejissyor Azizbek Muhamedovning “G'ildirakli uy” hamda “Sehrli tanbur” mul`tfil`mlari ishtirok etdi. “G'ildirakli uy” mul`tiplikatsion fil`mi “eng zo'r animatsion fil`m” nominatsiyasida festivalning  bosh sovrini “Gran pri” bilan mukofotlandi. “Sehrli tanbur” mul`tiplikatsion fil`mi esa “eng zo'r badiiy echim” nominatsiyasida birinchi o'rinni egalladi. Rejissyor festivaldagi taassurotlari haqida gapirib berdi:

— O'zbek mul`tfil`mlarining xalqaro festivallardagi ishtiroki biz uchun doim quvonarli hodisa. CHunki biz o'zimizning fil`mlarimizni salohiyati va sifatini malakali mutaxassislar baholagandagina aniq bilishimiz mumkin. Festivalning bosh sovrini bilan taqdirlanishimizni kutmagan edik. 

"G'ildirakli uy" animatsiyasi Dmitriy Vlasovning stsenariysi asosida yaratilgan. Mohiyat jihatidan bu fil`m nafaqat yosh tomoshabinni balki, kattalarni ham o'ylantirib qo'yadi va tarbiyalaydi. “Sexrli tanbur” animatsiyasi esa Obid Assomovning stsenariysi asosida yaratilgan murakkab badiiy ertak. Bunday natijalarga erishish oson bo'lgani yo'q, albatta. Buning uchun fil`mlarimizning yaratilishida ishtirok etgan barcha xamkasblarimga, do'stlarimga va ustozlarimga minnatdorligimni bildiraman.  

Festival` doirasida Markaziy Osiyo va Turkiya animatorlari bilan davra suhbati tashkil etildi. Bu uchrashuvda ekspertlar o'zbek mul`tiplikatsiyasiga bo'lgan qiziqishlari haqida gapirishdi. Qozog'istonlik do'stlarimiz aytishicha: “Fil`mlardagi o'zbek milliy naqsh va miniatyura san'ati elementlarining ishtiroki va ranglarning uyg'unligi barchamizga juda manzur bo'ldi. Milliy madaniyatingizni animatsiya san'ati orqali tanitishingiz biz uchun judayam quvonarli. CHunki xozirgi paytda zamonaviy tarzda ishlab, milliy madaniyatini shakllantirish, saqlab qolish ancha mushkul. O'zbek animatsiyasi salohiyati xozirda etakchi o'rinda turishi shuning uchun bo'lsa kerak. O'zbekistonda ham xalqaro animatsion fil`mlar festivali o'tkazilsa juda xursand bo'lib ishtirok etardik”. 

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.